Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Litsenziyalash jarayoni elektronlashtirildi

      O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 80-son qaror bilan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizom tasdiqlandi. Mazkur nizom bilan 28 ta litsenziyalanadigan faoliyat turlarining pasportlari tasdiqlandi. Yagona nizomda tartib-taomillar boʻyicha umumiy qoidalar belgilandi. Endilikda barcha arizalar elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi (license.gov.uz) orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida qabul qilinadi. Fuqarolarning davlat organlariga “borish” va “kutish” kabi ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qoʻyildi. Litsenziya olish uchun ariza vakolatli organga “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali taqdim etiladi. Maxsus elektron tizim orqali litsenziya berganlik uchun yigʻim va davlat boji toʻlovlari amalga oshirilganligi onlayn tekshiriladi hamda QR-kod qoʻyilgan litsenziya blankasi avtomatik ravishda shakllantirilib, talabgorning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi. Litsenziya olishda talabgorning boshqa kelishiladigan organlardan xulosasini olib, arizaga ilova qilish amaliyoti bekor qilindi. “Bir darcha tamoyili asosida litsenziyalovchi organning “Litsenziya” AT orqali tegishli xulosalarni boshqa organlardan oʻzi oladi, xulosa oʻz vaqtida taqdim etilmasa, ijobiy xulosa olingan deb hisoblanadi. Litsenziyalovchi hujjatlarning amal qilishini toʻxtatib turish litsenziyalovchi organ yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Talabgorning litsenziya berish haqidagi arizasini birinchi marta koʻrib chiqish jarayonida litsenziya berilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar talabgor tomonidan toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganda ushbu arizani koʻrib chiqish rad qilinmasdan kamchiliklarni bartaraf etish uchun talabgorga muddat berilishi belgilandi. Talabgor litsenziyalovchi organ qaroridan norozi boʻlsa faqat sudga murojaat qilish emas, nizoni sudgacha koʻrib chiqish tartibi belgilandi. Endilikda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorlarni respublika darajasida qabul qiluvchi vakolatli organlarda mavjud xodimlar orasidan 5 kishidan iborat shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha Apellyatsiya kengashi tashkil etiladi. Apellyatsiya kengashi nizolarni tezkor koʻrib chiqib, qonuniy hal qilish imkoniyatini beradi. Lekin fuqarolar xohlasa apellyatsiya kengashiga murojaat qilmasdan toʻgʻridan toʻgʻri sudga ham murojaat qilishlari mumkin.

              Sh.Komilov,  

            Adliya boshqarmasining Davlat xizmatlari markazlari

            va FHDYorganlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi

             bosh maslahatchisi.      

Улашинг: