Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Andijon viloyatida kollej va texnikumlarga kirish test sinovlari o‘tkaziladi


Harakatlar strategiyasida mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilmasi rivojlanishini ta’minlash, mehnatga layoqatli aholining mehnat va tadbirkorlik faolligini to‘liq amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, ishchi kuchi sifatini yaxshilash, ishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash tizimini kengaytirish vazifalari belgilangan. Yurtboshimiz tomonidan sohada tub islohotlarni amalga oshirish va zamonaviy professional ta’lim tizimini barpo etishning maqsadi va ustuvor vazifalari belgilab berildi.

Bunda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari barobarida xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik, qurilish, kichik biznes, oilaviy biznes, tomorqa biznesi, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi tez sur’atlarda ravnaq topayotgan sohalar uchun ishchi kasblar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanishi ko‘zda tutildi.

O‘rta va o‘rta maxsus professional taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyab-rdagi 715-son qaroriga binoan Davlat test markazi tomonida o‘tkaziladigan test sinovlari asosida qabul qilinadi.

Kollej va texnikumlarga kirish uchun, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining www.kollej.edu.uz hamda www.texnikum.edu.uz saytlari orqali joriy yilning 25-avgustdan 30-sentabrgacha bo‘lgan muddatda respublika bo‘yicha 263387 nafar abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan, Andijon viloyatida test topshiruvchi abituriyentlar soni 20917 nafarni tashkil qilmoqda.

Ushbu abituriyentlarga test sinovlari jarayonida barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Andijon viloyatida markazlashgan holda to‘rtta katta sig‘imli yopiq binolar tayyorlandi. Binolarning uchtasi Andijon shahrida hamda bittasi Asaka shahrida joylashgan.

Test sinovlari kuniga ikki smena davomida ya’ni 1-smena ertalab, 2-smena tushlikdan so‘ng o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Test sinovlari Andijon shahar Bobur shoh ko‘chasi 5-uyda joylashgan, Andijon davlat universitetining Xorijiy tillar fakultetida 600 nafar, Andijon shahar A.Xoji ko‘chasi 1-uyda joylashgan, Andijon suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida 450 nafar, Andijon shahar 3-kichik daha Mashrab ko‘chasida joylashgan Andijon tennis korti sport kompleksida 300 nafar hamda Asaka shahar “Xamdo‘stlik” MFY Mardlik ko‘chasi  59-A-uyda joylashgan, Asaka transport va xizmat ko‘rsatish texnikumida bir smenada
420 nafar abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishlari belgilangan.

Abituriyentlar test sinovilariga faqat ruxsatnomasi va pasporti (tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi) bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari orqali shaxsiga aniqlik kiritilgan holda kiritiladi. Test sinovida ishtirok etish bo‘yicha ruxsatnomani www.kollej.edu.uz hamda www.texnikum.edu.uz saytlaridagi shaxsiy kabinetlaridan olishlari mumkin bo‘ladi.

Davlat test markazi barcha abituriyentlarga omad va zafarlar tilab qoladi!

E.Yuldashev,

DTMning Andijon viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi.                     

 

 

 

 

 

 

 

Улашинг: