Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Chorvachilik, parrandichilik, yilqichilik, naslchilik, asalarichilik va baliqchilik sohalarida imtiyozli kredit va subsidiya ajratish tartibi

Soʻnggi uch yilda chorvachilik, parrandachilik, yilqichilik, naslchilik, asalarichilik va baliqchilik sohalarida imtiyozli kredit va subsidiya ajratish maqsadida 10 dan ortiq Prezident farmon va qarorlari, shuningdek Hukumat qarorlari qabul qilingan.

Buni amalga oshirilga quyidagi ishlardan koʻrishimiz mumkin:

Hukumatning 27.04.2018-yildagi 312-sonli qarori asosida chorva mollari, parranda va baliq ozuqasi uchun ishlab chiqarilayotgan omuxta yem mahsulotlari qadoqlangan va unga mahkamlangan yorliqda mahsulotni tayyorlagan tashkilot, ishlab chiqarilgan sanasi, tarkibi, chorvachilikning qaysi turi, yoʻnalishi va chorva mollarining yoshi uchun tayyorlangan, yaroqlilik muddati va saqlash sharoitlari koʻrsatilishi lozimligi belgilandi.

Prezidentning 18.03.2019-yildagi “Chorvachilik tarmogʻini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4243-sonli qarori bilan tuman hokimliklari zaxirasidagi 38 ming gektar lalmi va yaylovlar chorvachilik fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish uchun ajratilishi belgilandi.

Ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sugʻorish tik quduqlarini burgʻulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming soʻmdan subsidiya beriladi.

Chorvachilik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan lalmi va yaylovlar doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga beriladi.

2019-yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi barcha toifa xoʻjaliklarda naslchilik, shu jumladan, sunʼiy urugʻlantirish va servis xizmatlari tashkil etildi.

Prezidentning 28.03.2019-yildagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5696-sonli Farmoni bilan Davlat veterinariya qoʻmitasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi etib qayta tashkil etildi. Endilikda Qoʻmita veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Shuningdek, Qoʻmita huzurida Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda “Oʻzbekchorvanasl” agentligi tashkil etildi.

Hukumatning 30.09.2019-yildagi 830-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom koʻra, chorva hayvonlarini sugʻurtalash uchun sugʻurta qildiruvchining ogʻzaki yoki yozma murojaati boʻyicha ixtiyoriy ravishda sugʻurtalovchi bilan shartnoma tuziladi. Sugʻurta qildiruvchi sugʻurta mukofoti toʻlaydi va unga sugʻurta polisi beriladi. Sugʻurta qildiruvchining arizasi va taqdim etilgan tegishli hujjatlarga asosan sugʻurta tovoni toʻlab beriladi.

Prezidentning 29.01.2020-yildagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4576-sonli qaroriga muvofiq, chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga davlat tomonidan quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi:

➖ respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xoʻjaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million soʻm;

➖ xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million soʻm, nasldor qoʻy va echkining har bir boshiga 400 ming soʻm miqdorida.

Prezidentning 03.03.2021-yildagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–5017-sonli qarori bilan 2021-yil 1-martdan Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kompensatsiya va kafilligidan foydalangan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yoʻnalishidagi krediti boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida qaytarayotgan tadbirkorlarga, ularning kredit boʻyicha qarzdorligi toʻliq qoplanmaguncha, yangi kreditlar boʻyicha jamgʻarmaning kafilligidan yana foydalanishga ruxsat beriladigan boʻldi.

Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-yanvargacha naslchilik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi.

Tadbirkorlar tomonidan tegishli roʻyxatdagi tovarlar Oʻzbekistonga olib kirilganda, ularni olib kirishda hisoblangan qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash muddati 180 kunga uzaytirildi.

2021-yil 1-iyuldan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga respublika byudjetidan tegishli miqdorda subsidiya ajratiladigan boʻldi.

Shuningdek, chorva mollari va parrandalar ozuqasi tarkibini tahlil qilish hamda parrandalar kasalliklari tashxisini qoʻyish boʻyicha laboratoriyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash maqsadida Hukumatning zaxira jamgʻarmasidan 3 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

Qarorga koʻra, respublikada faoliyat yuritayotgan parrandachilik korxonalaridagi mavjud parrandalarni turli kasalliklar va favqulodda vaziyatlar oqibatida nobud boʻlishini sugʻurtalash tartibi ishlab chiqildi. Bunda, parrandalar bosh sonini sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta tovonining 50 foizigacha boʻlgan qismi Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan:

➖ chorvachilik xoʻjaliklariga – oʻz xoʻjaliklaridagi yirik va mayda shohli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 soʻm hamda sutining har bir litri uchun 200 soʻm;

➖ parrandachilik xoʻjaliklariga – oʻz xoʻjaliklaridagi tuxumning har bir donasi uchun 50 soʻm hamda parranda goʻshtining har bir kilogrammi uchun 1 000 soʻm;

➖ baliqchilik xoʻjaliklariga – intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlarining har bir kilogrammi uchun 3 000 soʻm, qolgan turdagi baliqlar uchun 1 000 soʻm miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratiladi.

Shu bilan birga 2021/2022 oʻquv yilidan respublikadagi barcha veterinariya meditsinasi va agrotexnologiyalar texnikumlarida parrandachilik, veterinariya, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilik yoʻnalishlarida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasi asosida qabul kvota parametrlari shakllantirildi.

Qarorga koʻra, Qashqadaryo viloyatining Kasbi, Nishon, Mirishkor va Koson tumanlari chorvachilikka ixtisoslashtirilib, ushbu tumanlarda zamonaviy chorvachilik komplekslari tashkil etildi.

Prezidentning 15.06.2021-yildagi “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5146-sonli qaroriga asosan, 2022-yil 1-iyulga qadar tuxum, parranda goʻshti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlar (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

Hukumatning 12.07.2021-yildagi 434-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan, Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan quyidagi xoʻjaliklarga yetishtirgan mahsulotlariga davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi:

  • parrandachilik xoʻjaliklariga – yetishtirgan tuxumning har bir donasi uchun 50 soʻm va parranda goʻshtining har bir kilogrammi uchun 1000 soʻm;
  • chorvachilik xoʻjaliklariga – yetishtirgan yirik va mayda shoxli mollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 soʻm hamda sutining har bir litri uchun 200 soʻm;
  • baliqchilik xoʻjaliklariga – intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlarining (losos, forel va osyotr) har bir kilogrammi uchun 3 000 soʻm qolgan turdagi baliqlar uchun 1 000 soʻm miqdorida.

Subsidiya olish uchun arizalar yetishtirilgan mahsulotlarni sotishdan oldin my.vetgov.uz sayti orqali hududiy “Chorvanasl” markazi tuman vakiliga yuboriladi.

Prezidentning 20.12.2021-yildagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–55-sonli qarori bilan 2022-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik uchun yillik 14 foiz stavkada 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Chorvachilik uchun kreditlar kamida 10 dan 50 boshgacha chetdan keltirilgan naslli chorva mollarini boqish uchun kichik fermalarni tashkil etishga beriladi. Bunda kreditlar hokim yordamchisining tavsiyasi asosida ajratiladi. Bundan tashqari, 2022-yil  1-martdan kreditlar toʻliq raqamlashgan holda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratiladi.

 

Mo’minov Shavkatbek,

Andijon  tumani

Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

Bosh yuristkonsulti

 

Улашинг: