Bugungi kunda er-hotin ajralishi vaqtida ko‘plab uchrab turadigan nizolardan biri er va hotinning umumiy mulki, qarzlari va to‘y harajatlarini bo‘lish masalasi hisoblanadi. Amaliyotda aksariyat hollarda ajrashilish vaqtida hotin (ayrim hollarda esa er) tomonidan mulkiy ta’minlash talabi doimiy ravishda uchrab turadi. Shuningdek o‘rtadagi qarz masalasi ham dolzarbligini saqlab kelmoqda. Bunday hollarda quyidagicha savollar vujudga keladi: er-hotinning umumiy mulki, qarzlari taqdiri nima bo‘ladi? Bu borada O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida qanday normalar keltirilgan?
Er (hotin)ning umumiy mulki nima?
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasiga ko‘ra er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Nikoh shartnomasi nima?
Oila kodeksiga muvofiq nikoh shartnomasi nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi hisoblanadi. Nikoh shartnomasining afzalliklari nimada namoyon bo‘ladi? Nikoh shartnomasida er va hotinning nikohdan ajratilgan davrida mulkiy bo‘linishini ya’niki, qaysi mulk aynan qaysi taraf ihtiyorida qolishini belgilovchi shartnomadir. Mazkur shartnomaning afzalligi agar ajratilish vujudga kelsa, mulkiy nizolarning oldini olish mumkin bo‘ladi. Shuningdek ushbu shartnoma nikoh tuzilishidan oldin yoki nikoh davrida tuziladi. Afsuski, mamlakatimizdagi aksariyat fuqarolar bu kelishuvni milliy qadriyatiga zid deb hisoblashadilar, ya’ni oila qurilayotgan vaqtda ajrashuvni o‘ylash yaxshi ma’noda qabul qilinmaydi. Buning natijasida nikoh shartnomasi ko‘pincha tuzilmasdan qolib ketadi.
Hotin (er)ning nikohdan ajratilgandan so‘ng umumiy mol-mulkni bo‘linishidagi ulushlari qanday?
Oila kodeksining 44-moddasiga asosan agar er va hotin o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa ajratish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud tomonidan er va xotinning (ulardan birining) talabiga ko‘ra ularning birgalikdagi mulki bo‘lgan mol-mulkni bo‘lishi kabi masalalar ko‘rib chiqilishi kerak. Aksariyat hollarda tomonlar umumiy mulkning bo‘linishi bilan bir qatorda to‘y harajatlarini ham undirilishini talab qiladilar. Lekin mazkur moddaga asosan to‘yni o‘tkazishga ketgan sarf-harajatlar undirish haqidagi talablar qanoatlantiralmaydi. Ya’ni sudga mazkur talabning ko‘yilishi ijobiy natija bermaydi. Afsuski, bunday talablarning ko‘plab uchrab turishi mamlakatimizdagi to‘ylarning ortiqcha dabdababozlikning tobora oshib borishi bilan izohlasak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Oila kodeksining 28-moddasiga ko‘ra umumiy mol-mulkni bo‘lishda, ulushlarni aniqlashda (nikoh shartnomasida boshqacha holat bo‘lmasa) ulushlar er va hotin o‘rtasida teng deb hisoblanadi. Takidlash joizki, sud voyaga yetmagan bolalar manfaatlaridan va (yoki) er va xotindan birining e’tiborga loyiq manfaatini hisobga olib, jumladan, agar er yoki xotin uzrsiz sabablarga ko‘ra daromad olmagan bo‘lsa yoxud er va xotinning umumiy mol-mulkini oila manfaatlariga zarar yetkazgan holda sarflagan bo‘lsa, er va xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushlari tengligidan chekinishga haqlidir.
Er va hotin o‘rtasidagi qarzlar taqdiri nima bo‘ladi?
Er va xotinning umumiy mol-mulklari hamda umumiy qarzlarini bo‘lishda ularga belgilangan ulushlarga mutanosib ravishda har ikkalasi o‘rtasida taqsimlanadi. Shuningdek agar er va xotindan biri umumiy mol-mulkni er yoki xotinning erkiga zid ravishda va oila manfaatiga mos bo‘lmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra sarflagan yoki boshqa shaxsga o‘tkazgan bo‘lsa, uni bo‘lishda bu mol-mulk yoki uning qiymati hisobga olinadi. Aytishimiz mumkinki, qonunchiligimizga ko‘ra er va hotin o‘rtasida ajrashilish vujudga keladigan taqdirda ular nikoh davrida ortirilgan har qanday mulkni yoki qarzlarni bo‘lishda er yoki hotinning daromadidan qati nazar teng huquqli hisoblanadilar. Shuningdek e’tibor berish kerak, umumiy mulk yoki qarz faqat nikoh tuzilganidan keyin vujudga kelishi kerak. Bunda nikoh tuzilishidan oldingi davr mobaynida mavjud bo‘lib kelgan mulklar yoki qarzlar umumiy mulk yoki qarzlar sirasiga kirmaydi va bo‘linmaydi.
Sh. Shoyadbekov,
Ulug’nor tuman yuridik xizmat ko’rsatish markazi Bosh yuristkonsulti: