Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYADA XUSUSIY MULK VA TADBIRKORLIKNI HIMOYA QILISH KAFOLATLARI

YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYADA XUSUSIY MULK VA TADBIRKORLIKNI HIMOYA QILISH KAFOLATLARI

Ma’lumki, jamiyatning iqtisodiy negizini mulk tashkil etadi. Shuningdek, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi ham mulk bilan, mulkning kimlarga tegishli ekanligi bilan belgilanadi. Mulksiz ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish, mamlakatda xalq faravonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning imkoni yo‘q. So‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirish borasida mulkiy huquqlarni noqonuniy tajovuzlardan ta’minlash va himoya qilish muammosi, ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etdi. Bu davrda mulkdorlar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan Prezident va hukumatning 300 dan ortiq hujjatlari qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 65-moddasida mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda. Bu normaning ahamiyati quyidagilarda o‘z ifodasini topadi: birinchidan, mol-mulk daxlsizligi bo‘yicha sud kafolati belgilanmoqda. Mulkdor o‘z mol-mulkidan faqat sud qarori asosidagina mahrum etilishi mumkin. Mansabdor shaxslarning qarori bilan molmulkdan mahrum etilmaydi; ikkinchidan, mol-mulkdan faqat qonunda nazarda tutilgan hollardagina mahrum etiladi. Mol-mulkdan mahrum etish qonun darajasida belgilanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida mol-mulk daxlsiz bo‘lishi kerak. Tadbirkorlik subyektlari turli risklar qurshovida bo‘ladi. Ana shu risklar ichida mol-mulk daxlsizligi bilan bog‘liq risklarning mavjudligi vaziyatning yaxshi emasligini anglatadi. Tadbirkor o‘z mol-mulkining taqdiridan xavfsiramasligi kerak.

ESKI TAHRIR (53-modda) Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

YANGI TAHRIR (65-modda) Fuqarolar faravonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarini teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi. Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z molmulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.

  1. Fuqarolar faravonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi” degan norma O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy davlat sifatida belgilanishi bilan uzviy bog‘liqlikni tashkil etadi.

Ya’ni — “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan asosiy maqsadni amalga oshirishga qaratilganushbu vazifaning Konstitutsiyada belgilanishi doimiy iqtisodiy o‘sishni ta’minlash orqali aholi uchun har tomonlama farovon turmush sharoitlarini yaratishni nazarda tutadi. Aholi farovonligi yo‘lida qilingan xarajat bilvosita iqtisodiyot rivojlanishini ham ta’minlaydi.

  1. Milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratish davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanishi lozim.

Ya’ni – “davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoit yaratadi” degan qoidani kiritilishi bilan iqtisodiyotni tartibga solish bo‘yicha davlatning bosh vazifalari belgilandi. Haqiqiy bozor munosabatlari iqtisodiy erkinlikni davlat aralashuvini cheklashni, mulk dahlsizligini va barcha sohalarda teng va halol raqobatni talab etadi.

  1. “Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilandi. Ya’ni — Mulkchilik munosabatlari Yangi Konstitutsiyamizdagi haqiqiy inqilobiy o‘zgarishlardan biri sifatida qayd etildi.

Xususiy mulk mulkdorga qanday huquqlarni beradi?

— mulkini sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish, meros qilib qoldirish qabi huquqlarni beradi. Eng muhumi xususiy mulkni davlat faqatgina mulkdorning roziligi bilan, shartnoma asosida, bozor narxida jamoat ehtiyojlari uchun qaytasotib olishi mumkin. Mulkidan mahrum bo‘lgan mulkdorga mol-mulkining qiymati, uning ko‘rgan zarari oldindan hamda teng qiymatda qoplanadi.

ESKI TAHRIR (54-modda) Mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. YANGI TAHRIR (66-modda) Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan molmulkka o‘z hoxshicha egalik qiladi, Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaat-larini buzmasligi shart. undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrofmuhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlat huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak.

Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi (67-modda). “Qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti” degan norma mamlakatda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlanganligi, mukammal va barqaror vonunchilik bazasi va sud-huquq tizimining mavjudligi, halol raqobat qilish imkoniyati yaratilganligi, ruxsat olish va hisobdorlik cheklanganligi, adolatli soliq tizimining amal qilishi, eng muhimi, daromadlarni erkin tasarruf etish cheklanmaganligi hamda investorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilganligi bilan belgilanadi. Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli (67-modda). Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga tadbirkorlik faoliyati uchun tom ma’noda asos soluvchi normaning kiritilishi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xo‘sh, tadbirkorlik faoliyatini samarali yuritishda mazkur norma qanday ahamiyat kasb etadi? Birinchidan, tadbirkorlarni qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish haqli ekanligini belgilanishi, daromad olish faoliyatining asosiy maqsadi bo‘lgan tadbirkorlar uchun iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida faoliyat yuritish imkoniyatini taqdim etadi. Bunda, muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishi qonun hujjatlari bilan ta’qiq qo‘yilmaganligi talab etiladi xolos. Ikkinchidan, o‘z faoliyat yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlash huquqi tadbirkorlarga o‘z biznes strategiyalarini boshqa shaxslarni, davlat organi va uni mansabdor shaxslarining o‘zboshimchalik bilan aralashuvisiz o‘z hohishi va manfaatlaridan kelib chiqqan xolda ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatini beradi. Konstitutsiyaga kiritilgan mazkur qo‘shimchalar erkin bozor iqtisodiyotini eng muhim talabini o‘zida ifoda etib, “qonunda ta’qiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni asosiy mezonlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlaydi. Qolaversa, shu kabi konstitutsiyaviy kafolatlar tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, soliq yukini kamaytirish, erkin va raqobatli biznes muxitini yaratish orqali 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirishga xizmat qiladi.

Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi (67-modda). Iqtisodiyotdagi har qanday monopollashuvdan barcha birdek aziyat chekadi: mijoz ham, tadbirkor ham, davlat ham. Shu bois, iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlari nuqtai nazaridan ham davlatning monopolistik faoliyatga qarshi kurashish kabi muhim vazifani o‘z zimmasiga olishi biznes hamjamiyatning ham, fuqarolarning ham manfaatiga javob beradi. Monopol faoliyatni bozor qonuniyatlariga amal qilgan holda tartibga solinishi oddiy mijoz manfaati nuqtai nazaridan kundalik ehtiyoji yuqori bo‘lgan tovar, ishlar va xizmatlar bozorida tanlash erkinligini ta’minlaydi hamda ularning arzon narxda va yuqori sifatda bo‘lishiga olib keladi. Konstitutsiyaga ushbu normaning kiritilishi tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratish orqali tadbirkorlar o‘rtasida halol raqobatni rivojlantirishga hamda ishlab chiqarishga yangiliklarni tezkor joriy etish orqali samaradorligini ortishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi (67-modda). Bozor iqtisodiyotining eng asosiy prinsiplaridan biri — bu erkin raqobat asosida tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va kapitalning mamlakat bo‘ylab xech qanday to‘siqlarsiz harakatlanishi hisoblanadi. Ushbu kafolat mamlakat iqtisodiy makonining birligini anglatadi. Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va uni to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyaga ushbu muhim qoida kiritilmokda. Mazkur norma birinchi navbatda tadbirkorlar oldida turgan eng murakkab to‘siqlarni bartaraf etadi. Bu esa jamiyat taraqqiyotiga, xususan, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi. Yagona iqtisodiy makon deganda soliq, pul-kredit, moliya, savdo va bojxona siyosati orqali tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishini ta’minlaydigan hududiy makon nazarda tutiladi. Tovarlar va xizmatlarning mamlakat bo‘ylab aylanishiga to‘siqlar joriy etilmasligi va tadbirkorlar tomonidan moliyaviy mablag‘larni to‘siqlarsiz tasarruf qila olish imkoniyati juda katta ahamiyatga ega. Chunki tadbirkor olgan foydasini mamlakatdan erkin olib chiqib ketish, boshqa bozorga yoki loyihaga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, u bu mamlakat bozorida faoliyat yuritishidan ma’no qolmaydi. Ushbu qoida kelgusida turli darajadagi mansabdor shaxslar tomonidan tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishini cheklovchi qarorlar qabul qilinishini cheklaydi.

Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza kilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin (68-modda). Uzoq yillar mobaynida O‘zbekistonda yerga nisbatan xususiy mulkning to‘laqonli joriy etilmaganligi haqiqiy mulkdorlar qatlamini yetarlicha shakllanmasligiga, yerni haqiqiy tovar sifatida bozor muomalasiga kiritilmasligiga hamda xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotga nisbatan ishonchini pasayishiga olib keldi. Shu bois, xech mubolag‘asiz ushbu norma yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi haqiqiy inqilobiy o‘zgarishlardan biri sifatida mulkchilik munosabatlari rivojiga xizmat qiladi.

Yerni xususiy mulk sifatida e’tirof etilishi bevosita mulkdorga qanday manfaat beradi? Xususiylashtirilgan yer uchastkasi mulkdori yerni sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish, meros qilib qoldirish kabi huquqlarni qo‘lga kiritadi. Eng muhimi, xususiy mulk bo‘lgan yerni davlat faqat mulkdorni roziligi bilan, shartnoma asosida, bozor narxida jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, yer “snos”ga tushib ketmaydi, davlat yerni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer begonalashtirilishi mumkin. Yerga nisbatan xususiy mulk tadbirkorlarning kredit layoqatlilik darajasini ortishiga ham xizmat kiladi hamda mol-mulkni oqilona boshqarish orqali daromadlarni ko‘paytirish imkonini beradi. Yerning xususiy mulk sifatida e’tirof etilishi mulkdorlar qatlamini kengayishiga, yer bozorining rivojlanishiga, yer uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha iqtisodiy samaradorlikni oshishiga xizmat qiladi.  

       M Saydullaev, Andijon viloyati Adliya bo’shqarmasi Xonobod shahar  

                        Adliya bo’limi davlat xizmatlari marklazi bosh mutaxassisi                

Улашинг: