Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

SAVOL BERING, JAVOB BERAMIZ

Savollarga Jalaquduq tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

Axmadjonov Boburbek javob beradi:

SAVOL: To‘liq ish yili hisobidan xodim mehnat ta’tili olib bo‘lgan va ish yili tugamasdan turib mehnat shartnomasi bekor qilindi. Ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun haq ushlab qolinishi kerak. Bu haq har qanday holatda ushlab qolinadimi?

JAVOB: Mehnat Kodeksining 164-moddasiga asosan, xodimning roziligidan qat’iy nazar, mehnat haqidan ushlab qolinadigan vaziyatlar bor. MK 164-moddaning 4-bandiga muvofiq hisobidan xodim ta’til olib bo‘lgan ish yili tugamasdan turib mehnat shartnomasi bekor qilinganda, — ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun, xodimdan so‘ramasdan va uning roziligisiz ish haqidan ushlab qolinadi. Lekin har qanday holatda ham ushlab qolish imkoni yo‘q. MK 164-modda 4-bandining davomida: “ana shu kunlar uchun haq mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 89-moddasining to‘rtinchi qismida, 100-moddasi ikkinchi qismining 1 va 2-bandlari, 106-moddasining 1 va 2-bandlarida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra, shuningdek o‘qishga kirganligi yoki pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan bekor qilinganda ushlab qolinmaydi” deyilgan. Demak, agar mehnat shartnomasi: -xodim yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli (MK 89-modda 4-qism); -texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi sababli (100-modda 2-qism 1-band); -xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiqligi sababli (100-modda 2-qism 2-band); -xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganligi sababli (106-modda 1-band); -shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga tiklanganligi yoki Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati yohud senator avvalgi ishiga qaytganligi sababli (106-modda 1-band); -o‘qishga kirganligi yoki pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan (99-modda 5-qism) bekor qilinadigan bo‘lsa, “avans” sifatida berilgan ta’til haqini ish haqidan ushlab qolib bo‘lmaydi.

SAVOL. Bola parvarishlash ta’tiliga chiqqan xodim o‘rniga boshqa shaxsni ishga olish mumkinmi?

JAVOB: Mehnat kodeksining 234-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi 2 yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi. Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. mazkur kodeksning 105-moddasida ish joyi (lavozimi) saqlanishi lozim bo‘lgan xodimning ishda bo‘lmagan vaqtiga mo‘ljallab tuzilgan mehnat shartnomasi shu xodim ishga qaytgan kundan e’tiboran bekor qilinishi belgilangan. Shunga ko‘ra, bola parvarishiga chiqqan xodim o‘rniga boshqa shaxsni ishga olish mumkin hisoblanadi. Faqat, yangi xodimni ishga qabul qilish bo‘yicha buyruqda mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilganligi ko‘rsatilishi kerak va yangi xodim dekretga ketgan xodim ishga qaytgunigacha u joyda ishlashi mumkin.  

SAVOL: Ta’tilni uzaytirish yoki uni boshqa muddatga ko‘chirish tartibi qanday?

JAVOB: Xodimlar quyidagi hollarda ta’tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga egadirlar: — vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida; — homiladorlik va tug‘ish ta’tili muddati boshlanganda; — yillik ta’til o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda; — davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganda, basharti qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda bunday vazifalarni bajarish uchun xodimni ishdan ozod etish nazarda tutilgan bo‘lsa. Agar ta’tildan foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar ta’til boshlangunga qadar kelib chiqqan bo‘lsa, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan ta’tildan foydalanishning yangi muddati belgilanadi. Bunday sabablar ta’til davrida kelib chiqqan hollarda ta’til tegishli kunlar soniga uzaytiriladi yoki xodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chiriladi.

Улашинг: