
Butun dunyoda bola huquqlarini maxsus himoya qilish zarurati dastlab Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill, shuningdek bolalar manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning tegishli hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Xususan, 1959 yilgi Bola huquqlari deklaratsiyasida har bir bola uchun hech qanday kamsitish va cheklashlarsiz butun boshli huquqlar majmui mustahkamlangan.
Ushbu Deklaratsiya asosida 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bola huquqlari sohasidagi birinchi majburiy xalqaro hujjatdir. Mazkur hujjatda insoniyatning uzviy bo‘lagi sifatida tan olingan bolalarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlari kafolatlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunnning ertasiga mamlakatimiz BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Bu muhim dalil yurtimizda bolalarga bo‘lgan yuksak e’tiborning o‘ziga xos namunasidir.
Jahonning aksariyat mamlakatlarida yozning ilk kuni bolajonlar uchun katta bayram hisoblanishini alohida ta’kidlash lozim. Binobarin, 1949 yilda Parijda Xotin-qizlar xalqaro demokratik federatsiyasining kongressi bo‘lib o‘tgan. Ushbu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi chaqiriq yangragan.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha bolalarning sog‘ligi va tinch-xotirjam hayotini saqlash dolzarb muammoga aylangan edi. Shu tariqa 1950 yildan e’tiboran 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshladi. Bundan ko‘zlangan maqsad bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga e’tibor qaratishdir.
Har qanday ota-ona bolasining huquqlari to‘la ta’minlanib, jondek aziz farzandi sog‘lom, zehnli, kasb-hunarli va el-yurtiga sodiq bo‘lib voyaga yetishini istaydi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlangan.
Asosiy Qonunimizning 77-moddasida “Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar” va 78-moddasida, jumladan, Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir ekani belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiyaning 79-moddasida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi”deb ko‘ratib o‘tilgan.
Milliy qonunchilik tizimida bola huquqlariga oid qonunlar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ushbu sohada 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bu borada, ayniqsa, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjatda, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oilaviy muhit va jamiyatga integratsiyalashuvi, uy-joyi, ijtimoiy himoyasi hamda ta’lim olishi bilan bog‘liq huquqlari kafolatlangan.Bundan tashqari, O‘zbekiston bola huquqlariga oid o‘nga yaqin xalqaro shartnomaga qo‘shilgan. So‘nggi yillarda mamlakatimizda bola huquqlari kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi. Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilandi. Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi va boshqa ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 2019 yil 7 dekabrda “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun matbuotda e’lon qilindi. Mazkur Qonun bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatni ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Shu asosda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga va Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
Bu borada O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari alohida va doimiy e’tiborda turibdi.
Ayniqsa, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini bajarish borasida katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunnning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi tahriri qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangi Qonun O‘zbekistonda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, bolalarning ta’lim olish huquqlarini mustahkamlashga xizmat qilayapti.
Bularning barchasi mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi izchil islohotlar o‘z samaralarini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu, o‘z navbatida, farzandlarimizni har tomonlama munosib vorislar etib tarbiyalash nuqtai nazaridan juda ham muhim.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, bolani ijtimoiy himoya qilish, sog‘ligini saqlash, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ilmiy, ijodiy, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, noyob iqtidori yuzaga chiqishiga ko‘maklashish kabi sohalarda ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Yanada muhimi, ehtiyojmand oilalar farzandlari, yetim va nogironligi bo‘lgan bolalarning huquqlarini har tomonlama ta’minlash davlat va jamiyatning doimiy e’tiborida turibdi.
Sh.Abduraxmonov,
Izboskan tumani adliya bo‘limi boshlig‘i
