Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Ta’lim hujjatlari dublikatini olish tartibi yanada soddalashtirildi

Ta’lim hujjatlari dublikatini olish tartibi yanada soddalashtirildi

Yurtimizda aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini yanada takomillashtirish, ularning shaffofligi va samaradorligini oshirish, fuqarolarga qulaylik yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali aholining vaqt va mablag‘ini tejash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 iyuldagi 395-son qarori bilan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Mazkur qaror fuqarolarga ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar dublikatini olish tartibini aniq belgilab berdi. Bunga ko‘ra, fuqarolar diplom, attestat, sertifikat yoki boshqa ta’lim hujjatlari yo‘qolgan, foydalanishga yaroqsiz holga kelgan yoki shaxsning familiyasi, ismi yoki otasining ismi o‘zgargan hollarda ushbu hujjatlarning dublikatini olish huquqiga ega.

Ma’lumki, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar fuqarolarning bilim darajasi va malakasini tasdiqlovchi muhim hujjatlar hisoblanadi. Shu bois ularni tiklash masalasi aholi uchun juda dolzarb ahamiyatga ega. Qaror bilan joriy etilgan tartib esa fuqarolarga ushbu masalani tez va qulay hal etish imkonini beradi.

Fuqarolar ushbu davlat xizmatidan ikki xil usulda foydalanishlari mumkin. Birinchisi — Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish orqali. Bu holda ariza beruvchi tegishli hujjatlar bilan markazga kelib murojaat qiladi va belgilangan tartibda arizasi qabul qilinadi.

Ikkinchi usul esa yanada qulay bo‘lib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda murojaat qilish imkoniyati yaratilgan. Elektron murojaat qilish fuqarolarga ortiqcha ovora bo‘lmasdan, uyidan chiqmagan holda xizmatdan foydalanish imkonini beradi.

Shuningdek, elektron tarzda murojaat qilinganda belgilangan to‘lov miqdorining 90 foizi undirilishi belgilangan bo‘lib, bu fuqarolarni elektron davlat xizmatlaridan keng foydalanishga rag‘batlantiradi.

Ariza vakolatli tashkilotlar tomonidan belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi. Hujjatlar to‘g‘ri taqdim etilgan taqdirda, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning dublikati tayyorlanadi va ariza beruvchiga beriladi. Fuqarolarning xohishiga ko‘ra, tayyor bo‘lgan hujjat pochta xizmati orqali manziliga yetkazib berilishi ham mumkin.

Mazkur tartibning joriy etilishi davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, eng muhimi aholiga qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi yildan-yilga kengayib, fuqarolar uchun yanada yengil va qulay bo‘lib bormoqda. Bu esa xalq bilan davlat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

D.Qutbidinov

,Izboskan tuman Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi sho‘ba mudiri

Улашинг: