Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

(заголовок)

  1. Gulnora Mahkamova
    Keksaygan chogʻing

Tashlarkansan asta qadaming
Ichga yutib hasrat alaming
Aytolmaysan ogʻriq dardlaring
Yolgʻiz qolsang keksaygan chogʻing

Uyuladi bolang qovogʻi
Pichirlaydi ne deb dudogʻi
Azob berar yoshlik qiynogʻi
Yolgʻiz qolsang keksaygan chogʻing

Qochar ekan tunlari uyqu
Tark etmas hech bolalik tuygʻu
Hamroh boʻlar yoningda mangu
Yolgʻiz qolsang keksaygan chogʻing

Ohirating oÿlab qolasan
Qalb ogʻritmay soʻylab qolasan
Ortginangga boʻylab qolasang
Yolgʻiz qolsang keksaygan chogʻing

Aytar soʻzing tanho xastalik
Qilolmaysan bir dam erkalik
Orzularing faqat bolalik
Yolgʻiz qolsang keksaygan chogʻing

 

Nafaqaga yetsang

Ish joyingni zimdan koʻzlashar
Bir chekkada pinhon soʻzlashar
Qanday aytish yoʻlin izlashar
Nafaqaga yoshing yetsa gar

Turtkilashib diling ogʻritar
Yonib turgan koʻngling sovutar
Shirin soʻzi qalbing ovutar
Nafaqaga yoshing yetsa gar

Sen ham boʻlgin mendayin dersan
Ba’zan osmon ba’zida yersan
Oʻz kasbingda tengi yoʻq shersan
Nafaqaga yoshing yetsa gar

Alam toʻla dardlaring yutub
Shogirdlaring qoʻlidan tutib
Boqarkansan mehrini kutib
Nafaqaga yoshing yetsa gar

Seni hech kim mendek tushunmas
Ular uchun joÿing boʻlsa bas
Yoshlikdayin noz qarash boʻlmas
Nafaqaga yoshing yetsa gar

Yoningda boʻlsa

Osudadir tunlaring sokin
Shamol yelar kunlaring mayin
Tan olasan baxting tinmayin
Farzandlaring yoningda boʻlsa

Koʻcha tomon boʻylamas koʻzing
Oʻz oʻrnidan adashmas soʻzing
Nur taratar bu shirmoy yuzing
Farzandlaring yoningda boʻlsa

Tongda turib shukur qilasan
Ular koʻrib huzur qilasan
Boʻhtonlarni ma»zur qilasan
Farzandlaring yoningda boʻlsa

Hech narsadan qoʻrqmaysan zinhor
Koʻksing kerib turasan viqor
Oʻpib suyib uygʻotar nahor
Farzandlaring yoningda boʻlsa

Gʻanimlarga otmaysan toshing
Egilmaydi magʻrur bu boshing
Sogʻinchlardan oqmas koʻz yoshing
Farzandllaring yoningda boʻlsa

 

Ustozlar

Qarshi olar har tong suyib bizlarni
Erkalab ovutib oʻgʻil-qizlarni
Davomchingiz boʻlay deyman sizlarni
Baxtimga bor boʻling aziz ustozlar

Kechiring ranjitsam behos dilingiz
Bol tomar bunchalar shirin tilingiz
Sevaman chin qalbdan doim bilingiz
Baxtimga bor ɓoʻling aziz ustozlar

Berasiz beminnat barcha mehringiz
Oʻziga jalb etar qanday sehringiz
Topmadim olamda sizning tengingiz
Baxtimga bor ɓoʻling aziz ustozlar

Erinmay berdingiz bizlarga ta’lim
Kutmoqda oldinda deya ish azim
Qoʻllarim koʻksimda qilaman ta’zim
Baxtimga bor boʻling aziz ustozlar

Gullola Sherboyeva

Qoʻllasa agar

Koʻpaymas yumushlaring
Unutib tashvishlaring
Kelar shodon yashaging
Yoring qoʻllasa agar

Uzogʻing boʻlar yaqin
Yuzlaring misli yorqin
Sochar koʻzingda uchqun
Yoring qoʻllasa agar

Farzandlaring baxtiyor
Gullaring sochar ifor
Qish oʻrning olar bahor
Yoring qoʻllasa agar

Har dam baxtli boʻlasan
Uy, joy, taxtli boʻlasan
Vafo, ahdli boʻlasan
Yoring qoʻllasa agar

Yurak chekmaydi ozor
Kutib qalbing intizor
Koʻz yosh toʻkmaysan zinhor
Yoring qoʻllasa agar

Achinmaysan hayotda
Yashab toʻkis rohatda
Boʻlmaysan hech hilvatda
Yoring qoʻllasa agar

Gulnora Mahkamova

Qilmagin qaram

Oʻzingsan yagona oʻzing mukarram
Karami keng aziz tanho muhtaram
Yaratgan binolar baland muhtasham
Oʻzingdan oʻzgaga qilmagin qaram

Kechirgin ne boʻlsa mening gunohim
Soʻrayman yalinib sendan Ollohim
Suyangan umidim oʻzing panohim
Oʻzingdan oʻzgaga qilmagin qaram

Boshimga ne kunlar solmadi taqdir
Bariga chidadim ne qilay axir
Gohida yigʻladim koʻtarmay oxir
Oʻzingdan oʻzgaga qilmagin qaram

Oyogʻim ostiga tikon sochdilar
Ortimdan gapirib pinhon qochdilar
Kimlardir mehr ila bagʻrin ochdilar
Oʻzingdan oʻzgaga qilmagin qaram

Ba»zida egildim boʻynim ham qilib
Ba’zida kurashdim kuchim jam qilib
Uxlolmay kechalar roʻzgʻor gʻam qilib
Oʻzingdan oʻzgaga qilmagin qaram

Egildim, bukildim, sinmadim ammo
Tan oldim qayerda men qildim xato
Pastlikka ming shukur boʻlmay mubtalo
Oʻzingdan oʻzgaga qilmagin qaram

Qizim Gullolaga

Onamdayin mehribon
Tillari shirin biyron
Kular yanogʻi shodon
Boringga shukur qizim

Xonadonim sen ori
Dildan ketar gʻubori
Faslim koʻklam bahori
Boringga shukur qizim

Sensiz menga dunyo tor
Alloh boʻlsin madadkor
Aytgim keladi takror
Boringga shukur qizim

Koʻrganda seni doim
Yodimga tushar oyim
Baxtli boʻlgin ilohim
Boringga shukur qizim

Gulnora Mahkamova

Hayot boʻlganda

Yopilardi tongda issiq non
Kelar edi har kuni mehmon
Oʻtar edi onlarim shodon
Onajonim hayot boʻlganda

Oʻylamasdim roʻzgʻor tashvishim
Quvnab yayrash edi yumushim
Chang ɓoʻlmasdi oyoq kovushim
Onajonim hayot boʻlganda

Oʻkinch nima bilmasdi koʻnglim
Xush kalomin ayamas tilim
Yosh boshginam koʻrmasdi oʻlim
Onajonim hayot boʻlganda

Farzandlarim quchardi yonib
Peshonasin oʻpib quvonib
Silar edi boshim uygʻonib
Onajonim hayot boʻlganda

Uyim toʻla oʻsar rayhonlar
Boʻy taratib boʻlmas payhonlar
Boqib unga boʻlar hayronlar
Onajonim hayot boʻlganda

Gulnora Mahkamova

Ustozim

Yoʻllarim yoritar chirogʻim
Iforin taratar gulbogʻim
Olaman sizlardan sabogʻim
Bor boʻling dunyoda, ustozim!

Siz borki, yorugʻdir bu olam
Qalblardan ketadi dard, alam
Yurtimda siz aziz mukarram
Bor boʻling dunyoda, ustozim!

Ezgulik yoritar dillarda
Nomingiz muqaddas tillarda
She’r, bayot taralar ellarda
Bor boʻling dunyoda, ustozim!

Havasim ortadi sizlarga
Oʻxshagim keladi sizlarga
Bosh boʻling hamisha bizlarga
Bor boʻling dunyoda, ustozim!

  1. Gulnora Mahkamova

Улашинг: