Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Yangi Konstitutsiyada ekologiya masalalari

Ekologik muammolarini hal etish, atrof-muhitni himoya qilish tizimining yangi bosqichi – yangi Konstitutsiyada ekologiya masalasi

Joriy yilning 25-iyunida “Oʻzbekton Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi muhokamasi eʼlon qilindi. Mazkur loyihada ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bilan bogʻliq bir qator normalarni (prim-moddalar) qoʻshish taklif etilmoqda. Xususan, loyihaga ko‘ra Konstitutsiyaning 40-moddasida davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi, davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish boʻyicha zarur choralar koʻrishi belgilanmoqda.

Shunindek, “Har kim sogʻlom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega boʻlish hamda oʻz sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi huquqiga ega” degan yangi 401-modda bilan toʻldirish taklif etilmoqda.

Loyihaning 1-moddasi 28-bandiga muvofiq Konstitutsiyaning 54-moddasida “Mulkdor mol-mulkiga oʻz xohishiga koʻra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak” ligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, loyihada Konstitutsiyaning 55-moddasini “Yer, yer osti boyliklari, suv, atmosfera havosi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat mulkida boʻladi. Yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham boʻlishi mumkin. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar, oʻrmon fondi davlatga tegishli boʻlib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi” jumlalari bilan toʻldirish taklif etilmoqda.

Yuqoridagilarning barchasi, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilayotganligini anglatadi.

 А. Raxmonov,

Andijon viloyat adliya
boshqarmasi yetakchi

maslahatchisi.                                                                       

 

Улашинг: