Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosi va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ularning moliyaviy barqarorligini va davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro samarali hamkorligini ta’minlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, 2022-yil 14-iyunda Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 328-son qarori qabul qilindi.
Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar nazarda tutildi:
– mahalliy NNTlarning chet ellik shaxslardan oladigan mablag‘lar doirasidagi xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish uchun ularga tegishli sohadagi davlat boshqaruvi organini milliy hamkor sifatida biriktirish tartibi;
– xalqaro grant loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni milliy manfaatlarni hisobga olgan holda tasdiqlash;
– milliy hamkor tomonidan mahalliy NNTga xalqaro grant loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi, uning natijalari monitoring qilinishida amaliy yordam berish hamda manfaatdor tashkilotlar ushbu jarayonga jalb qilinishini ta’minlash tartibi.
Nizomga ko’ra, hududiy adliya organlari NNTning chet ellik shaxslardan mablag‘lar olinishini kelishgan yoki chet ellik shaxslardan olinadigan mablag‘lar haqida xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida bu haqda Adliya vazirligiga yozma yoki elektron shaklda ma’lumot kiritadi.
O’z navbatida, Adliya vazirligi NNTning grant loyihalari doirasida mablag‘lar olinishi kelishilganligi (xabarnoma berilganligi) yoki hududiy adliya organining ma’lumoti haqida Tashqi ishlar vazirligiga ikki ish kunidan kechiktirmasdan xabarnoma yuboradi.
Tashqi ishlar vazirligi ushbu xabarnomani ko‘rib chiqib, chet ellik shaxslar tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan grant loyihasi yuzasidan tegishli xulosani Adliya vazirligiga besh ish kuni ichida taqdim qiladi.
Adliya vazirligi mazkur xulosa asosida ikki ish kuni ichida ushbu NNTga grant loyihasini amalga oshirishda amaliy yordam berish va hamkorlik qilish uchun milliy hamkorni biriktirish choralarini ko‘radi. Milliy hamkorni tanlashda NNTning taklifi ustunlikka ega bo‘ladi.
Adliya vazirligi NNT bilan kelishilgan holda, milliy hamkorning biriktirganligi haqida milliy hamkor sifatida biriktirilgan tashkilotni ikki ish kuni ichida xabardor qiladi.
Milliy hamkor NNTga grant loyihasining sifatli, o‘z vaqtida amalga oshirilishi va natijalarining monitoring qilinishida amaliy yordam berish hamda hamkor tashkilotlarning ishini muvofiqlashtirib borish uchun mas’ul hisoblanadi. Bunda milliy hamkorning NNT ichki ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Milliy hamkor NNT bilan o‘zaro hamkorlik doirasida grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash, grant loyihasining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda tadbirlarni monitoring qilish va baholab borish, grant loyihasini amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan muammolarni hal etish, grant loyihasini amalga oshirish natijalarini tahlil qilish va boshqa tadbirlarni amalga oshiradi.
“Yo‘l xaritasi”da grant loyihasini amalga oshirishga qaratilgan tadbirlar nomi, tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadigan mablag‘lar miqdori, amalga oshirish muddatlari va mexanizmi, amalga oshirish hududi va boshqa xususiyatlari, milliy hamkor va hamkor tashkilotlar aks ettiriladi.
“Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun milliy hamkor va hamkor tashkilotlar mas’ul hisoblanadi.
Milliy hamkor grant loyihasini amalga oshiruvchi NNT bilan kelishgan holda, “yo‘l xaritasi” ijrosi yakuni bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotni Adliya vazirligiga, grant loyihasi tugagandan keyin o‘n ish kunidan kechiktirmasdan Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasiga axborot uchun kiritadi.
Q. Usmanov,
Andijon viloyat adliya boshqarmasi
Nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘limi
yetakchi maslahatchisi.