Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Ustama to’lanadi

Endi maktab direktorlari va ularning o’rinbosarlari oylik ish haqiga 50 foizgacha ustama to’lanadi agar ular …!

         O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 25.12.2023-yildagi “Davlat umumiy o`rta ta’lim muassasasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o’quv kurslarida o’qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash to’g’risida”gi 681-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko’ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o’rgatish milliy-tadqiqot institutida O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o’rta ta’lim muassasasi direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o’quv kurslarida o’qitish hamda maxsus portal orqali menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega bo’lgan nomzodlar orasidan maktab direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi va bunda maktab direktori vakant lavozimlariga faqat sertifikati mavjud bo’lgan hamda shakllantirilgan nomzodlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar orasidan tanlab olinadi. 2024-yil 1-sentabrdan boshlab esa menejerlik sertifikatiga ega bo’lgan maktab direktorlariga – 50 foiz, maktab direktori o’rinbosarlariga esa – 30 foiz miqdorida lavozim maoshiga har oylik qo’shimcha ustamalar to’lanishi belgilandi. Nomzodlarni menejerlik o’quv kurslarida o’qitish va ularga menejerlik sertifikatlarini berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 681-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan amalga oshiriladi. Eng e’tiborlisi shundaki, ta’lim menejment mutaxassisligi bo’yicha magistr darajasiga ega bo’lgan nomzodlar menejerlik sertifikati olish uchun davomida o’qitiladigan 144 soat bo’lgan o’quv kurslarida o’qimasdan sertifikat olish bo’yicha test sinovlarida ishtirok etishlari mumkin. Ta’limda menejment ixtisosligi bo’yicha ilmiy darajaga ega bo’lgan nomzodlar uchun sertifikat ularning arizasiga asosan to’g’ridan – to’g’ri berilishi ko’zda tutilgan. Menejerlik sertifikatlarini olish uchun o’quv kursida o’qish niyatida bo’lgan nomzodlar kamida bakalavr darajasiga ega bo’lishi va maktab direktorlari uchun belgilangan malaka talablariga muvofiq bo’lishi lozim. O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 16.08.2023-yildagi 247-sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan malaka tavsiflariga ko’ra, umumta’lim maktabi direktori lavozimiga asosiy talablar nomzodlarning pedagogika yo’nalishida oliy, bakalavr darajasiga, kamida 5 yildan kam bo’lmagan pedagogik ish staji va komputer savodxonligi bo’yicha yetarli ko’nikmaga ega bo’lishi talab etiladi. O’quv kursida o’qimoqchi bo’lgan nomzodlar har oyning
5-sanasiga qadar (iyul-avgust oylari bundan mustasno) maxsus portal orqali ariza bilan murojaat etishlari mumkin bo’lib, o’quv kurslariga jalb etiladigan nomzodlar ro’yxati ularning arizasiga asosan A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o’rgatish milliy-tadqiqot instituti tomonidan shakllantiriladi va tasdiqlanadi. Umumta’lim maktabi direktori lavozimiga nomzodlarning menejerlik sertifikatini olish uchun o’quv kurslarida o’qishi nomzodlarning o’zidan, reja-taqsimotga kiritilgan maktab direktorlarini o’qitish harajatlari respublika byujetidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilagan mablag’lar hisobidan A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o’rgatish milliy-tadqiqot institutining harajatlar smetasida nazarda tutilgan holda amalga oshiriladi. Direktorlarning o’qishi davrida ularning asosiy ish joyi va o’rtacha ish haqi saqlanib qolinishi bilan bir qatorda ishdan ajralgan holda o’quv kurslarida ishtirok etish uchun yuborilgan direktorlar uchun xizmat safari bilan bog’liq harajatlar ularning asosiy ish joyidan qoplanadi.

 B.Qodirov,

Xonabod shahar adliya bo‘limi boshlig’i

Улашинг: