Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

OʻZBEKISTONDA SUD-HUQUQ TIZIMI: YANGI BOSQICH SARI

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston sud-huquq tizimida tub islohotlar davom etmoqda.
2026-yilning ikkinchi yarmiga kelib bu jarayon yangi, yanada tizimli koʻrinish oldi — mamlakat rahbariyati sudlar faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirishga qaratilgan «Odil sudlov — 2030» strategiyasi loyihasini taqdim etdi. Ushbu hujjat aholining takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan olib borilgan muhokamalar, shuningdek xorijiy ilgʻor tajriba asosida ishlab chiqilgan boʻlib, unda

57 ta vazifa, 2026–2028-yillarga moʻljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir va 2030-yilgacha erishilishi lozim boʻlgan 33 ta maqsad belgilangan.
Sud tizimini institutsional qayta qurish Islohotning markazida sud instansiyalari tuzilmasini optimallashtirish turibdi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlari tugatildi. Ularning oʻrniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat markazlari va Toshkent shahrida yiriklashtirilgan tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etildi. Bu qadam sud tizimi samaradorligini oshirish va tadbirkorlarning odil sudlovdan foydalanishini soddalashtirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yangilik — 2027-yil 1-iyuldan boshlab mamlakat boʻylab 5 ta hududlararo sud tashkil etilishi rejalashtirilgan. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib qolgan holda, taftish (nazorat) instansiyasining vakolatlari aynan shu hududlararo sudlarga oʻtkaziladi. Bu yangilik bir sudning oʻz chiqargan qarorini yana oʻzi qayta koʻrib chiqishi amaliyotiga barham beradi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borishi zaruratini kamaytiradi.
Shu bilan birga, kundalik hayotiy masalalarni koʻrib chiqadigan fuqarolik sudlarini aholiga yaqinlashtirish maqsadida 2030-yilgacha bosqichma-bosqich deyarli barcha tuman va shaharlarda mustaqil fuqarolik sudlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Fuqarolar uchun soddalashtirilgan tartiblar Islohot fuqarolarning sudga murojaat qilish jarayonini ham yengillashtirishga qaratilgan. Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanishda «yagona darcha» tamoyili joriy etilmoqda. Endilikda, agar ariza boshqa sudga tegishli boʻlsa, u fuqaroga qaytarilmaydi — sudning oʻzi arizani tegishli instansiyaga yoʻnaltiradi. Arizada juzʼiy kamchilik aniqlansa, sud buni bartaraf etishda fuqaroga faol koʻmaklashadi.
Bundan tashqari, fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan koʻrib chiqilayotgan ishlarning katta qismi aslida nizosiz ekanligi inobatga olinib (yiliga taxminan 1 million nizosiz ish, shundan 200 mingtasi kommunal qarzlar boʻyicha), bunday oddiy masalalarni sud tartibidan maʼmuriy organlar — xususan, notarial idoralar zimmasiga oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Bu sudlar yukini kamaytirib, murakkab va bahsli ishlarga koʻproq eʼtibor qaratish imkonini beradi.
Tadbirkorlar uchun «proaktiv boshqaruv» Iqtisodiy nizolarni tezroq va samaraliroq hal etish maqsadida 2028-yil 1-yanvardan «iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish» standarti joriy etiladi. Bu standart tadbirkorlarning turli idoralar orasida sarson-sargardon yurishi va bir xil hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga barham berishga qaratilgan.
Jinoyat-protsessual sohadagi oʻzgarishlar Inson erkinligi va huquqlarini himoya qilish borasida ham sezilarli yangiliklar koʻzda tutilgan. Tergov va surishtiruv bosqichida inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish maqsadida «asosli gumon» (prima facie) standarti joriy etilmoqda. Yangi tartibga koʻra, tergov sudyasi shaxsni hibsga olish yoki boshqa choralarni sanksiya qilish masalasini koʻrib chiqishda ushlab turishning qonuniyligini, gumon yoxud ayblovning yetarli asoslanganligini chuqur tekshirish, shuningdek zarur qoʻshimcha hujjatlarni talab qilish huquqiga ega boʻladi. Bu meʼyor shaxs erkinligining asossiz cheklanishiga yoʻl qoʻymaslikka xizmat qiladi.
Sud maʼmuriyati va raqamlashtirish Strategiya doirasida 2028-yil 1-yanvardan «sud maʼmurchiligi» instituti joriy etiladi. Uning vazifasi — sudyalarni odil sudlov bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan tashkiliy, moddiy-texnik, moliyaviy va axborot-tahliliy ishlardan ozod etish. Sud maʼmuriyati sudyalar faoliyatini taʼminlash, raqamlashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda sud apparati xodimlari bilan ishlashga masʼul boʻladi.
Shuningdek, «Raqamli sud» konsepsiyasi kengaytirilib, qogʻozbozlikni qisqartirish va sud jarayonlarini toʻliq elektron tizimga oʻtkazish davom ettirilmoqda. 2025–2030-yillarga moʻljallangan rejaga koʻra, 162 ta yangi sud binosi qurilishi, 82 tasi rekonstruksiya qilinishi va 93 tasi kapital taʼmirlanishi, sudyalar esa xizmat uylari bilan taʼminlanishi kutilmoqda.
Sudyalar maqomiga oid takliflar Sudyalarning mustaqilligi va barqarorligini oshirish maqsadida bir qator institutsional takliflar ham muhokama qilinmoqda: 5 yil muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatgan sudyalarni hozirgi 10 yillik muddat oʻrniga darhol muddatsiz lavozimga tayinlash; sudyalik lavozimiga koʻtarilish va qayta tayinlanishning aniq mezonlarini belgilash; shuningdek, sud raislari va Sudyalar oliy kengashi aʼzolarini saylashda sudyalar hamjamiyati ishtirokini demokratlashtirish.
Umuman olganda, joriy islohotlar bir nechta strategik yoʻnalishni birlashtiradi: sud tizimini institutsional jihatdan optimallashtirish, fuqarolar va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilish tartiblarini soddalashtirish, jinoyat protsessida inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, sudlarni ortiqcha maʼmuriy yukdan ozod qilish va butun tizimni raqamli platformaga koʻchirish. «Odil sudlov — 2030» strategiyasi va unga asoslangan qonun hujjatlari 2026–2028-yillar mobaynida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kutilmoqda, bu esa oldingi yillardagi sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomi hisoblanadi.

A.SHERALIYEV,
Andijon viloyat ma’muriy sudining sudyasi

Улашинг: