Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Xodimga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi asoslari

                                                       Oltinko’l tuman yuridik hizmat ko’rsatish  markazi bosh yuristkonsulti G.Begmurodova

Ma’lumki, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasida mehnat shartnomasining tuzilishi taraflar uchun muayyan huquq va majburiyatlarning vujudga kelishiga asos bo‘ladi. Ushbu huquq va majburiyatlar mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan belgilangan bo‘lib, xodimlar, ish beruvchilar, haqqoniy va xavfsiz mehnat shart-sharoitlarini, xodimlarning mehnat huquqlari va sog‘lig‘i himoya qilinishini ta’minlaydi.

Asosiy Qonunimiz hisoblanmish Konstitutsiyamizda belgilanganidek, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Mehnat shartnomasining bir tarafi (ish beruvchi yoki xodim) mehnat sohasidagi vazifalarni bajarishi munosabati bilan boshqa tarafga yetkazgan zararini mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga muvofiq qoplaydi. Xodimga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi xususida so‘z yuritadigan bo‘lsak, mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati, uning miqdori, tartibi va muddatlari keltirilgan. Xususan, Mehnat kodeksining 185-197-moddalari aynan mazkur masalaga oid bo‘lib, mehnat shartnomasining bir tarafi o‘zining g‘ayrihuquqiy aybli xulq-atvori (harakati yoki harakatsizligi) natijasida boshqa tarafga yetkazgan zarari uchun moddiy javobgar bo‘lishi, bunda taraflarning har biri o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning miqdorini isbotlab berishi shartligi (Mehnat kodeksining 186-moddasi) belgilangan.

Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar qanday hollarda qoplanadi?

O‘z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan yoki mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilganligi natijasida xodimga, boquvchisi ish bilan bog‘liq holda vafot etgan taqdirda esa uning oila a’zolariga yetkazilgan har qanday zarar (shu jumladan, ma’naviy zararni) ish beruvchi tomonidan to‘liq hajmda to‘lanadi.

Ma’naviy zarar (jismoniy yoki ruhiy azoblar) pul shaklida yoki boshqa moddiy shaklda hamda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ravishda, xodim mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda vafot etgan taqdirda esa, — ish beruvchi va vafot etgan xodimning oila a’zolari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ravishda belgilangan miqdorda qoplanadi. Ma’naviy zararni qoplash yuzasidan nizo chiqqan taqdirda, bu masala sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilganda ish beruvchi tomonidan yetkazilgan zarar to‘lanadimi?

Xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqi ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. Bunday majburiyat, agar ish haqi ishga qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi, mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi va mehnat nizolarini ko‘ruvchi organning bunday ishlar yuzasidan chiqarilgan qarori o‘z vaqtida bajarilmaganligi, mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi, har qanday yo‘llar bilan xodimning sha’niga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar tarqatilganligi natijasida, basharti, bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasa, shuningdek, boshqa hollarda olinmay qolgan bo‘lsa, kelib chiqadi.

Ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi. Xodimning iltimosiga ko‘ra sud ishga tiklash o‘rniga uning foydasiga kamida uch oylik ish haqi miqdorida qo‘shimcha haqni belgilangan tartibda undirib berishi mumkin.

Xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar ish beruvchiga majburiyat yuklaydimi?

Xodimning mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki o‘z mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zarar ish beruvchi tomonidan to‘liq hajmda to‘lanishi shart.

Xodimning ish beruvchining hududida ham, uning tashqarisida ham mehnatda mayib bo‘lishi, shuningdek ish beruvchi tomonidan ajratilgan transportda ish joyiga kelayotgan yoki ishdan qaytayotgan vaqtda shikastlanishi natijasida yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy javobgar bo‘ladi.

Mehnatda mayib bo‘lish oqibatida yoki o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli xodimga yetkazilgan zararni ish beruvchi, agar zarar uning aybi bilan kelib chiqmaganligini isbotlab berolmasa, to‘lashi shart.

O‘z mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtida yuqori xavf manbai natijasida xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni ish beruvchi, agar zarar uni bartaraf qilish mumkin bo‘lmagan kuchlar tufayli yoki jabrlanuvchi qasddan qilganligi oqibatida kelib chiqqanligini isbotlab berolmasa, to‘lashi shart.

To‘lanishi lozim bo‘lgan zarar jabrlanuvchining mehnatda mayib bo‘lishiga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik to‘lovdan, sog‘lig‘iga shikast yetishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarning kompensatsiyasidan, shuningdek belgilangan hollarda esa, — bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lashdan iboratdir.

Kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasi va jabrlanuvchining qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligi tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi tomonidan aniqlanadi. Zarar o‘rnini qoplash uchun to‘lovlarni tayinlashda jabrlanuvchi olayotgan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib bo‘lgan jabrlanuvchilar — nogironlarga zararni qoplash uchun to‘lanadigan summa qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 17,6 foizidan oz bo‘lishi mumkin emas.

Xodimning mol-mulkiga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy javobgar bo‘ladimi?

Mehnat shartnomasida belgilangan vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi natijasida xodimning shaxsiy buyumlari yoki boshqa mol-mulkiga zarar yetkazgan ish beruvchi bu zararni natura holida qoplashi lozim. Zararni natura holida qoplashning iloji bo‘lmagan taqdirda yoki xodimning roziligi bilan mol-mulkning qiymati shu joyda amalda bo‘lgan baho bo‘yicha to‘la hajmda qoplanadi.

Xodimga yetkazilgan zararni undirishga doir ishlarni ko‘rib chiqish tartibi qanaqa?

Zararni undirish haqidagi arizani ish beruvchiga jabrlanuvchi xodim, xodim vafot etgan taqdirda esa, zarar to‘lovini olishga haqli bo‘lgan manfaatdor shaxslar beradi.

Ish beruvchi arizani ko‘rib chiqishi va ariza tushgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida tegishli qaror qabul qilishi shart.

Ish beruvchining xodimga zararni to‘lash haqidagi buyrug‘ining nusxasi yoki rad etish haqidagi dalil-asosli yozma javobi u qabul qilingan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida xodim yoki manfaatdor shaxslarga topshiriladi.

Xodim yoki manfaatdor shaxslar ish beruvchining qaroriga rozi bo‘lmagan yoki belgilangan muddatda javob olmagan taqdirda, ular mazkur nizoni hal qilib berish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin.

 

Улашинг: