Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

IQTISODIY MUVAFFAQIYATNING SIRI

Bugungi kunda hech bir mamlakat taraqqiyotini uning iqtisodiy o`sish ko`rsatkichlarisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Mamlakatimizda olimb borilayotgan siyosat siyosat negizida, amalga oshirayotgan islohotlarining tub zamirida eng avvalo, xalq farovonligini ta’minlash maqsadi turadi. Bu vazifani uddalash bevosita tadbirkorlik sohasini hamda tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish, aholining sohaga qiziqishini o`stirish va moliyaviy savodxonligini oshirish bilan bog`liq.

Dunyo tarixidan ma’lumki, mamlakatning rivojlanishi yoki qoloqlashuvi u joylashgan geografik hudud, yerosti boyliklari, oltin zaxirasiga bog`liq emas. Bu nazariyaning noto‘g‘riligini hech qanday tabiiy resurslarga ega bo`lmagan, biroq bugungi kunda jahon moliya markazlaridan biriga aylangan Singapur, Janubiy Koreya yoki Yaponiya misolida ko`rish mumkin.

Amerikalik iqtisodchilar Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms Robinson muallifligidagi «Jamiyatlar nega omadsizlikka uchraydi?» (Why Nations Fail) kitobida keltirilishicha, iqtisodiy taraqqiyotni belgilab beruvchi eng asosiy jihat bu – mamlakatdagi mavjud institutlar (ular iqtisodiyot qoidalarini belgilab berishadi) va fuqarolarda mavjud iqtisodiy faollikka rag‘batdir. Ya’ni, xususiy mulk daxlsiz, odil sudlov tizimi mustaqil, fuqarolarning iqtisodiy faolligi to‘siqsiz, raqobat muhiti ochiq bo`lgan jamiyatlar iqtisodiy barqarorlikka nisbatan tezroq erishishi isbotlangan. Bir so`z bilan aytganda, ba’zi mamlakatlarning yuqori farovonlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishi, boshqa davlatlarning esa turg‘unlik va qoloqlik holatida qolishi shu davlatlarda amal qilayotgan siyosiy-iqtisodiy institutlarga bog‘liq.

AQSHning Stendford universiteti professori Fransis Fukuyamaning fikriga ko`ra, jamiyatning uzoq muddatli iqtisodiy o`sishi ko`p hollarda inson kapitalining rivojlanishi, ta’lim darajasi va tashqi dunyo bilan aloqalariga bog`liq bo`lib, iqtisodiy oʼsish davomiyligini taʼminlash uchun jamiyatga universitetda taʼlim olgan, umumiy savodxonlik darajasi boʼlgan va bazaviy matematika koʼnikmalari va boshqa shunga oʼxshash koʼnikmalarga ega insonlar kerak boʼladi. Olimning ta’kidlashicha, Gʼarbiy Yevropaning iqtisodiy muvaffaqiyatining siri ham shunda edi. Ular juda erta bosqichda, Oʼrta asrlarda, Uygʼonish davrining boshlarida, keyin esa protestantlik islohotidan soʼng hokimiyatni soʼroqqa tuta oladigan intellektual madaniyatni rivojlantirdilar. Bu „men shaxs sifatida oʼz fikrlarimga egaman va oʼz fikrimga oʼz asoslarimni bera olaman“ deyishni anglatadi.

O`zbekistonda ham so`nggi besh yillikda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, so`z erkinligini ta’minlash, ta’lim tizimini takomillashtirish, demokratik islohotlar, xalq bilan muntazam muloqotni yo`lga qo`yish, davlat organlari va iqtisodiy institutlar faoliyatini qayta ko`rib chiqish, aholi orasida tadbirkorlik va biznesga qiziqish muhitini uyg`otish, ularni kasb-hunarga o`qitish va qayta tayyorlash, biznes boshlash uchun har taraflama imkoniyat yaratish ishlari  aynan iqtisodiy barqarorlik va jamiyat farovonligiga erishishga qaratilgan bo`lib, bu borada davlat rahbari boshchiligida bir qator muhim tashabbuslar amaliyotda qo`llanilmoqda.

Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20-avgustida tadbirkorlar bilan bo`lgan ochiq muloqotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. So‘nggi besh yilda bu sohani rivojlantirish maqsadida bir qator litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, 33 ta faoliyat turi hech qanday ruxsatnoma yoki litsenziyalarsiz faqatgina xabardor qilish orqali yo`lga qo`yish tartibiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berilishi natijasida yangi subyektlar keskin ko‘payib, oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Eng asosiysi ichki va tashqi bozorda o‘z nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi.

Ma’lumki, yurtimiz aholisining asosiy qismi qishloq joylarida istiqomat qiladi. Aholining mazkur qismini tadbirkorlikka o`rgatish va o`z-o`zini band qilgan fuqarolarni qo`llab-quvvatlash orqali kelgusida ularni biznesga jalb qilish maqsadida qishloq xo‘jaligi yerlarini ochiq tanlov asosida ijaraga berish, qishloq xo’jaligiga mo’ljallanmagan yer maydonlarini esa faqat auksionda sotish orqali yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obyektiga aylantirish mumkin bo`ladi. Bundan tashqari endilikda tadbirkorlarga o‘z korxonasi joylashgan yer maydonini mulk qilib rasmiylashtirib beriladi.

Shu bilan birgalikda nafaqat sohadagi yutuqlar, balki o`z yechimini kutayotgan muammolarni ham nazardan chetda qoldirmaslik zarur. Xususan, soliq tizimi va moliya-kredit sohasidagi muammolar, savdodagi to`siqlar va bojlar, kredit stavkalarining yuqoriligi va ko‘plab kreditlar qisqa muddatga,  tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etildi.

Xulosa o`rnida Prezidentning quyidagi fikrlarini keltirsak «Agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi bo‘lsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi bo‘lsak, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz shart. Yagona yo‘limiz shu. Bu — Asosiy qonunimiz talabi. Boshqa yo‘l yo‘q.»

Sohibaxon MO’MINOVA,

2-son KXM iqtisodiyot o’qituvchisi.

«ОАВлар билан ҳамкорликда ёшларни  юртга садоқат, миллий ва умуминсоний қадриятлар руҳида тарбиялашга, уларни оммавий маданиятнинг салбий иллатлари таъсиридан ҳимоя қилишга кўмаклашиш» лойиҳаси асосида тайёрланди.

 

 

Улашинг: