Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilib, farzandlarimizning jahon andozalari darajasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, ularning qobiliyat va iste’dodini, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini yuksaltirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilgan oliy ta’lim sohasidagi islohotlar doirasid amalakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari, xususan, oliy ta’lim muassasalarida (OTM) kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, bugungi kunda oliy ta’lim sohasida o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud bo‘lib, yangi o‘qitish metodlari, axborot texnologiyalari va raqamli texnologiyalaridan samarali foydalanish, kelajak ish o‘rinlariga munosib bitiruvchilarni tayyorlash, oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimi boshqaruvini samarali tashkil etish hamda menejmentning zamonaviy usullaridan foydalanish muhim masalalardan biridir. “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida” gi Prezident qarori qabul qilinishi ushbu islohatning davomi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Qarorga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan: Davlat OTMlarida ular imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi; O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning taklifi asosida Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanashi belgilandi; Davlat OTM magistraturasiga qabul abiturientning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.Shuningdek, davlat OTM magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Bunda, avgust oyidagi qabul – navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan OTMlarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq; -Yanvar oyidagi qabul – dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladigan tartib belgilandi. Davlat OTM magistraturasiga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abiturientlarning to‘lov-kontrakt summasi OTM tomonidan mustaqil belgilanadi.Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan summadan kam bo‘lmagan miqdorda OTM tomonidan mustaqil belgilanadi. OTMga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. OTMga o‘qishga kirishda xotin-qizlarga qo‘shimcha 2 mingta davlat granti ajratiladi Qarorga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan: davlat OTMga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi; Davlat OTMga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan tasdiqlanadi hamda har yili 20 iyungacha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi; OTM bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos keluvchi imtihon fanlari majmuasi imtihon sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin e’lon qilinadi. 2022/2023 o‘quv yilidan respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1 000 ta o‘rin ajratib boriladi. Shuningdek, qarorga ko‘ra, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 2022/2023 o‘quv yilidan bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Bunda, tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanadi; Har yili 20 iyulgacha tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun davlat granti o‘rinlarining OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Qarorga ko‘ra, quyidagilar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi: ▫ — 2021/2022 o‘quv yilida davlat OTM magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning
- 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori;
- 2022/2023 o‘quv yilidan davlat OTM magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori.
Gulmira Begmurodova,
Oltinko’l tuman adliya bo’limi yuridik hizmat ko’rsatish
markazi bosh yuristkonsulti.