Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur – xotin-qizlarni tizimli qo’llab-quvvatlashning yangi shakli

O‘zbekistonda “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar” doirasida ustuvor maqsadlardan biri sifatida “Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” belgilangan bo’lib, ushbu maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning o‘z huquq va manfaatlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirishida ularni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi dasturlarni kengaytirish talab etiladi. Shu munosabat bilan joriy yilning 7-mart kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-son farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon asosida Mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish maqsadida 2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dasturi tasdiqlandi. Mazkur milliy dasturning qabul qilinishiga ham bir necha sabablarni keltirib o’tishimiz mumkin. Xususan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgan bo’lsada, O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tishi davrida barcha xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimini yuqori bosqichga ko‘tarish hamda jamiyatda xotin-qizlar o‘rni va rolini yanada oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Biroq, bugungi kunda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishda quyidagi muammolar saqlanib qolmoqda:
xotin-qizlarning, ayniqsa, qishloq joylardagi xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish, ishsiz xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, ularni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmagan;
yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksa yoshdagi ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, ularni ehtiyojmandlik holatidan chiqarishga qaratilgan ishlar samarali tashkil etilmagan;
xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ular tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga sabab bo‘lgan omillar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga hamda huquqiy oqibatlarini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar ko‘lami yetarli emas;
ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar va kam ta’minlangan oilalarga tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ularga subsidiyalar ajratish va bandligini ta’minlash uchun imtiyozli kreditlar (shu jumladan, mikrokreditlar) ajratish tartib-taomillari bo‘yicha targ‘ibot ishlari hamda uslubiy-amaliy ko‘maklashish tizimida sustkashliklar mavjud.
Yangi qabul qilingan milliy dasturdan ko’zlangan asosiy maqsad — xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, qizlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, iqtidorli va bilimli qizlarni tarbiyalash hamda ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, jamiyatda, xususan, davlat boshqaruvida ularning rolini mustahkamlash hamda gender tenglikni ta’minlashdan iborat.
Bundan tashqari, milliy dastur doirasida quyidagi ishlarni amalga oshirish ko’zda tutilgan:
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;
Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish;
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish;
Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeyini yanada mustahkamlash;
Xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning rolini yanada oshirish;
Oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;
Xotin-qizlar orasida qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va shakllarini tatbiq etish.
Milliy dastur joriy etilgach, quyidagi natijalar kutilmoqda:
“Bir million dasturchi” loyihasida ishtirok etadigan xotin-qizlar soni 30 foizga yetkaziladi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashish maqsadida 14 ta hududda kooperativlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining magistraturasiga o‘qishga tavsiya etilgan nomzodlar orasida xotin-qizlar ulushi 30 foizgacha yetkaziladi;
oliy ta’lim muassasalarida psixolog mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha qabul parametrlari 30 foizga oshiriladi;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 46 ta tug‘uruq bo‘limi negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi;
respublikada istiqomat qilayotgan 337 mingdan ziyod xotin-qizlarni tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish ko‘lami kengaytiriladi, ularni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida ambulator reabilitatsiya qilish mexanizmlari joriy etiladi;
xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari takomillashtiriladi, xalqaro konvensiyalar va milliy qonunchilik normalari ijrosi qat’iy nazoratga olinadi;
nogironligi bo‘lgan yoki nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ayollar, uy-joysiz, boquvchisi bo‘lmagan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj ayollar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi.

M. Odiljonov,

Andijon viloyati adliya boshqarmasi
Huquqiy ekspertiza va yuridik xizmatlarning
faoliyatini muvofiqlashtirish bo’limi
Bosh maslahatchisi

Улашинг: