Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Maktabgacha ta`lim tizimi: Yangicha yondashuvning samarali natijalari

Mustaqillik yillarida ta`lim va tarbiya tizimi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo`nali­shi darajasiga ko`tarilgani natijasida mamlakatimizda noyob, uzluksiz ta`lim tizimi barpo etilmoqda. Biz shunday sharoitda zamonaviy, teran fikrlaydigan intellectual va madaniy-estetik qadriyatlarga o`zining mukammal bilimi va tajribasi nuqtai nazaridan yondasha oladigan barkamol avlodni tarbiyalashni bosh maqsadimiz deb bilar ekanmiz, buning mas`uliyatini astoydil his qilish bizning oldimizda turgan ham murakkab, o`z o`rnida sharafli vazifa ekanligini unitmasligimiz talab etiladi.

Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma`naviy mezon va qarashlar-yaxshilik, ezgulik, oliyjanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir. Shunday ekan, biz oiladan boshlab bolalarga Vatan oldidagi burchi, ota-ona oldidagi vazifasi, odamiylik fazilatlarini o`rgatishni e`tiborga olsak, aynan shu davrda bola qalbida va ongida oiladagi va maktagacha ta`lim muassasasidagi muhit ta`sirida ma`naviyatning ilk kurtaklari namoyon bo`la boshlaydi.
Ta`limning poydevori qo`yiladigan dastlabki bo`g`ini hisoblanmish, maktabgacha ta`limda bola bolani sog`lom, har tomonlama kamol topib shakllanishi ta`minlanadi, bolada o`qishga intilish hissi uyg`onadi, uni muntazam ta`lim olishga tayyorgarlik jarayoni amalga oshiriladi.
MTT tarbiyalanuvchilarining ongida g`oyaviy bo`shliq paydo bo`lishiga yo`l qo`ymaslik, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo`shadigan barkamol avlodni voyaga yetkazish yo`lidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirish, maktabagacha ta`lim muassasalarida tashkil etilayot­gan ta`lim-tarbiya jarayonlarining barcha jabhalarini qamrab olishi zarur bo`lib, mazkur jarayonda o`rganilayotgan tushunchalarga nisbatan tarbiyalanuvchining qiziqishini shakllantirish va rivojlantirishda ularning faolligini oshirishni ta`minlash aynan biz pedagoglarning zimmamizdagi muhim vazifa hisoblanadi.
Zero, Prezidentimiz ta`kidlaganlaridek, Ta`lim O`zbekis­ton xalqi uchun yaratuvchanlik faoliyatini baxsh etadi. O`sib kelayotgan yosh avlodning barcha eng yaxshi imkoniyatlari unda namoyon bo`ladi, uning qobiliyati uzluksiz rivojlanadi, kattalar tajribasidan oziqlanib voyaga yetadi. Pedagogning bilimi, mahorati qizg`in mehnati barkamol avlodni tarbiyalashga, ularda faollik, tashabbuskorlik, ijodkorlik kabi hislatlarini va ma`naviy ongini shakllantirishga qaratilgan. Aynan bugun tarbiyachi-pedagoglaning mustaqil izlanishi va o`z ustida tinimsiz ishlashi kechiktirib bo`lmaydigan talablardan biri ekanligi biz uchun a`yon.
Har bir yosh davrining psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda bolalarga tarbiyaviy ta`sir o`tkazish natijasida o`z vaqtida o`zini anglash hissi vujudga keladi. Bolada o`zini anglash tuyg`usi qancha erta uyg`onsa, uning barcha aqliy, ruhiy, ijtimoiy imkoniyatlarini baholash va his etish tez namoyon bo`ladi. Har qaysi davr­da bola rivojlanishining o`ziga xos qulay holatidan unumli foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bolalarning asosiy faoliyati o`yin hisoblanishini inobatga olgan holda biz ta`lim-tarbiya jarayonini albatta o`yin tarzida tashkil etmog`imiz zarur. O`yinning har qaysi turi bolalar dunyoqarashini tubdan o`zgartiradi va ularni fikrlashga chorlaydi. Ularni mashg`ulotda olgan bilimlarini real holatda o`z shaxsiy tajribasiga tayanib amaliyotda qo`llashlari uchun imkoniyat yaratadi, ularda bilish jarayonlari faoliyati tezlashuvini tartibga solish uchun xizmat qiladi. MTTlarga borib bolalar faoliyatini kuzatish jarayonimizda tajribalarimiz shuni ko`rsatdiki, biz o`yinlarni olib borishda quyidagi talablarga rioya qilishimiz zarurligini ham unitmasligimiz zarur:
1. Tanlangan o`yinlar tarbiyalanuvchilar yosh va individual xususiyatlariga mos kelishi.
2. Har bir o`yin pedagogig-psixologik jihatdan asoslangan bo`lishi.
3. Bir xil o`yinlarni ko`p marotaba takrorlamaslik.
4. O`yinning ta`limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi jihatlariga e`tibor qaratish.
5. O`yin jarayonida faol ishtirok etgan bolalarni rag`batlantirish.
Xulosa sifatida shuni aytishimiz joizki, 2016-yil 29-dekabrda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021-yillarda Maktabgacha ta`lim tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to`g`risida» gi qarori hamda, maktabga­cha ta`lim muassasasi faoliyatini tartibga solish uchun bevosita xizmat qiluvchi «Ilk qadam» Dasturi qabul qilindi. Mazkur hujjatlar uzluksiz ta`lim tizimining ilk bo`g`inini yanada takomillashtirish va yangi bosqich­ga ko`tarishga, bolalarimizni sog`lom va barkamol bo`lib voyaga yetishlari uchun xizmat qiladi. Yuqorida aytib o`tilgan fikrlarimizdan ham ko`rininb turibdiki, bu faoliyat bizni o`z vazifa va maqsadlarimizga erishish uchun jiddiy yondashishga undaydi. Zero, O`zbekiston kelajagi biz tarbiyalayotgan yosh avlodning yuksak kamoloti, aql-u zakovatiga bog`liq.

Dilobar Jabborova,
9-MTT mudirasi

Улашинг: