Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

AHOLI FAROVONLIGINI TAʼMINLASH VA PENSIYA TAʼMINOTI TIZIMINI ISLOH QILISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish doirasida fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimini tubdan takomillashtirish, sohadagi oʻz yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish hamda zamonaviy bozor iqtisodiyoti tamoyillariga moslashgan pensiya tizimini joriy etish maqsadida qaror qilaman:

  1. Asosiy maqsadlar

Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) aholining adolatli va munosib pensiya taʼminotiga ega boʻlishi hamda keksalikda kambagʻallikka tushib qolishdan himoya qilish;

(b) jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining samaradorligi va jozibadorligini oshirish;

(v) ilgʻor xalqaro tajribalar asosida barqaror va samarali faoliyat yuritadigan milliy pensiya tizimini yoʻlga qoʻyish;

(g) davlat pensiya taʼminoti tizimini demografik oʻzgarishlarga muvofiqlashtirish hamda tizimning moliyaviy barqarorligiga erishish.

  1. Pensiya hisoblashda adolat mezonlarini mustahkamlash orqali aholining mehnat bozorida uzoq muddat rasmiy ishtirok etishini ragʻbatlantirish
  2. Belgilansinki,

(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(i) pensiyani hisoblab chiqarish uchun inobatga olinadigan oxirgi mehnat faoliyati davomidagi besh yillik ish haqi davri har yili bir yilga oshirib borilgan holda yigirma yillikdagi ish haqi davriga yetkaziladi. Bunda pensiya tayinlashda oʻrtacha ish haqini aniqlashda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizini pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlash tartibi joriy etiladi;

(ii) yoshga doir pensiya tayinlash uchun belgilangan kamida 7 yil ish staji har yili bir yilga bosqichma-bosqich oshirilgan holda 2034-yilda 15 yilga yetkaziladi.

Bunda eng kam ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan besh yildan keyin yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi.

(b) yuqori daromaddan ijtimoiy soliq toʻlayotgan hamda pensiya yoshida mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida 2028-yil 1 apreldan boshlab birinchi marta pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasi:

(i) pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravariga;

(ii) 6 oy kech pensiyaga chiqilganda — pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 14 baravarigacha;

(iii) 12 oy kech pensiyaga chiqilganda — pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravarigacha oshirish tartibi joriy etilsin.

III. Jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirish

  1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, aholining jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etishini qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida:

(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(i) o‘rtacha oylik ish haqi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining
15 baravaridan kam bo‘lgan fuqarolar tomonidan jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga ixtiyoriy ravishda ish haqining 5 foizi miqdorida oʻtkazgan mablagʻiga 50 foizgacha tabaqalashtirilgan miqdorda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha toʻlab beriladi;

(ii) o‘rtacha oylik ish haqining pensiya hisoblash bazaviy miqdorining
15 baravaridan yuqori qismidan 1 foizi miqdoridagi mablagʻ ijtimoiy soliq hisobidan fuqaroning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga toʻlab beriladi va ushbu miqdor 2033-yildan 2 foiz hamda 2040-yildan 3 foizga yetkaziladi;

(iii) fuqarolarga jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi mablagʻlarni investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishda ishtirok etish imkoniyati beriladi;

(iv) investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishdan olinadigan yillik daromad fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi mablagʻlariga qoʻshib boriladi;

(b) 2030-yil 1-yanvardan boshlab jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi mablagʻlardan fuqarolar ogʻir kasallikka chalinganda davolanish uchun hamda ipoteka kreditiga boshlangʻich toʻlov sifatida foydalanish huquqi beriladi.

  1. 2027-yil 1-yanvardanboshlab:

(a) fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi AT Xalq bankidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Pensiya jamgʻarmasi) tasarrufiga oʻtkazilsin;

(b) jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻida toʻplangan mablagʻlar, jumladan, davlat budjeti va ijtimoiy soliq hisobidan qoʻshimcha toʻlab berilgan, investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishdan olinadigan yillik daromad fuqaroning shaxsiy mulki hisoblanishi hamda meros qilib qoldirish huquqi saqlanib qoldiriladi;

(v) fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi Pensiya jamgʻarmasi tasarrufiga oʻtkazilishi munosabati bilan, Iqtisodiyot va moliya vazirligining shtat birliklari doirasida Pensiya jamgʻarmasiga qoʻshimcha 31 ta shtat birligi ajratilsin.

Bunda mazkur shtat birliklarini saqlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin;

(g) korxona va tashkilotlarga noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida jamgʻarib boriladigan pensiya badallari hisoboti hamda shaxsiy pensiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlar hisobini yuritish 2027-yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich AT “Xalq banki”ning yagona maʼlumotlar elektron bazasidan Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimiga oʻtkazilsin;

(d) Pensiya jamgʻarmasi huzurida jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish hamda barqaror pensiya tizimini yaratish boʻyicha xalqaro konsultantlardan iborat boʻlgan loyiha ofisi tashkil etilsin.

  1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

(a) 2027-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish, boshqarish hamda Kuzatuv kengashini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida normativ-huquqiy hujjat loyihasini;

(b) 2027-yil 1-iyunga qadar ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda fuqarolarning Pensiya jamgʻarmasiga ajratmasini shartli va shaxsiy hisobi yuritiladigan, davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash va kelajakdagi pensiyasini oʻzi jamgʻarishiga asoslangan pensiya tizimini bosqichma-bosqich joriy etishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni loyihasini;

(v) 2027-yil yakuniga qadar Markaziy bank, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi bilan birgalikda fuqarolarning keksalikda moliyaviy barqarorligini mustahkamlash uchun mablagʻlarini ixtiyoriy jamgʻarish boʻyicha moliya bozorida raqobat muhitini shakllantirish hamda fuqarolarga mustaqil ravishda tanlash imkoniyatini yaratish maqsadida xususiy va korporativ pensiya jamgʻarmalarini tashkil etish va faoliyatini yuritish boʻyicha Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

  1. Aholini rasmiy mehnat faoliyatiga jalb qilish orqali ijtimoiy himoyasini taʼminlash va keksalikda kambagʻallikdan himoya qilish
  2. Belgilansinki,2027-yil 1-yanvardanboshlab:

(a) oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning kelgusida pensiya taʼminoti hamda davlat ijtimoiy sugʻurtasidan foydalanishini kafolatlash maqsadida ijtimoiy soliqni qatʼiy belgilangan tartibda toʻlash tizimi joriy etiladi. Bunda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga ijtimoiy soliqni yil davomida boʻlib toʻlash huquqi beriladi;

(b) oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan toʻlangan ijtimoiy soliqning 10 foiz qismi Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasiga yoʻnaltirilib, oʻrnatilgan tartibda homiladorlik va tugʻish nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi davlat ijtimoiy sugʻurtasi hisobidan toʻlab beriladi;

(v) 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etiladi;

(g) kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda oila aʼzolarining maqomini belgilashda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklardan rasmiy daromad talab etilmaydi.

  1. Davlat pensiya taʼminoti tizimining moliyaviy barqarorligini taʼminlash
  2. Fuqaroning ish stajiga qoʻshib hisoblanadigan, ijtimoiy soliq va Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallari toʻlanmagan davrlar, shuningdek, pensiyalarni eng kam miqdorlarga yetkazish, pensiyaga ustamalar hamda qoʻshimcha toʻlovlarni moliyalashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni 2027-yil 1-yanvardan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tizimi joriy qilinsin.
  3. Belgilansinki, korxona va tashkilotlarga ijtimoiy soliq toʻlovi boʻyicha yangi imtiyozlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi hamda mavjud imtiyozlar 2030-yil 1-yanvardan bekor qilinadi.
  4. Pensiya taʼminoti tizimini demografik oʻzgarishlarga muvofiqlashtirish
  5. Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimida ishtiroki hamda pensiya toʻlovi davri oʻrtasida mutanosiblikni taʼminlash maqsadida, shuningdek, aholining umr koʻrish darajasi oʻsishini inobatga olgan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirilgan holda pensiya tayinlash tartibini bekor qilish;

(b) 2028-yil 1-yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borgan holda 2039-yilda erkaklar uchun 63 yoshga va ayollar uchun
58 yoshga yetkazish.

  1. Belgilansinki, pensiya yoshini oshirish davrida pensiyaoldi yoshidagi fuqarolargaquyidagilar kafolatlanadi:

(a) pensiyaoldi yoshini vaj qilgan holda ishdan boʻshatish yoki ishga qabul qilishdan bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi;

(b) ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolarga 2 yil avval muddatdan oldin pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi;

(v) yerosti ishlarida, mehnat sharoiti zararli va ogʻir ishlarda mehnat toʻliq ish kuni davomida band boʻlgan erkaklarga 50-55 yosh hamda ayollarga 45-50 yoshdan qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi;

(g) pensiya oluvchilarga tatbiq etiladigan soliq, transport va sogʻliqni saqlash imtiyozlari saqlab qolinadi;

(d) erkaklarga 60 yoshdan va ayollarga 55 yoshdan jamgʻarib boriladigan pensiya mablagʻlarini olish huquqi beriladi.

  1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil 1-dekabrga qadarOʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi hamda “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunlariga hamda Soliq kodeksiga mazkur Farmondan kelib chiqib, tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

  1. Pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”
    ilovaga 
    muvofiq tasdiqlansin.
  2. Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan hamda sohani maxsus tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini mazkur Farmonda belgilangan tartiblarga muvofiqlashtirsin.
  3. Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Farmonning mazmun-mohiyati aholi oʻrtasida keng yoritilishini tashkil etsin.
  4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi birgalikda 2027/2028-oʻquv yilidan boshlab iqtisodiyot, moliya va ijtimoiy taʼminot yoʻnalishlarida taʼlim oluvchilar uchun davlat va jamgʻarib boriladigan pensiya tizimlari hamda ijtimoiy sugʻurta asoslari boʻyicha oʻquv modullarini bosqichma-bosqich joriy etish choralarini koʻrsin.
  5. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Pensiya jamgʻarmasi bilan birgalikda mahallalarda har oyda aholining pensiya taʼminoti sohasidagi moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Pensiya kuni” belgilanib, qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etsin.
  6. Ushbu Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J. A. Qoʻchqorov belgilansin.
  7. Ushbu Farmonning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                           Sh. Mirziyoyev

Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining
2026-yil “___”_________ dagi
PF-___-son Farmoniga
ILOVA

 

Pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r Chora-tadbirlar nomi Amalga oshirish shakli Ijro muddati Moliyalashtirish manbalari Masʼul ijrochilar
1. Ijtimoiy soliq va Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallari bilan bogʻliq boʻlmagan imtiyozlar uchun xarajatlarni respublika budjetidan qoplab berish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish. Normativ-huquqiy

hujjat loyihasi

2027-yil
yanvar
Mablagʻ talab etilmaydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
Soliq qoʻmitasi,

Adliya vazirligi

2. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni yil davomida boʻlib toʻlash huquqi bilan qatʼiy belgilangan tartibda ijtimoiy soliqni toʻlovchi subyektlar toifasiga oʻtkazish. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2027-yil
yanvar
Mablagʻ talab etilmaydi Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Kambagʻallikni qisqartirish
va bandlik vazirligi

3. Fuqarolarga muntazam ravishda kelajakdagi pensiya miqdorini bilish imkoniyatini berish orqali uzoq muddatli pensiyasini rejalashtirish mexanizmini yaratish. Texnik yoʻriqnoma 2027-yil
yanvar
Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

4. “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish:

– pensiya tayinlash uchun oʻrtacha ish haqini hisoblash davrini amaldagi oxirgi oʻn yillik davrdagi ketma-ket besh yillik ish haqidan hisoblash davrini har yili bir yildan oshirib, yigirma yilga yetkazish;

– pensiya tayinlash uchun eng kam ish stajini
7 yildan bosqichma-bosqich har yili bir yildan oshirib, 15 yilga yetkazish;

– pensiya yoshini har yiliga 3 oydan oshirib,
2039-yilda erkaklar uchun 63 va ayollar uchun
58 yoshga yetkazish.

Normativ-huquqiy

hujjat loyihasi

2027-yil
iyul
Mablagʻ talab etilmaydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Kambagʻallikni qisqartirish
va bandlik vazirligi,
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi,

Adliya vazirligi

5. “Pensiya-2” dasturiy majmuasida yaratuvchi tashkilot bilan hamkorlikda Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi mablagʻlarini shaffof boshqarish hamda fuqarolarning davlat pensiyasi va jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi boʻyicha yagona elektron profilini yaratish maqsadida “Pensiya-2” dasturiy majmuasini funksional kengaytirish. Texnik yoʻriqnoma 2027-yil
yakuniga qadar
Ijrochilarning oʻz mablagʻlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

6. Pensiyaga oid barcha davlat xizmatlardan onlayn foydalanish, amaldagi mehnat staji va daromadidan kelib chiqib kelajakdagi pensiya miqdorini aniqlash (pensiya kalkulyatori), shuningdek jamgʻarib borilgan pensiya mablagʻlarini boshqarish imkonini beruvchi “Pensiya” mobil ilovasini ishlab chiqish. Texnik yoʻriqnoma 2027-yil
aprel
Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari Iqtisodiyot va moliya
vazirligi, Raqamli texnologiyalar
vazirligi

 

Х. АБДУЖАББОРОВ,

Бюджетдан ташкари пенсия жамғармаси Улуғнор туман бўлими бошлиғи.

 

Улашинг: