SOʻNGI PUShAYMON — OʻZINGA DUShMAN
Ha, xalqimiz bejiz «Soʻngi pushaymon-oʻzinga dushman» deb aytmaganlar. Zero har bir inson amalga oshiradigan ishini etti oʻlchab bir kesishi, bu qilmishidan birov aziyat chekmasligiga, qonunga xilof emasligiga ishonch hosil qilishi darkor. Chunki ommaviy axborot vositalarida giyohvandlikning zarari, u keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlar, giyohvandlik moddalarini noqonuniy saqlash, oʻtkazish, iste’mol qilish mumkin emasligi, bunga yoʻl qoʻyganlar qonun yoʻli bilan jazolanishlari toʻgʻrisida ogohlantiruvchi materiallar chop etilmoqda, televidenieda koʻrsatuvlar berilmoqda. Albatta bundan barcha oʻziga yarasha xulosa chiqarib olmoqda.
2025 yil yanvar oyining 17 kuni jinoyat ishlari boʻyicha Xonobod shahar sudining ochiq sud majlisida 1967 yil 24 noyabrda millati oʻzbek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti oʻrta, oilali, 3 nafar farzandlari bor, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan sudlanuvchi Z. A.ning jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Sudlanuvchi Z. A. 2024 yil 18 noyabr kuni Qoʻrgʻontepa tumani IIB JQB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan “Qoradori 2024” tadbiri davomida Qoʻrgʻontepa tumani markazida joylashgan Oʻzbegim oshxonasida oʻzini shubhali tutganligi uchun, uning yoni ikki nafar xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, yonida, viloyat IIB EKBning 2024 yil 18 noyabr kungi 1180-sonli xulosasiga koʻra, oʻz tarkibida faol giyohvand modda tetragidrokannabinol moddasini saqlovchi ogʻirligi (3.71 gramm) koʻp miqdorni tashkil qilgan “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.
Sudlanuvchi Z. A. sudda, qilmish aybiga iqror boʻlib, 5-10 yildan buyon giyohvandlik moddasini iste’mol qilib kelishligini, 2024 yil may oylarida yashash xonadoniga yaqin dala maydonlarida aylanib yurgan vaqtida turli xildagi yovvoyi holda oʻsib turgan nashani oʻrib, oʻzi iste’mol qilish uchun uyga olib borib quritib, dokadan oʻtkazib, keyin oʻzi bilgan usulda koʻshimchalar koʻshib oʻzini iste’moli uchun giyohvandlik moddasini tayyorlaganligini tan oldi. Tekshirish kunida Qoʻrgʻontepa tumani markazida joylashgan Oʻzbegim oshxonasiga ovqatlanish uchun kirganligini, u oshxonada ovqatlanib boʻlganidan keyin uni oldiga fuqarolik kiyimda boʻlgan IIB xodimlari kelib, oʻzlarini tanishtirib, “Qora-dori 2024” tadbiri oʻtkazilayotganligini aytishib, yonini koʻzdan kechirish kerakligini tushuntirishib, yonida boʻlgan narsa va buyumlarni taqdim etishini soʻraganida, oʻz ixtiyori bilan yonidagi boʻlgan narsalarni IIB xodimlariga taqdim qilganligini, pullarining ichiga yashirib qoʻygan oʻtkir hidli gashish giyohvandlik moddasi boʻlganligini, buni oʻz iste’moli uchun saqlab kelayotganligini, ushbu giyoxvand moddasini sotish va oʻtkazish maqsadi boʻlmaganligini, qilgan ishlaridan pushaymonligini bildirib engillik berilishini soʻrab, koʻrsatma berdi. Sud majlisida A. Z.ning jinoyat ishi davlat ayblovchisining fikrini, sudlanuvchi va uning himoyachisining fikrini, guvohning koʻrsatuvini tinglanib, sudlanuvchining aybi guvohlarni koʻrsatuvlari, jinoyat ishida boʻlgan dastlabki tushuntirish xatlari, soʻroq bayonnomalari hamda ish boʻyicha toʻplangan boshqa dalillar bilan ham toʻliq oʻz isbotini topdi. Sud, sudlanuvchi Z. A.ning jinoyatini ogʻirlashtiruvchi va engillashtiruvchi holatlarini, ijtimoiy xavflilik darajasini e’tiborga olib xukm chiqardi.
- Z.ga Oʻzbekiston Respublikasi JK 276-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan, yashash joyi, u yoki bu sabab bilan ishlash, shuningdek ish joyigacha borish va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur boʻlgan vaqtdan tashqari chiqishini cheklashdan iborat 3 (uch) yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
- A.ga quyidagi qoʻshimcha taqiqlar (cheklashlar) yuklandi:
-mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini oʻzgartirmaslik hamda Andijon viloyat hududidan tashqariga chiqmaslik.
- A.ga jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, shuningdek sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkinligi tushuntirildi.
Jazoni oʻtash muddati mahkum jazolarni ijro etish inspeksiyalarida hisobga qoʻyilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Yu. Egamberdiev,
Jinoyat ishlari bo’yicha Xonobod shahar sudi raisi