Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

INSON HUQUQLARI BO’YICHA O’QUV KURSLARI

DAVLAT ORGANLARI XODIMLARI UCHUN INSON HUQUQLARI BO‘YICHA O‘QUV KURSLARI TASHKIL ETILADI

Inson huquqlari sohasida ta’lim – bu inson huquqlari bo’yicha bilim, ko’nikma va dunyo qarashni shakllantirish orqali inson huquqlari umumiy madaniyatni yaratishga yo’naltirilgan tizim va maqsadli harakatlardir.

Binobarin, inson huquqlarini faqat va faqat inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha bilim va ko’nikmalarni tarqatish, keng ommaning kundalik hayotiga joriy qilish orqaligina amalga oshirish mumkin. Shuning uchun, mamlakat rivoji va fuqarolik jamiyati istiqboli masalasi inson huquqlari sohasidagi ta’lim bilan chambarchas bog‘liq.

Yaqin yillar davomida mazkur sohaga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilib, bir qator yirik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashining
46-sessiyasidagi tashabbus va takliflarini amalga oshirish doirasida 2022-yil
5-6-dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” Global forumi o‘tkazilganligi fikrimizning yorqin dalilidir.

Joriy yilning 7-fevral sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-46-son Qarori imzolandi. Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida 2020 — 2024-yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifa va maqsadlar belgilab berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi hamda Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, 30 dan ortiq amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, mazkur qaror nafaqat mamlakatdagi ta’limning, balki butun jamiyat ijtimoiy hayotining inson huquqlariga oid qismining yana bir karra yuksalishiga hamda keng ko‘lamda rivojlanishiga muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Boisi, mazkur norma orqali inson huquqlari sohasida ta’lim olish va o‘qitish tizimini tubdan yaxshilash, jamiyatning qaynoq qatlami hisoblangan yoshlarning inson huquqlari va asosiy erkinliklari bo‘yicha huquqiy savodxonligini yuksaltirish, shu bilan birga, inson va fuqarolar bilan bevosita munosabatda bo‘luvchi davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, yangi bosqichga ko‘tarish ko‘zda tutilgan.

Ahamiyatlisi shundaki, qarorda inson huquqlari ta’limining zamonga mos tarzda  takomillashtirishga alohida urg‘u berilgan. Masalan, kelgusi o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha tegishlicha o‘quv va maxsus kurslar joriy qilish, “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovini o‘tkazish hamda inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformani yaratib, ishga tushirish kabi vazifalar belgilangan.

Huquqiy davlatdagi qonun ustuvorligi darajasi uning fuqarolarining huquqiy ongi va madaniyati darajasi bilan parallel ravishda tengdir. Ijtimoiy faol jamiyat barpo etishda davlat funksiyalari amalga oshiruvchi – davlar organlari va tashkilotlarining saviyasi, siyosiy va huquqiy madaniyati muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan, inson qadri va uning ijtimoiy-huquqiy maqomini anglash barcha davlat fuqarolik xizmatchilarining majburiy shartidir.

Qaror bilan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilishi belgilangan. Shuningdek, rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy qilish nazarda tutilgan.

Shu negizda, mazkur qaror xalqaro shartnomalarda mamlakatimiz zimmasiga olgan majburiyatlarni, Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yo‘lida qabul qilingan muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

ABDURASULOV XOLMUHAMMAD

MUHAMMADQODIR O‘G‘LI

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

tayanch doktoranti 

 

 

 

 

Улашинг: