Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Ishlayotgan nogironli bor xodimlarga ish jarayonida qanday imtiyozlar qo‘llaniladi?

O‘zbekiston Respublikasi mustaqil demokratik liberal davlat bo‘lib, liberal davlatningasosiy vazifalaridan biri ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab quvvatlashdan iborat hisoblanadi. Shu sababli, bugun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidagi nogiron fuqarolarga mehnat qonunchiligidagi imtiyozlarga to‘xtalib o‘tamiz. O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-644-son qonunining 42-moddasiga  ko‘ra Nogironligi bo‘lgan shaxs odatdagi mehnat sharoitlariga ega tashkilotlarda, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanuvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarda, sexlarda va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqli.

Mehnat munosabatlarining barcha shakllariga nisbatan, shu jumladan ishga qabul qilish shartlariga, ishga yollashga, mehnat faoliyatini amalga oshirishga, ishni saqlab qolishga, xizmatda (ishda) lavozim bo‘yicha ko‘tarilishga, shuningdek xavfsiz mehnat sharoitlari ta’minlanishiga nisbatan nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitish taqiqlanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi va ta’tillarda bo‘lishi davrida ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tungi vaqtda ishga, shuningdek ishdan tashqari vaqtdagi ishlarga va dam olish kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi,.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan ishlovchi shaxslarga nisbatan mehnatga haq to‘lash miqdori kamaytirilmagan holda qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi belgilanadi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning bandligini ta’minlash, shuningdek mehnat bozorida ularning raqobatbardoshliligini oshirish maqsadida:

nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbiy reabilitatsiya qilishni amalga oshiradi, ularni mehnatda kuzatib boradi, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning mos keladigan ishga kirishini, saqlab qolinishini va xizmatda (ishda) lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini ta’minlaydi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkilotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun mos keladigan kasblar bo‘yicha ish o‘rinlarini zaxira qilinishini ta’minlaydi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishga rag‘batlantiradi, shuningdek ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlari tashkil etilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi;

ixtisoslashtirilgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni yangi kasblarga o‘qitish o‘quv dasturlari tashkil etilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat sektoriga ishga joylashtirilishini va bandligi rag‘batlantirilishi hamda rivojlantirilishini ta’minlaydi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan, shu jumladan ularning kasanachiligidan foydalanuvchi tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish mahalliy mehnat organlari tomonidan ta’minlanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xodimlarining soni yigirma nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda xodimlar umumiy sonining kamida uch foizi miqdorida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hamda mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan korxonalar va ish o‘rinlari tashkil etiladi. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar shart-sharoitlari o‘z imkoniyatlariga muvofiq bo‘lgan ishlab chiqarishda ishtirok etish uchun ustuvor huquqqa ega bo‘ladi.

Shuningdek “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 25-modasiga binoan Xodimlarining soni yigirma kishidan ortiq bo‘lgan korxonalarda, muassasalar va tashkilotlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironlarni ishga joylashtirish uchun xodimlar sonining kamida uch foizi miqdorida ish joylarining eng kam sonini belgilaydi va zaxirada saqlaydi.

Nogironlarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam sonini yaratishga doir mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini bajarmaganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganligi tashkilotlarni ushbu Qonunning nogironlarni ish bilan ta’minlashga doir talablarini bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.

Nogironlar mehnatidan foydalanish uchun nogironlarning ehtiyojlarini va mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan korxonalar, sexlar va uchastkalar tashkil etiladi. Ko‘zi ojiz nogironlar sharoitlari o‘z imkoniyatlariga mos keladigan ishlab chiqarishda ishtirok etishda imtiyozli huquqqa ega.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar uyda ishlovchi nogironlarga, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nogironlarga mazkur faoliyat uchun yashashga mo‘ljallanmagan joylar berilishida, xomashyo olishi va mahsulot sotishida zarur yordam ko‘rsatadi.

Mehnat kodeksining 220-moddasida ish beruvchi belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi tomonidan yo‘llangan nogironlarni ishga qabul qilishi shartligi belgilangan

TMEKning nogironlarga to‘liqsiz ish vaqti rejimi o‘rnatish, ularning vazifasini kamaytirish va mehnatning boshqa shartlari haqidagi tavsiyalarini bajarish ish beruvchi uchun majburiydir.

I va II guruh nogironlariga mehnatga haq to‘lash kamaytirilmagan holda ish vaqtining haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.

I va II guruh nogironlariga o‘ttiz kalendar kundan kam bo‘lmagan muddat bilan yillik uzaytirilgan asosiy ta’til beriladi.

Nogironlarni tungi vaqtdagi ishlarga, shuningdek ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga ularning roziligi bilangina, basharti ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.

Qolaversa, mehnat kodeksiga binoan ishlayotgan I va II guruh nogironlariga — o‘ttiz kalendar kun miqdoridagi yillik uzaytirilgan ta’tilar qo‘llaniladi.

I va II guruh nogironlariga ta’til xodimlarga ularning xohishi bo‘yicha olti oy o‘tmasdan oldin berilishi mumkin. Nogironlarga Mehnat kodeksining 144-moddasiga ko‘ra ta’til ularning xohishiga ko‘ra yozgi yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda berilishi kerak

Mehnat kodeksining 150-moddasiga ko‘ra ishlayotgan I va II guruh nogironlariga — har yili o‘n to‘rt kalendar kunga qadar ularning xohishiga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan holda muqarrar tartibda ta’til beriladi.

M.Mo’ydinov,

Andijon tumani

Yuridik  xizmat ko’rsatish markazi

bosh yuristkonsulti

 

Улашинг: