Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Takroriy guvohnomalar berish tartibi

Takroriy guvohnomalar berish tartibi

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaga muvofiq, FHDY organi tomonidan manfaatdor shaxslarning arizalariga ko‘ra va qayd etilgan dalolatnoma yozuvlari asosida takroriy guvohnoma va ma’lumotnomalar beriladi.

Dalolatnoma yozuvlari boshqa FHDY organida qayd qilingan bo‘lsa, manfaatdor shaxsning takroriy guvohnoma va ma’lumotnoma berish haqidagi arizasi ushbu ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organiga yuboriladi.

Dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi tegishli arizani qabul qilib olgan vaqtdan boshlab ikki ish kuni ichida dalolatnoma yozuvini arizadagi ma’lumotlar bilan solishtirgan holda elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi.

Ariza beruvchidan takroriy guvohnoma berish haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi tegishli tasdiqnomani olgan vaqtdan boshlab bir soat ichida dalolatnoma yozuviga guvohnoma seriyasi va raqamini kiritadi.

Bunda, takroriy guvohnoma dalolatnoma yozuvida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida o‘zgarishsiz chop etiladi va guvohnomaning ichki qismi o‘ng tomonining yuqori qismiga “takroriy” deb belgi qo‘yiladi.

Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomalar va takroriy guvohnomalar fuqaroning o‘ziga, voyaga yetmagan shaxslarning qonuniy vakillariga yoki notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning arizasi asosida beriladi.

Chet elda yashovchi fuqaro tomonidan berilgan hamda chet tilida tuzilgan ishonchnoma belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan bo‘lishi lozim.

Vafot etgan shaxslarga nisbatan tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar berilmaydi. Vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo‘rlariga ularning murojaatlariga asosan vafot etgan shaxsning tug‘ilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.

Nikoh qayd etilganligi hamda nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnoma yoki ma’lumotnoma dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxslarning o‘zlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning arizasi asosida beriladi.

Zarur hollarda, nikohlangan yoki ajrashgan shaxslarning ota-onalari va farzandlariga ularning arizasi asosida nikoh tuzilganligi yoki nikohdan ajralganlik qayd etilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.

Nikoh tuzilganligi haqida dalolatnoma yozuvida nikohdan ajralish qayd etilganligi haqida belgi bo‘lgan hollarda takroriy guvohnoma berilmaydi. Bunda avvalgi nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi asosida ma’lumotnoma beriladi.

O‘lim haqidagi takroriy guvohnomalar yoki ma’lumotnoma marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxo‘rlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning arizasi asosida beriladi.

Takroriy guvohnoma yoki ma’lumotnoma olish uchun shaxs FHDY organiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatining aslini ko‘rsatgan holda murojaat qiladi.

Tegishli dalolatnoma yozuvi FHDY organida mavjud bo‘lmagan hollarda, takroriy guvohnoma yoki ma’lumotnoma berish haqidagi ariza ushbu FHDY organida tegishli dalolatnoma yozuvi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma bilan birga, dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasi saqlanadigan FHDY arxiviga yuboriladi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada yuritilgan holatlar bundan mustasno.

S.Axmedov,

Xonabod shahar Davlat xizmatlari markazi boshlig`i 

Улашинг: