Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Adolatli shoh va buyuk shoir

Adolatli shoh  va buyuk shoir

Zahiriddin Muhammad Bobur  Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan shoir, olim boʻlish bilan birga,  yirik davlat arbobi va buyk sarkarda edi. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solaoldi hamda bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan  mustahkam oʻrin oldi.

Uning “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), «Xatgi  Boburiy», “Harb ishi” asarlari, nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari boʻlib, Aruz haqidagi risolalari  islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa boʻlib qoʻshildi. Bobur Hindistonda siyosiy muhitni barqarorlashtirish, mamlakat  yerlarini birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish bogʻ-rogʻlar yaratish ishlariga  shaxsan oʻzi homiylik qildi. Hozirgacha mashhur boʻlgan meʼmoriy yodgorliklar, bogʻlar, kutubxonalar, karvonsaroylar qurdirish, ayniqsa, uning oʻgʻillari va avlodlari davrida kengaydi. Hindiston sanʼati va meʼmorchiligiga Markaziy Osiyo uslubining kirib kelishi sezila boshladi. Bobur va uning hukmdor avlodlari huzurida oʻsha davrning ilgʻor va zehni oʻtkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir maʼnaviy-ruhiy muhit vujudga kelgandi.

Boburiylar davlatidagi madaniy muhitning Hindiston uchun ahamiyati haqida hind xalqining mashhur arbobi Javoharlaʼl Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katga siljishlar yuz berdi va yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”. Boburning butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asari “Boburnoma” hisoblanadi. Maʼlumki, unda Bobur yashagan davr oraligʻida Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi  yaxshi yoritilgan. Asar asosan uch qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismi — XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarni; ikkinchi qismi — XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Kobul ulusi, yaʼni Afgʻonistonda roʻy bergan voqealarni; uchinchi qismi — XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bagʻishlangan. “Boburnoma”da oʻsha davrning siyosiy voqealari mukammal bayon qilingan, oʻz yurti Fargʻona viloyatining siyosiy-iqtisodiy ahvoli, uning poytaxti Andijon shahri, Markaziy Osiyoning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Oʻsh, Urganch, Oʻratepa, Termiz va boshqa shaharlar haqida nihoyatda nodir maʼlumotlar keltirilgan. Unda Kobul ulusining yirik shaharlari Kobul, Gʻazna va ular ixtiyoridagi koʻpdan-koʻp tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston haqida maʼlumotlarni uchratishmumkin.

“Boburnoma”ni varaqlarkanmiz, koʻz oldimizdan Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston xalqlariga xos boʻlgan fazilat va nuqsonlar, ularning tafakkur olamini kengligi va murakkabligi bilan birga, oʻsha davrdagi hayot muammolari, Bobur davlatidagi siyosiy va ijtimoiy hayotning toʻliq manzarasi namoyon boʻladi. Murakkab davr voqea-hodisalari batafsil bayonini “Boburnoma”da koʻrgan boʻlsak, shoh va shoir  Boburning ichki kechinmalari, qalb tugʻyonlari  va orzu-aʼmollari  uning  sheʼrlarida koʻrinadi. Bobur sheʼriyatida Vatan tuygʻusi, Vatan sogʻinchi, unga qaytish umidi mavj uradi.       Bobur  lirikasida  yor vasli, uning goʻzalligi,  hijron azobi, ayriligʻ alamlari, visol quvonchlari  goʻzal va mohirona ifoda etiladi.       

Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzung hajrida sargʻardim,

Koʻrub rahm aylagil, ey lola ruh, bu chehrai zardim.

Sen ey gul, qoʻymading sarkashligingni  sarvdek hargiz,

Ayogʻingga tushub bargi xazondek muncha yolvordim.

Shoir oʻz lirik sheʼrlarida har doim odamlarni yaxshilikka, adolat, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlashga chaqiradi:       

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,

Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.

Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonligʻ hargiz,

Har kimki yamon boʻlsa, jazo topqusidur.

Zahiriddin Muhammad Bobur  lirik sheʼrlari va tarixiy  “Boburnoma”-sidan tashqari, islom qonunshunosligi va tasavvufda yaxshi asarlar yaratgan. Xulosa shuki,  adolatli shoh va buyuk shoir Bobur oʻzining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir hamda ijtimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida oʻchmas iz qoldirdi.

Yusupova Dilafruz ,

Namangan Davlat Universiteti Filologiya va tillarni o’qitish fakulteti 3 kurs talabasi.    

Улашинг: