Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

TIBBIYOT VA FARMATSEVTIKA XODIMLARI UCHUN UY-JOY IMTIYOZLARI: IPOTEKA BADALINING 25 FOIZI DAVLAT TOMONIDAN QOPLANADI

TIBBIYOT VA FARMATSEVTIKA XODIMLARI UCHUN UY-JOY IMTIYOZLARI: IPOTEKA BADALINING 25 FOIZI DAVLAT TOMONIDAN QOPLANADI

Sogʻliqni saqlash sohasida yillar davomida uzluksiz, halol va fidokorona mehnat qilib kelayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy hamda ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

Aholi salomatligini muhofaza qilishga munosib hissa qoʻshayotgan soha vakillarining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi “Davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 310-son qarori qabul qilindi.

Qarorning mazmun-mohiyati va asosiy imtiyoz

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun muhim imtiyoz belgilandi.

Endilikda ushbu toifadagi xodimlar ipoteka krediti asosida sotib oladigan uy-joylarining dastlabki badal toʻlovining 25 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

Davlat xizmatidan foydalanish tartibi

Soha xodimlariga qulaylik yaratish hamda shaffoflikni taʼminlash maqsadida mazkur subsidiyani ajratish boʻyicha maxsus davlat xizmati joriy etildi.

Imtiyozdan foydalanish huquqiga ega boʻlgan xodimlar murojaat qilish uchun quyidagi ikkita usuldan birini tanlashlari mumkin:

Davlat xizmatlari markazlari orqali: Oʻzlariga qulay boʻlgan istalgan tuman yoki shahar Davlat xizmatlari markaziga shaxsan tashrif buyurgan holda ariza topshirish;

Elektron tarzda (YIDXP): Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali masofadan turib, uydan yoki ish joyidan chiqmagan holda elektron ariza yuborish.

Yangi joriy etilgan ushbu tizim koʻp yillik tajribaga ega shifokorlar, hamshiralar hamda farmatsevtika xodimlarining oʻz uy-joyiga ega boʻlish jarayonini sezilarli darajada yengillashtiradi va ularning jamiyatdagi oʻrnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O.Abdullayev,

Izboskan tuman davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi

Улашинг: