O‘zbekiston Respublikasining “Organik mahsulotlar to’g’risida”gi
O’RQ-766-son Qonun organik mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish, tamg’alash va realizasiya qilish, shuningdek muvofiqlikni baholash va avtorizatsiyalashtirishni tartibga soladi.
Organik mahsulotlar ishlab chiqarishga o’tkazilgan qishloq xo’jaligi ekinlarini yetishtirishning o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda sertifikatlashtirilgan organik mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun subsidiyalar ajratiladi.
Organik mahsulotlarni ishlab chiqarishda
- sog’lom hayvonlar va o’simliklardan;
- xavfsiz mahsulotlardan;
- kelib chiqishi hayvonlar va o’simliklarga mansub bo’lgan xomashyodan foydalaniladi.
Organik mahsulotlarni tamg’alashda:
- “organic” (organik);
- “biologic” (biologik);
- “ecologic” (ekologik);
- “natural” (tabiiy) degan so’zlardan foydalanilishi mumkin.
O‘zbekistonga organik mahsulotlarni olib kirishda chet davlatning muvofiqlikni baholash organi tomonidan berilgan organik jihatdan muvofiqlik sertifikatining va ushbu mamlakatda qabul qilingan namunadagi organik mahsulotlarning kelib chiqishini tasdiqlaydigan sertifikatning ko‘chirma nusxalari taqdim etilishi kerak.
O‘zbekistonga olib kiriladigan organik mahsulotlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan sanitariya, fitosanitariya, veterinariya hamda veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari qo‘llaniladi.
Organik mahsulotlarni O‘zbekiston hududidan olib chiqish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan shakldagi organik jihatdan muvofiqlik sertifikati taqdim etilganda amalga oshiriladi.
Organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar reestri yuritiladi va Qishloq xo’jaligi vazirligi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o’tgach kuchga kiradi.
Murodjon Baxtiyarovich Axmatoxunov, Andijon viloyat adliya boshqarmasi
Nodavlat notijorat tashkilotlar bo‘limi boshlig‘i.