BIR TAQDIR
Hikoya
(Davomi. Boshlanishi oldingi sonlarda)
— Ha sizni oldingizga chiqib adashmabman, koʻp narsadan xabaringiz boligini bilardim. Otasichi Muxtorjonaka sogʻayib ketganmi, qattiq bemor boʻlib yotib qolganda, bir marta ukangiz bilan koʻrgani borgandik, keyin negadir hech xabarim boʻlmabdi.
— Ha Muxtoraka koʻrmaganday boʻlib ketgan. Aʼloxonni bilasiz-ku, erkakshaddod ayol erini oyoqqa turgizib yubordi baraka topgur. Juda gururi baland ayol, birontadan yordam soʻramadi-ya, hamma ishga ulgurdi. Yana erini muolajalariga mehnat qilib pul yetkazib turdi. Soraxon jon koyitib gapirar, qiz haqida notoʻgʻri gap aytgan boʻlsa ham, lekin uning ota-onasi haqida toʻgʻri taʼrif berayotgan edi. Ammo Kumushxonayaning qulogʻiga gap kirmay qolgandi, u kelin masalasini uyga kirib hech kimsiz bafurja oʻylab koʻrmoqchi boʻlib, gapni qisqartirishga, suhbatga yakun yasashga hozirlandi.
— Voy essim koʻrsin choynakni plitaga qoʻyib chiqqandim, qaynayverib suvi tugab ketgandir, mayli boʻlmasa ovsinjon akamga salom deng, tez chiqay choynagim teshilib qolmasin tagin- degan bahona bilan shoshib hovlini tark etdi. Uyi tomon yurar ekan tarvuzi kultigidan tushib, «Shuring koʻrgur qiz buncha hozirdan bunaqa kasal ortirib olmasa, hali erga tegib bolali boʻlganda oilani qanday eplaydi bu ahvolda, hammadan bolamga nima deyman, endi koʻngliga yoqib turgandi-ya essiz. Yoʻq, yoʻq toʻxta, men birovni quruq gapiga ishonadigan anoyi emasman, ertaga yakshanba, dam olish kuni, borib koʻzim bilan aniqroq koʻrib kelaman, xulosa qilishga shoshilmasligim kerak bu umr savdosi.» — Xayol bilan qanday uyiga kirganiyu, qozon boshiga borib qolganini bilmay qoldi. Bu orada Nasiba oʻchoqqa oʻt kalab yogʻni dogʻ qilib oʻtirgandi.
— Oyijon bir zumda chiqaman deb buncha qolib ketdingiz, kech boʻlib qolmasin deb boshlab turgandim, dadam ham ishdan keldilar, charchagan shekilli keliboq ukamga tizzasini ukalatyotgandi.
— Dastyor qizim bor-ku deb oʻtiraveribmanda, endi borginda dadenga choy damlab tur qizim men ovqatni tezlashtiray hadamay akeng ham kelib qolar. Har kuni kech keladigan Tolibjon, bugun hech qayerni aylanmay toʻgʻri uyiga keldi. Kayfiyati alo, qoʻlida yangi chiqqan xandalakdan ikkita, Ota-onasi va ukalarga muzkaymoq, shokoladlardan olib uyga kirib keldi.
— Assalomu alaykum hammaga, dada hormang charchamay keldingizmi? Horgʻin koʻrinasiz, hammasi joyidami?
— Va alaykum assalom yaxshi keldingmi oʻgʻlim, ha endi bizi ishda maralniy charchaydi-da odam, buni ustiga hokimiyatga majlisga chaqirgandi, roppa-rosa toʻrt soat chuzilsa boʻladimi, miyam ogʻrib idoraga ham kirmay toʻgʻri uyga keldim. Oʻzingda nima gap, imtihon kaley oʻtdi, koʻnikarlimi ishqilib.
— Shunaqa desa ham boʻladi, ja 5 masku, bu safar 4 boʻldi baho.
— Iye bu qanaqasi, bu safardan keyin faqat besh busin a.
— xoʻp boʻladi.
— Voy akam kelibdi, zoʻr-ku mazza qilib xandalak yerkanmizda.
— ha, faqat ovqatdan keyin — dedi-yu oyisini oldiga oshxona tomonga qarab oshiqdi.
— Oyi assalomu alaykum, charchamayapsizmi? Bir oʻzingizga kiyin boʻldi-da. Qarashib yuboraymi?
— Va alaykum assalom, xoʻ qachondan beri meni gamimni yeydigan boʻlib qoldi bu yigitcha, tayyor ovqatga chaqirsak ham koʻchadan beri kelmasdi, bugun erta keptilarmi. Xullas momangni oldiga chiqolmadim.
— Nega?!
— Manzilini bilamanku, ertaga oʻzim borib, Aʼloxon bilan gaplashib, suhbatini olib kelmoqchiman. Yaʼni sovchilikka boraman.
— Toʻgʻri oʻylabsiz oyijon, meni ham ertaga hech qanday rejam yoʻq, oʻzim sizni mototsiklimda olib borib qoʻyaman, bahonada manzilini bilib olaman.- kuldi Tolibjon, u oʻzida yoʻq xursand edi. Tolibjon onasini Zebolarning mahallasiga olib bordi-da, onasining gapiga kunib, oʻzi koʻcha boshida qoldi.
Kumushxonayaning qoʻlidagi sovchilik tuguni unchalik ogʻir emasdi. Olti dona nonvoylar yopgan yumshoq yogʻli patir, yana toʻrt xil toza qand. Kumushxonaya dasturxon bobida juda farosatli ayol. Qayerga borsa ham alohida eʼtibor va did bilan, oppoq tur popukli tuguniga, dasturxonning koʻrki boʻladigan, mezbonga yoqadigan mahsulot tanlaydi. Darvoza yoniga yetib kelganda, tugunini shu yaqindagi bir tungakka qoʻydi-da, sumkasidan kichkina tosh oynasini olib yuzlariga bir qarab, boshidagi roʻmolini asta toʻgʻrilagan boʻldi. Ichkariga kirar ekan. Oʻsha bizga tanish boʻlgan yoqimli ifor, goʻzal manzara Kumushxon ayani ham befarq qoldirmadi. U rayhonning sehrli iforidanmi yoki sulim qishloqning musaffo havasidanmi banogox chuqur-chuqur nafas oldi. Hovli oʻrtasidagi oʻrik daraxtining soyasiga moslashtirib oʻrnatilgan soʻriga tugunini qoʻyib, hovliga sinchiklab razm soldi. Atrof saranjom sarishta, yozgi oshxona shkafidagi toza qilib yuvilgan idishlar ustiga doka tashlangan. Uzum soʻkchagiga ilingan suzma xalta tagiga lagancha qoʻyilgan boʻlib, unga tomayotgan tomchidan chak-chak deb tovush kelardi. Soʻrining bir burchagiga pakircha qoʻyilgan boʻlib, u toʻkilgan oʻriklar uchun moʻljallangan edi. Tomorqadagi mevali daraxtlar reja qilib ekilgan, shunday ekilganki, biri tugasa, biri pishib yetiladi. Bahordan boshlab to kech kuzgacha bemalol bahramand boʻladi kishi. Hammasidan eng yoqimlisi qirgʻoqda bir tekisda ekilib ifor taratayotgan jambilu-rayhonlar edi. Kumushxonga hamma gullar hididan ham, rayhon issi juda yoqardi. Bu oila boy, tanilgan boʻlmasa ham, saranjom-sarishtaligi, xonadon soxiblarining sodda va beguborligi Kumushxonni koniktirardi. Chunki kelin qilib olgach qizni oʻz qolipiga moslashtirib olishi osonroq kechadi degan fikrda edi. Faqat qiz xoʻp boʻladi deb tursa boʻlgani. Toʻy munosabati bilan orqasidan kelgan kalondimogʻ, odamni yuziga emas, kiyinishiga, uy-joylariga, jihozlariga eʼtibor qiladigan dugonalariga kelsak, bu qishloq buzilish arafasida turganligi butun tumanga maʼlumku, shuning uchun xavotirlanmasa ham boʻladi. Ha deganga «qudalarim yangi uchastkaga uy boshlab qoʻyishgan» deb qoʻy qoladi. Shunday uy- xayollarni dilidan oʻtkazib turib ham ediki, hovlining etak tomondan Aʼloxon koʻrindi. U sigirlarini sugʻorish bilan ovvora boʻlib, uyiga mehmon kirib kelganini ham sezmagandi.
— Aʼloxon, hoy Aʼloxon uyingizni oʻgʻri urib ketsayam bilmas ekansizda oʻrgilay- dedi hazil mutoyiba qilib Kumushxonaya.
— Iye, iye Kumushopammisiz voy tavba, keling, keling, voy oʻlmasam, mana hozir- Aʼloxonaya molxona
Uchun moʻljallangan eski xalatini yechar ekan, biroz oʻngʻaysizlandi. Chunki bu olifta ayolni oldida oʻzini ancha afgor sezardi. Qoʻllarini yuvdi-da tezda quchoq ochib koʻrishdi
— Assalomu alaykum opa, eson omonmisiz, pochcham, oʻgʻil qizlar yaxshi yurishibdimi, qaysi shamollar uchirdi bizni kulabamizga.
— Va alaykum assalom, Allohga shukr hammalari yaxshi, sizni bir koʻrgim kelib sekin kelaverdim Aʼloxon. Oʻzingizdan soʻrasak, uy ishlari bilan charchamay, sogʻ salomat yuribsizmi, Zeboxon, Muxtorakam hammalari tinch-omonmi, ha xonadoningizga kirdimu, havasdan dilim yayradi, baraka topgur cholingizni qoʻllari gulda, buni qarang yoʻq mevani oʻzi yoʻq mevali bogʻni oʻzginasiku, bizni domlani qoʻli faqat ruchka ushlashni biladi, ketmonni tanimaydi. Aʼloxonaya soʻri ustiga ichkari mehmonxonadan yangi baxmal toʻshaklardan olib chiqib tusharkan boshini sarak-sarak qilib Kumushxonni gapini maʼqullab, tabassum qilib turardi. Issiqkina koʻk choy damlab, yoniga qand-qurs, mayiz-bodom, ertalab yopilgan hali hovuridan tushmagan bursildoq nonlardan qoʻydi, bugungi yangi qaymoqdan piyolaga qoʻydi-da mehmonni yoniga shoshildi.
— Voy buncha urinmang Aʼloxon, ha keling oʻtiring bunday axir. Buni oching sovib qolmasin, Nonvoyga alohida buyurma qilib, har doimgidan ham yaxshiroq qilib yopinglar bu safar nonvoylarning piriga olib boraman degandim.
— Siz bir ikkida kelib yuribsizmi biznikiga. Ovvora boʻlib yana tugun koʻtarib olganingizchi, shundoq oʻzingiz kelaversangiz ham boshimiz koʻkka yetadi opa.
— Aytgancha, u kuni Saomatxonlarni toʻyida ikkalamiz ham qatnashibmiz-u, bir-birimizni koʻrmabmiz qarang.
— Ana boʻlmasa nahotki koʻrmadim sizni, doimgiday ikki xayolim uyda boʻlganda, uyida hayvoni bor odam, xuddi goʻdagini beshikka belab kelganday emizikli ayolday xavotirda oʻtirarkan. Biror joyda uzoq bexavotir oʻtirolmayman oʻzi opa. Shu payt eshik ochilib Zeboxon har kungiday boshiga bir tugun oʻtni qoʻyib kirib keldi. Ikki Xotin gapdan toʻxtab Zebo tomonga qarab jimib qolishdi. Zebo esa, xayol bilanmi, yoki eʼtibor bermadimi toʻgʻri molxona tomonga yurib, boshidagi tugunini qoʻydi. Shunda roʻmoli yechilib, turmakdagi maydalab urilgan uzun, tim qora sochlari orqasi bilan bitta boʻlib yoyildi. Soʻrida oyisi bilan bir begona ayol oʻtirganini sezdi-da, har doimgiday biror sovchi boʻlsa kerak deb oʻylab darrov qoʻllarini yuzlarini yuvib, hovli tomon bilan dugonasi Oʻgʻiloynikiga sekingina koʻchib ketmoqchi boʻlib turgandi.
— hoy Zeboxon qizim, qayoqqa?, kelgan mehmonni koʻrdingmi, ha salom bermisanmi bolam.
Zebo xohlamaygina soʻri tomonga yurdi. Bu ayol koʻziga juda issiq koʻrinsada, shu muddat hech essiga kelmasdi.
— Assalomu alaykum keling xola, kechirasiz kiyimlarim bir oz chang boʻlgani uchun darrov koʻrisholmagandim, men hozir- dedi-da chalaroq koʻrishib, toza koʻylak kiyib chiqish uchun uyga kirib ketdi. Shu tobda Kumushxonaya oʻz xayollari bilan band, qulogʻiga Aʼloxonning qiziga bergan dashnomlariyu, qizni uyalib mehmondan uzr surayotganiga eʼtibor bermasdi. U Zeboni koʻrinishi bilan hang mang boʻlib qolgandi. Ha u xuddi oʻsha singlisi Bibixonni qoʻyib qoʻygandek oʻzginasi. U nakadar latofatli, yulduz chehrali, charos koʻzli, qoʻngʻiroq tovushli goʻzal bir xilqat edi. » Ovsinim bekorlarni aytibdi, rang koʻr, hol sur deganlariday, bu qizni rangi boʻloq suviday toza, yanoqlari kip-qizil, soppa-sogʻ ekanku, xitmir ovsinim hech oʻzgarmadi, birovni gulday qiziga tuhmat qilganichi, xudodan koʻrkmaydi-ya megajin» deb ichida ovsini soʻkardi.
— Oyijon men qozon osay boʻlmasa, nima ovqatga urinay? Nakadar yoqimli edi bu ovoz, uning egnidagi yarashgan nim pushti rangli koʻylagi, oʻrtacha siynalarini pana qilib turgan qora tovar nimchasi, parcha jiyak qadalgan bejirim lozimlari oʻziga juda yarashgan edi.
— Qizim essingda yoʻqmi bu mehmon Kumushxolang boʻladi. Nasibaxon, Nigoraxon, Nodiraxon degan singillaringni onasi, kichkina qizaloqlik paytingda koʻp-koʻp borib turardik, ular bilan oʻynarding, endi hamma oʻz tashvishlari bilan boʻlib, borish-kelish ham uzoqlab ketdi, u tomonlarga yoʻlim hech tushmaydigan boʻlib qoldi. Shu payt Zebo bu begona ayolni eslab qoldi. Ikki kaftida yuzlarini tusib, —
— Voy Xola men sizni esladim, u kuni toʻyda davradan olib chiqqandingiz a, — Shahlo koʻzlari chaknab, xijolatdan yuzlari battar qizarib ketdi.
— Iye, toʻyda koʻrishganmidinglar, — ajablandi Aʼloxonaya- menga aytmadingku.
— Men xolamni tanimagandim, axir hech koʻrishmaganmizda.
— ha toʻgʻri men ham Zeboxonni sizni qizingiz ekanligini keyin birovdan eshitdim. Bunaqa suksurday qiz boʻlib ketganini qayerdan bilibman.- Kumushxonaya, xijolat tortib oʻzini qayerga olib koʻchishni bilmay turgan Zeboga qaradi- Keling qizim mana endi yaqindan tanishib olaylik, maktabni ham bitiribsiz deb eshitdim, kelgusi rejalaringiz qanday?
— ha… Menmi, men, oʻqishga tayyorgarlik koʻryapman. Hozir shahar maktabida ona-tili va adabiyotidan
Dars beradigan Sultonova Maqsudaxon opadan saboq olib, imtihonlargacha hamma oʻtilgan mavzularni qaytarib turibmiz.
— Uni qarang Maqsudaxonmi, taniyman bizni qoʻshni mahallada yashaydi. Birga bir maktabda ishlaymiz, oʻz kasbini fidoiysi, ustoz tanlashda adashmabsiz qizim. Kumushxonayaning koʻngli ancha toʻlganday edi. Kechagi pir boʻlgan hafsalasidan asar ham qolmagan. Kayfiyati koʻtarilib, tinmay kular, har gapiga hazil aralashtirib gapirardi. Gapga ustaligidan Aʼloxon ayaga hech navbat bermasdi. Suhbat ancha chuzildi. Bu orada Zebo achchikkina mastava pishirib, kosalarga suzdi, ustiga yangi uzilgan koʻkatlardan, suzmadan solib avval mehmonga, keyin onasiga uzatdi. Oʻzi esa mehmonni yonida uyalib, ichkarida yeyishga qaror qildi. Taom juda mazali chiqqandi, aynan Kumushxonayaga moslashtirib pishirilganday, ovqatni zavq bilan xoʻplar ekan, qizni pazandaligi uni yanayam quvontirdi. Ovqatlanib boʻlay deganda birdan nega bu xonadonga kelgani essiga tushib ketdi.
— Voy essim koʻrsin Aʼloxon, men oʻzi nega yoningizga kelganimni aytmabmanku, boshqa gaplar bilan boʻlib, asosiy masala bu yoʻqda qolib ketibdiku.
— ha opa masala deysizmi, hali vaqtimiz koʻp-ku, hali zamon pochchangiz keladilar, palov qilamiz.
— Aʼloxon, meni dikkat bilan eshiting. mening tashrifimni boisi, anchayin jiddiy. Voy shoshmang, aytgancha supurginglar qani?- yana hazil qoʻshdi.
— Iye, supurgi deysizmi, kech kirgandaya opa. Xuddi sovchilarni gapini aytasiz a- kuldi Aʼloxonaya.
— ha sovchi boʻlganimdan keyin, sovchilarni gapini aytamanda. Shu desangiz oʻsha toʻyda Zeboxonni koʻrdimu, dilimda bir shirin orzu tugʻildi. Oʻgʻlim Tolibjonni bilasiz, maktanishmasku untani uchtasiyu, uchtani biri, universitetga oʻz kuchi bilan kirib, hozirda ikkinchi koʻrsni tamomlayapti. Oʻqishga kirgandan boshlab kelin qidirishga tushganman. Menga yoʻqsa, oʻgʻlimga yoqmidi, oʻgʻlimga yoʻqsa, menga tushmaydi. Bu safar xudoni qudrati bilan oʻgʻlim ikkalamizni fikrimiz bir joydan chiqib qoldi. Agar taqdir nasib boʻlsa, Zeboxonni men oʻzim kelinmas qizlarimni biriday, qiz qilib olmoqchidim. Ishonchim komil Tolibjonga juda mos keladi. Shunga nima deysiz? Aʼloxonaya nima deyishini bilmay, ogʻizidagi ovqatini na chaynashni, na yutishni bilmay esankirab qoldi. Axir meni qizim bir sodda qishloq qizi boʻlsa, ustiga ustak bu Kumushxondey ayol bilan quda boʻlish… Yoʻq e, yetti uxlab tushiga kirmagan edi.
— ha egachi, nimaga indamaysiz yoki xudo saklasinu birontaga vaʼdalashib qoʻyganmisizlar?
— yoʻq, vaʼdalashganimiz yoʻq-ku ya, lekin Zebo hali yosh, uni ustiga oʻqishga kiraman deb astoydil
Tayyorlanyapti, keyin shahar sharoitiga koʻnikmagan. Toʻgʻrisi nima deyishimniyam bilmay qoldim.
— Ayni muddao-ku, mana bizni oilamizni bilasiz ziyolilar oilasi, er-xotin ikkalamiz ham oliy maʼlumotli odamlarmiz, kelajakda nafaqat farzandlarim, balki kelinlarimni ham oʻqitib maʼlumotli qilamiz degan niyatimiz yoʻq emas. Siz shoshilmang, men yana boshqa pochchangiz bilan kelaman. ungacha Muxtorakam bilan gaplashib bir tuxtamga kelarsizlar, biror hafta yetadimi oʻylab koʻrishinglarga, kelasi yakshanba kelsak nima deysiz? Aʼloxonaya butkul oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Qoʻllarini kaltirabgina sochiqqa artar ekan,
— Qaydam, qani dadasi kelsinlarchi- deb qoʻy qoldi. Koʻcha boshida qolib ketgan Tolibjon kuta-kuta sabrsizlanib, mototsiklida oʻsha mahallani bir necha bor aylanib chiqdi. Har aylanganida Zebolarni uyi qaysi biri ekan, onasi qaysi eshikdan chiqar ekan, Aʼloxonayadan qanday javob olarkan, hammadan ham Zeboni Yana bir koʻrarmikanman degan uylar vujudini qiynar edi. Va nihoyat onasi uzoqdan koʻrinib qoldi. U toqatsizlanib ulovini oʻt oldirmay oyoqlari bilan boshqarib onasi tomonga yurdi. Onasining yorishgan chehrasini koʻrib koʻngli oz-moz taskin topganday boʻldi.
— Oyijonim ishlar beshmi, uzoqlab ketganligizdan endi xavotirga tusha boshlagandim, bormisiz?
— ha bolam Xudo xohlasa hammasi yaxshiga oʻxshayapti, qani hayda kettik, uyda otangni oldida bafurja gapirib beraman. Tolibjon, kechagi oʻzaro oilaviy majlisday oʻtgan suhbatdan soʻng, Zeboni kun ora qoʻshni mahalladagi Maqsudaxon muallimanikiga darsga kelishini bilib olib, oʻzicha oʻqish va ishlardan holiroq biror kunni tanladi-da, tongda egniga sport kiyimini kiyib, uyidagilarga oʻzini xuddi yugurgani chiqqan sportchilarday koʻrsatib koʻchaga chiqdi. Ozroq yugurgan boʻldi-da, maqsadga koʻchdi yaʼni Zeboni yoʻliga qarab turdi. Oradan biror ikki soatlar oʻtdi chamasi, lekin qizdan darak yoʻq edi. Nailoj, toqqa chiqmasang dulona kayda, jondan kechmasang jonona kayda deganlariday, kutishni davom etdi. Agar yaqindan tanishadigan boʻlsak, yigitimiz Tolibjon juda gapga chaqqon, baʼzi uyatchang yigitlardek tortinib oʻtiradigan odati yoʻq edi. U oʻta churt kesar, odam bilan muomalani kotirib gaplashadiganlar xilidan. Sevishib, gaplashib yuradigan qizlarini sanogi yoʻq, lekin birontasini ham turmush oʻrtoqidek sharafli unvonga loyiq deb bilmasdi. Agar toʻylardami, yoki koʻcha-koʻydami unga biron qiz yoqib qolguday boʻlsa, oʻrtoqlari bilan garov oʻynab birinchi suhbatdayoq ijobiy javob olardi. Lekin, endi bu safar ….. Bu safar masalaga jiddiy qarayotgandi. Hali bironta yaqin sirdosh doʻstiga ham bu qiz haqida ogʻiz ochmadi. Qandaydir yashirgisi keldi, boshqa bironta eʼtibor berishini xohlamagandi. Zeboni koʻrganida yuragi har qachongidanda boshqacha zarb
Bilan urib, shunda kalb amriga quloq solishga ahd qilgandi. Soat ancha oldinlab qolgan boʻlishiga qaramay Tolibjon sabr bilan kutib turardi. U bir narsaga qaror qildimi oxiriga yetkazmaguncha koʻngli toʻlmaydi. Bugungi kunini u alohida Zebo bilan tanishish uchun ajratgan. Ana nihoyat Maqsudaxon muallimani eshigi oldida ikki qiz paydo boʻldi. Birini boʻyi pastroq kastyum yubka kiygan, oliftaroq, ikkinchisi boʻylari balangina havorang nafis koʻylak kiygan edi. Ha shunisi Zebo, uning orqasi bilan toʻlib turgan uzun sochlaridan tanidi. Endi darsga kelgan boʻlsa, dars jarayoni ikki
— uch soatlar chuzilsa, uyga kirib choy-poy ichib, uydagilardan xabar olib chiqishga ulgiraman degan reja bilan uyi tomonga odimladi. Axir nonushta ham qilmagan edi-da. Uyga kirgach, oshxonaga bordi-da darrov ovqat qilishga tushdi, ha Tolibjon bu masalada ham aʼlo baholi yigit, oilada tungich farzand boʻlganligi uchun onasi ishdalik paytlarida ukalariga oʻzi mazali taomlar pishirib beradi. Oilasidagilar Tolibjon pishirgan ovqati hatto onasi pishirgandan ham mazali ekanligini koʻp bor tasdiklashgan ham. Bugun bir oz shoshib turgani uchun, tezroq pishadigan tovuq goʻshtidan kartoshkali dimlama pishirib qoʻyaqoldi. Tashqarida uy ichidan bir qoʻlida koʻrakcha, bir qoʻlida supurgi bilan Nasiba chiqib keldi. U oshxona ichida qozon oldida turgan akasini koʻrib sevinganidan akasini maktay ketdi:
— Voy meni akajonim hammadan yaxshida, endi nima ovqat pishirsam ekan deb oʻylab turgan edim, ovqatingiz tayyor-ku, Men darrov dasturxon tayyorlay, oyim kelsalar xursand boʻladilar.
— Syim kelsa oʻzinglar tovaga suzib yersizlar men shoshib turibman. Tolibjon bir likopchaga ovqatdan ozgina soldi-da, turgan joyida taomlandi. Soʻng xonasiga kirib, yangi urf boʻlgan jinsi shimini, oʻsha payt olifta yigitlari kiyadigan yoʻqasi katta, tagi oq koʻk yirik gulli koʻylagini kiydi, qoʻngʻiroq qalin qora sochlarini tarab, erkaklar uchun maxsus atirdan sepib, xush kayfiyat bilan sevgilisi tomonga oshiqdi.
— Yana oʻsha kutish, hech bir qizni shunchalar orziqib kutmagan Tolibjon bugun boshqacha hayajon bilan qarab turardi. Oradan yana yarim soatlar oʻtgach, oʻsha havorang koʻylakli qiz oʻqituvchisi bilan koʻchaga chiqishdi. Muallima Zeboga qarab, qoʻllari bilan har xil mimikalar qilib, bir nimalarni yana uzoq tushuntirdi-da, soʻng xayrlashishdi. Tolibjon tez-tez qadamlar bilan oʻsha tomonga qarab yurdi. Zeboning yoniga yaqin qolganida.
— Zebo, Zeboxon sizni mumkinmi?-dedi Tolibjon, Zebo orqasiga qaradi, notanish bir yigit? Qiziq ismini aytib chaqirishiga qaraganda uni tanirkanda, bu atrofda hech qanday tanishi yoʻq Zebo bu yoqimtoy yigit kim ekan deb hayron boʻldi-da, toʻxtadi.
SHAXNOZA
(Davomi bor)
