Vazirlar Mahkamasining 27.02.2025 yildagi «Oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 125-son qarori qabul qilindi. Prezidentning 23.09.2024 yildagi PF-143-son Farmoniga muvofiq kambag‘al oilalarga qo‘llab-quvvatlash choralari mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, chet tillarni o‘rganish va boshqa shartlarni hisobga olgan holda ijtimoiy shartnoma asosida ko‘rsatiladi. Bunda ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan hollarda ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish (ijtimoiy nafaqadan tashqari) to‘xtatiladi. Hujjat bilan Oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsatish uchun ijtimoiy shartnoma tuzish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. U quyidagi tartiblarni belgilaydi:
- Ijtimoiy shartnoma asosida qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsatish;
- Ijtimoiy shartnomani va unda nazarda tutilgan shartlarni rasmiylashtirish;
- Ijtimoiy shartnoma bajarilishini nazorat qilish.
Ijtimoiy shartnoma asosida kam ta’minlangan oilalarga yordam choralari 2025 yil 1 martdan Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida, respublikaning qolgan hududlarida esa – 2025 yil 1 maydan amalga oshiriladi.Kam ta’minlangan oilalar reestriga kiritilgan oilalar tomonidan ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, «mahalliy yettilik»ning kollegial qarori bilan bu oilalarga to‘lanadigan kam ta’minlangan oilalardagi bolalarga nafaqalar va moddiy yordam miqdorlarini 30 foizgacha kamaytirish tartibi joriy etiladi.Hujjat bilan shuningdek quyidagilar tasdiqlangan: Oilaning mehnatga layoqatli a’zolari ishga joylashtirilishi sharti bilan ko‘rsatiladigan ayrim turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordam ro‘yxati; Oilaning mehnatga layoqatli a’zolarini ishga joylashtirish talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati; «Elektron hukumat» tizimining Idoralararo integratsiya platformasi orqali «Ijtimoiy himoyaning yagona milliy tizimi» axborot tizimiga taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati.Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.03.2025 yildan kuchga kirdi.
A.Zuxridinov,
Izboskan tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.