Korrupsiya nafaqat respublikamiz, balki yer yuzidagi barcha mamlakatlar taraqqiyotiga salbiy ta’sir etayotgan, hammani birdek tashvishga solayotgan muammo hisoblanadi.
«Transparency International» tashkilotining hisob-kitoblarga ko‘ra, korrupsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga bir trillion AQSh dollaridan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilar ekan. Shu bois mazkur illatlarni hech ikkilanmay «taraqqiyot kushandasi» deb atash mumkin. Hatto Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham bu illatlarni global muammolardan biri sifatida e’tirof etib, ularga qarshi kurashish masalalariga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda. Xususan, BMTning 2003 yil 31 oktyabrda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida mazkur jinoyatga qarshi xalqaro va milliy kurashish amaliyotini yo‘lga qo‘yish hamda amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgan. O‘zbekiston ushbu konvensiyaga 2008 yil 7 iyulda qo‘shilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mazkur illatning sabablarini aniqlash va bartaraf etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayapti, ushbu toifadagi jinoyatchilarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslarning korrupsiya domiga tushib qolmasliklarini ta’minlash, ularning beboshligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hukumatimiz tomonidan uzoq muddatli chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning ijrosi doimiy nazorat qilinayapti.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 3 yanvar kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni bu borada eng muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qonunda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, davlat dasturlari va boshqa dasturlar, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va ularning bu boradagi vakolatlari belgilab berilgan. Shunigdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning va ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etishi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlik sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar qayd etilgan. Bundan tashqari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi, sudlarning mustaqilligi va erkinligini, ular faoliyatining ochiqligini ta’minlash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi masalalari ham ko‘zda tutilgan.
Yurtboshimizning tashabbusi bilan amalga joriy etilgan mazkur qonun mohiyat-etibori bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda g‘oyatda muhim o‘rin tutadi. O‘z navbatida Prezidentimizning 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham ushbu yo‘nalishda tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil qilindi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini beryapti. “Transparensy International” xalqaro tashkilotning korrupsiyani idrok etish indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 2010 yilda 172-o‘rinni, 2019 yilda esa 153-o‘rinni, 2021 yilda esa 140-o‘rinni egallagan.
Bu davlatimizning ijobiy dinamikaga erishganligidan dalolatdir.
Bir so‘z bilan aytganda, ayni paytda mamlakatimizda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashishning barcha huquqiy asoslari yaratilgan. Faqat bu jarayonda yurtdoshlarimizdan hushyorlik va mas’uliyat talab etiladi, xolos. Shundagina mamlakatimiz bundan-da taraqqiy etib, odamlarimizning turmushi farovonlashib boraveradi.
Zafar Toxtasinov,
Andijon tumanlararo
ma’muriy sudining sudyasi.