Joriy yilning 2-martida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–146-son qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–146-son qarori bilan:
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi;
mahalliy Kengashlarda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar tashkil etildi.
Bosh prokuraturada Xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash hamda ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etildi.
Bosh prokuratura xotin-qizlar huquqlarini hamda tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohalaridagi qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan tizimli nazorat oʻrnatadi.
Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari quyidagi huquqlarga ega:
vazifalarni amalga oshirish uchun, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;
statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish;
xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda oilani mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan majburiy taqdimnomalar kiritish;
xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini koʻzlab sudlarga ariza (shikoyat) va daʼvolarni kiritish;
xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda oilani mustahkamlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish.
2022-yil 1-maydan mahalladagi xotin-qizlar faolining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:
xonadonlar soni 500 tagacha boʻlgan mahallada – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3,5 baravari (2 mln 877 ming soʻm) miqdorida;
xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha boʻlgan mahallada – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4 baravari (3 mln 288 ming soʻm) miqdorida;
xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq boʻlgan mahallada – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4,5 baravari (3 mln 699 ming soʻm) miqdorida.
M.Axmatoxunov,
Andijon viloyat adliya boshqarmasining
Huquqiy ekspertiza va yuridik xizmatlarning
Faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i