Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Yoshlar daftari

 

“Yoshlar daftari” — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʻlgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish boʻyicha maʼlumotlar bazasi hisoblanadi.

“Yoshlar daftari”ni shakllantirish:

Tuman (shaharlar)dagi har bir sektor kesimida mahallabay “Yoshlar daftari”ga oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar — muomalaga va mehnatga layoqatsiz, nogironligi yoki salomatligida nuqsoni boʻlgan (nafaqa olmaydigan), boquvchisini yoʻqotgan, yetim, “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyalangan, muqaddam sudlangan, probatsiya hisobida, profilaktik hisobda yoki maʼmuriy nazorat ostida turuvchi ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlar, shuningdek, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning professional va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchi farzandlari;
  • iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini boshlash, shuningdek oʻzini oʻzi band qilish istagida boʻlgan ishsiz yoshlar;
  • psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — jamiyatda oʻz oʻrnini topishga qiynalayotgan, turli xil muammolar sababli ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj yoshlar (suitsid sodir etishga harakat qilgan va boshqalar);
  • ishsiz yoshlar — haq toʻlanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashgʻulotga ega boʻlmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor boʻlgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan oʻtishga yoki malakasini oshirishga tayyor boʻlgan, ishga joylashishda koʻmak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida roʻyxatga olingan mehnatga layoqatli yoshlar (bundan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganlar mustasno).

Yoshlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari quyidagi shakllarda oʻrganiladi:

  • sektorlar ishchi guruhlari tomonidan biriktirilgan mahallalarda fuqarolar yigʻinlari xodimlari va faollari bilan birgalikda barcha yoʻnalishdagi muammolarni har yarim yilda kamida bir marotaba, bunda yarim yillik tugaganidan soʻng keyingi oy davomida uyma-uy yurish orqali;
  • yoshlarning murojaatlarini (shu jumladan, elektron platforma orqali murojaatlarini) koʻrib chiqish orqali.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash:

  1. Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish

Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir marta beriladigan moddiy yordamni tayinlashning aniq miqdori yoshning hayotiy vaziyati murakkabligini inobatga olgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq toʻlab beriladi.

Bir marta beriladigan moddiy yordam toʻliq davlat taʼminotida boʻlmagan, hayotiy murakkab vaziyatga tushgan yoshga, birinchi navbatda, quyidagilarga tayinlanadi:

  • boquvchisini yoʻqotgan va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga;
  • oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan ishga layoqatsiz yoshlarga;
  • I va II guruh nogironi boʻlgan yoshlarga;
  • qaramogʻida nogiron bola boʻlgan yosh oila (er-xotinning biri)ga;
  • ota-onalardan biri I yoki II guruh nogironi boʻlgan, ikkinchisi esa ish faoliyatini toʻxtatgan holda bemorga qarashga majbur boʻlgan yoki ikkala ota-ona ham I yoki II guruh nogironi boʻlgan yoshlarga;
  • tabiiy ofatlar, halokatlar, yongʻinlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sogʻligʻiga, mulkiga zarar yetgan yoshlarga.

Murakkab hayotiy vaziyatga tushgan boshqa toifadagi yoshlarga, asoslantiruvchi sabablari mavjud boʻlganda, sektorlar rahbarlarining xulosalariga asosan Vasiylik Kengashi qarori bilan bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.

Shaxsga bir martalik moddiy yordam berilishi uni “Yoshlar daftari”dan chiqarishga asos boʻlmaydi.

Moddiy yordam shaxsga bir kalendar yil davomida bir marotaba beriladi.

  1. Tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish xarajatlarini qoplash

Nodavlat kasb-hunarga oʻqitish markazlariga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga oʻqitish uchun sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismi “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

Bunda, yoshlarni tadbirkorlikka oʻqitish xarajatlarining har bir bitiruvchiga BHMning 4 baravaridan ortiq boʻlmagan qismi, kasb-hunarga va haydovchilik kurslarida oʻqitish uchun sarflangan xarajatlarning bir oygacha, bir oydan ikki oygacha, ikki oydan ortiq muddatli oʻquv kurslari uchun tegishlicha BHMning 4, 8, 12 baravaridan koʻp boʻlmagan qismi qoplab beriladi.

Oʻquv kurslari xarajatlarining qolgan qismi tinglovchi tomonidan nodavlat kasb-hunarga oʻqitish markaziga oʻquv kursi boshida toʻlab berilishi lozim.

Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga maxsus sertifikat beriladi.

Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimi buyurtmasiga asosan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar:

  • tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlarida kasb-hunarga;
  • Savdo-sanoat palatasi, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi, “Yosh fermerlar kengashi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan alohida tashkil etiladigan 48 soatlik (haftalik) oʻquv dasturi asosida tadbirkorlikka bepul oʻqitiladi.

Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga maxsus sertifikat beriladi.

Xususiy korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyat boshlaganiga olti oydan oshmagan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning BHMning 4 baravarigacha boʻlgan qismi mazkur xususiy korxona va tashkilotlarga Vasiylik kengashi qaroriga asosan “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinishi mumkin.

  1. Urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun subsidiya ajratish

Tomorqa yer egasi boʻlgan yoki “Har bir yoshga — bir gektar” tamoyili asosida ikkilamchi ijara huquqi asosida ekin maydonlari ajratib berilgan yoshlarga urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq toʻlab beriladi.

Dehqon xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanayotgan yoshlarni sektor, klaster va fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish tizimi orqali “ustoz-shogird” tamoyili asosida yoshlarga ajratilgan yer uchastkalarini oʻzlashtirish, agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, yerlar hosildorligini oshirish, yetishtirilgan mahsulotni realizatsiya qilish va boshqa masalalarda yordam koʻrsatiladi.

  1. Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilish uchun noturar joyning ijara xarajatlarini qoplash

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yosh tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtgan yosh fuqaroga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha qismi qoplab berilishi mumkin.

  1. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash va oʻzini oʻzi band qilishga zarur boʻlgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratish

Tadbirkorlik yoki oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan yoshlarga asbob-uskuna yoki mehnat qurollari (motokultivatorlar, oʻt oʻrish oʻroq mashinalari, perforatorlar, payvandlash apparatlari, oʻsimliklarga ishlov berish qurilmalari, duradgorlik, chilangarlik, qurilish uskunalari, kompyuter jamlanmasi va boshqalar)ni xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq subsidiya ajratiladi.

Arizachi kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakani oshirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻrgatish kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan hamda maxsus sertifikatni olgan va tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlsa, unga asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi.

  1. Mamlakatimizdagi professional va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish boʻyicha toʻlov-kontrakt summasining bir qismini toʻlab berish

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlarining, shuningdek, “Yoshlar daftariga” kiritilgan yoshlarning mamlakatimizdagi professional va oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish boʻyicha yillik xarajatlarini toʻlab berish “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq toʻlov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi.

  1. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga, jumladan, yosh oilalarga turar joy ijarasi kompensatsiyasini toʻlash

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yosh oilalarning sektorlar rahbarlariga va Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimlariga bergan arizasiga muvofiq, ularga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlab berilishi mumkin.

  1. Ish bilan bandlikni taʼminlash

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning ish bilan bandligini taʼminlash quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiriladi:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari, qurilish boʻlimlari bilan hamkorlikda qurilish sohasida ishlash istagidagi yoshlarni hududdagi obyektlarni qurish ishlariga haq toʻlash evaziga ish oʻrinlariga joylashtirish;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman (shahar) hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari, qishloq xoʻjaligi boʻlimlari bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligi sohasida ishlash istagidagi yoshlarni hududdagi fermer va dehqon xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi kooperativlari ishlariga haq toʻlash evaziga ish oʻrinlariga joylashtirish, shuningdek, “Har bir yoshga — bir gektar” tamoyili asosida gʻalladan boʻshagan yerlarda takror sugʻoriladigan yer maydonlaridan ekin ekish uchun va dehqon xoʻjaligi yuritish uchun ikkilamchi ijara huquqi asosida ekin maydonlarini ajratib berish;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari, investitsiya boʻlimlari, tijorat banklari bilan hamkorlikda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarida ishlash istagidagi yoshlarni tarmoq va hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarda, hududlardagi xususiy tadbirkorlik korxonalaridagi ish oʻrinlariga joylashtirish;
  • tuman (shahar)lar hokimliklari aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimlari bilan birgalikda mavjud vakansiya va zaxira (kvota) ish oʻrinlariga ishga joylashtirish hamda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
  • ishsizlik nafaqasini tayinlash va toʻlash choralarini koʻrish;
  • tuman (shahar)lar hokimliklari, Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari, Yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan “Har bir tadbirkor — yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish orqali ularning bandligini taʼminlash choralarini koʻrish.
  1. Tadbirkorlikka jalb qilish

“Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tuman (shahar) filiallari orqali tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish uchun kredit olish istagida boʻlgan yoshlarga tijorat banklarga ajratilgan kredit mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:

  • tadbirkorlik tashabbusiga ega yoshlarning biznes loyihalarini moliyalashtirishda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish;
  • mikrokredit olgan yosh tadbirkorlar faoliyatini doimiy kuzatib borish hamda ularga maslahat va koʻmak berish institutini shakllantirish;
  • oʻquv kurslarini tamomlab va keyinchalik mikrokredit olib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini monitoring qilib borishning yagona “raqamli” tizimini joriy etish;
  • bank mijozlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun xaridorlar topish va bozorlarni kengaytirishda koʻmaklashish.

Kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat kasb-hunarga oʻqitish markazlari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, maxsus sertifikatni olgan yoshlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan quyidagicha mikrokredit ajratiladi:

  • tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan yoshlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdordagi mikrokreditlar taʼminotsiz ajratiladi;
  • mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taʼminot turlari asosida 225 million soʻmgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.

Kreditlarning foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasida belgilanadi.

Kreditlarni ilgari olingan kreditlar yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarishga, shaxsiy ehtiyoj uchun avtotransport sotib olishga, maʼmuriy xarajatlarni toʻlashga, jumladan, avtotransport vositasining taʼminoti, mebel, aloqa xizmatlari toʻlovi va uyali telefon sotib olishga hamda qonun hujjatlari va Markaziy bankning qoidalariga koʻra taqiqlangan faoliyatlarga ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ajratiladi.

Tijorat banklari tomonidan yoshlarga baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik va boshqa ilgʻor sohalarda faoliyatlarini tashkil etish uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratiladi.

Bunda, Savdo-sanoat palatasi, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasining hududiy boʻlinmalari joylarda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagini bildirgan yoshlarning tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirish va biznes loyihalarini tuzishga koʻmaklashadi.

  1. Xorijda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish

Yoshlarning xorijda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan xorijga chiqib ketayotgan yoshlar ishga yuborilishidan oldin davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarida, xususan hududlardagi “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslari, mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlarida kasb-hunarga oʻqitiladi (xorijiy ish beruvchining malaka talablariga javob beradigan shaxslar bundan mustasno).
  • tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoshlarning haq-huquqlarini taʼminlashga va koʻmaklashishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
  • mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan yoshlarni reintegratsiya qilish, shu jumladan ularning bandligini taʼminlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa choralar-tadbirlar koʻriladi.
  1. “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badalini qoplash

“Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali Vasiylik kengashi qaroriga asosan “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi mumkin.

  1. Tibbiy, huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga tibbiy xizmat koʻrsatish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • tibbiy yordamga muhtoj yoshlarning sogʻligʻi sektor ishchi guruhlari tomonidan tegishli tibbiyot xodimlarini jalb qilgan holda oʻrganiladi;
  • oʻrganish natijasi boʻyicha kasallik aniqlangan va tibbiy yordamga muhtoj yoshlar tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasiga yuboriladi;
  • tibbiy koʻrik natijasi yuzasidan koʻrsatma boʻyicha tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida statsionar yoki ambulator sharoitda davolanadi;
  • ahvoli ogʻir boʻlgan bemorlarga koʻrsatma boʻyicha viloyat ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga yoki respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga davolanish uchun bepul order ajratiladi;
  • nogironlik belgilari aniq namoyon boʻlgan bemorlar belgilangan tartibda koʻrikdan oʻtish uchun Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalariga yuboriladi.

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ahvoli ogʻir boʻlgan bemor farzandlarining mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bogʻliq xarajatlarining BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdordagi qismi tegishli soha mutaxassislari xulosasiga asosan Vasiylik kengashi tomonidan “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

Huquqiy yordam olishga muhtoj yoshlarga sayyor qabullar orqali quyidagilar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatiladi:

  • prokuratura organlari — huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yoshlarga amaliy yordam koʻrsatish, sudga murojaat qilish tartibini tushuntirish, sudga murojaat qilish uchun kerak boʻladigan hujjatlarni rasmiylashtirishga koʻmaklashadi;
  • ichki ishlar organlari — tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoshlarni ushbu tahdidlardan himoya qilish choralarini koʻradi;
  • adliya organlari — bepul huquqiy maslahatlar beradi.

Psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga Yoshlarga ijtimoiy-psixologik xizmat koʻrsatish respublika markazi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlari, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazi, Respublika ijtimoiy moslashuv markazi, taʼlim muassasalarining malakali psixologlari tomonidan psixologik maslahatlar berib boriladi.

Psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan pullik psixologik xizmat koʻrsatilishi bilan bogʻliq xarajatlar Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

  1. Yoshlarning isteʼdodlarini qoʻllab-quvvatlash, besh muhim tashabbusni roʻyobga chiqarish va uning doirasidagi tadbirlarni Yoshlar daftari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish

Sektorlar rahbarlari, tuman (shahar) hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari tomonidan Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari, taʼlim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari bilan birgalikda yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha tashabbuslari, ularning ehtiyojlari va xohish-istaklari oʻrganiladi va Vasiylik kengashiga tegishli tadbirlarni moliyalashtirish haqida taklif kiritiladi.

Yoshlar quyidagi hollarda “Yoshlar daftari”dan chiqariladi:

  • bandligi taʼminlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega boʻlganda;
  • toʻlov-kontrakt asosida oʻqish boʻyicha yillik xarajatlar belgilangan tartibda toʻlab berilganda;
  • tadbirkorlik faoliyati hamda oʻzini oʻzi band qilish maqsadida noturar joyning ijara xarajatlari qoplanganda yoki mazkur faoliyat uchun zarur boʻlgan asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilganda;
  • turar joy ijara kompensatsiyasi belgilangan tartibda toʻlab berilganda;
  • malakali tibbiy xizmat koʻrsatilganda;
  • toʻliq davlat taʼminotiga olinganda;
  • aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
  • oʻz arizasiga koʻra;
  • “Yoshlar daftari”ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
  • boshqa davlatlarga ishlash yoki doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
  • sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  • arizachiga koʻmak berish boʻyicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
  • arizachi vafot etgan taqdirda.

Ish beruvchi tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlovi hisoblanganda hamda ushbu maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining markazlashtirilgan axborot bazasida va Yagona milliy mehnat tizimida aks etgan taqdirda ish bilan bandligi taʼminlangan deb hisoblanadi va “Yoshlar daftari”dan chiqarish uchun asos boʻladi.

 

Boburbek Madaminov,

Andijon tumani

Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

 bosh yuristkonsul’ti.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Улашинг: