Demokratik-huquqiy davlat qurishning asosiy vazifalaridan biri mamlakatda, xususan davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylikni ta’minlash hisoblanadi. Shuning uchun ham davlat organlari va tashkilotlariga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash ustuvor sohalardan biri hisoblanadi. Mazkur sohada yagona amaliyotni joriy etish, davlat organlari va tashkilotlariga professional yuridik xizmatni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-sentabr kunida qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlarida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari eksperiment tariqasida tashkil etilgan bo‘lib, eksperiment davomida ijobiy natijalarga erishilgan. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 29-iyun kuni “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida respublikamizning barcha hududlarida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish belgilanganligini alohida e’tirof etishimiz joiz.
Mazkur qarorning qabul qilinishi natijasida 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab tuman (shahar) darajasidagi 12 ta davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Shu davr mobaynida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga biriktirilgan tashkilotlar tomonidan bildirilgan ijobiy fikrlar ham gapimizning isboti deyishimiz mumkin.
Negaki, yangi tashkil etilgan yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarining oldin mavjud bo‘lgan yuridik xizmatdan farqli ravishda ijobiy jihatlari keng:
Birinchidan, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari biriktirilgan davlat organi yoki tashkilot rahbariga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat adliya boshqarmasi huzurida tashkil etilgan bo‘lib, bu orqali manfaatlar to‘qnashuvi hamda tashkilot rahbari va yuridik xizmat xodimi o‘rtasidagi bo‘ysinuv munosabatlariga chek qo‘yiladi.
Ikkinchidan, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga biriktirilgan davlat organlari va tashkilotlarida avval bitta shtat birligida yuristkonsult lavozimi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib har bir yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarida 3-7 tagacha xodim tashkilotlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu esa qabul qilinayotgan ichki buyruqlar, shartnomalar va boshqa yuridik tusdagi hujjatlarning sifatli ishlab chiqilishini hamda mazkur hujjatlarda qonun ustuvorligini va qonuniylikni to‘laqonli ta’minlashga xizmat qiladi. Joriy yilning 1-oktyabridan shu kunga qadar viloyatdagi yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlaridan qariyb 13 mingdan ortiq ichki buyruqlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, qonuniyligi ta’minlandi.
Uchinchidan, davlat organlari va tashkilotlari hamda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari o‘zaro “E-huquqshunos” elektron dasturi orqali integratsiya qilingan. Bu esa o‘z navbatida tashkilotlar faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, ortiqcha qog‘ozbozlikni oldi olinishini ta’minlaydi. Davlat organi va tashkilotlari hamda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari o‘rtasidagi hujjat aylanishi to‘liq electron tizim orqali amalga oshiriladi. Shu bilan bir qatorda yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimi tomonidan hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish natijalari yuzasidan bergan huquqiy xulosasi ham tizimda saqlanib qoladi. Bu orqali markazlar faoliyatini to‘liq tahlil qilish va nazorat qilib borish imkoniyatini yaratadi. Mazkur amaliyot orqali fuqarolarning qonunlar bilan qo‘riqlanadigan huquq va erkinliklariga putur yetkazishning oldi olinadi.
Yuqorida keltirilgan fikrlarga asoslangan holda shuni aytishimiz mumkinki, navbatdagi asosiy vazifa – bu yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini va yo‘nalishini kengaytirish hisoblanadi.
Adliya vazirligi tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini kengaytirish, tuman (shahar) darajasidagi boshqa tashkilotlarni ham biriktirish yuzasidan keng ishlarni amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidlash joiz. 2 oylik davr mobaynida respublika miqyosida 12 ta davlat organlari va tashkilotlariga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatish natijasida fuqarolarning huquqlari samarali himoya qilindi, tashkilotlar faoliyatida qonuniylik ta’minlandi. Fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida bir qator tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlarni ham yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga biriktirish zaruriyati tug‘ilmoqda.
Xususan, Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari, agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi tuman bo‘limilarini hamda maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarini ham yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga biriktirish taklifi berilgan bo‘lib, adliya vazirligi tomonidan tahliliy ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ichki buyruq, shartnoma va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar qabul qilish imkoniyati mavjudligi hamda boshqa bir qator asoslar inobatga olingan holda taklif etilgan.
Taklif etilayotgan davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmat xodimi lavozimi mavjud emasligi eng muhim asoslardan biri hisoblanadi. Quyidagi holatlarni bartaraf etish uchun ham mazkur tashkilotlarni yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga biriktirish zarur deb hisoblaymiz.
Birinchidan, tashkilotda ishlovchi xodimlarning huquqlarini himoya qilish, ularga huquqiy yordam berish hamda tashkilotlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash zaruriyatini vujudga keltiradi.
Ikkinchidan, davlatr organlari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash zaruriyatining mavjudligi. Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan tashkilotlardagi barcha ichki buyruqlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda yuridik xulosa beriladi. Bu esa o‘z navbatida mazkur hujjatlarda qonun talablari buzilishi holatlarini aniqlash va oldini olish imkoniyatini yaratadi.
Uchinchidan, mazkur tashkilotlar tomonidan sudgacha talabnoma va sudga da’vo arizalari kiritish imkoniyati mavjud. Ammo, sudda ularning huquqini himoya qilish uchun yuridik xizmat xodimi mavjud emas. Shu kunga qadar yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan tashkilotlar manfaatlarini himoya qilib, 3.8 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘larini undirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinishiga erishilgan.
Yuqorida keltirilganlarga asoslangan holda shuni aytishimiz mumkinki, taklif etilayotgan davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘limlariga yuridik xizmat ko‘rsatishni tashkil etish orqali ularning faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligi, xodimlarning huquq va erkinliklari ta’minlanadi hamda professional yuridik xizmat tizimi joriy etilishiga erishiladi.
М. Odiljonov,
Andijon viloyat Adliya boshqarmasi Huquqiy ekspertiza va yuridik
xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh maslahatchisi