Bugungi kunda internet va mobil aloqa hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Afsuski, bu qulayliklar bilan birga firibgarlarning yangi usullari ham paydo bo’lmoqda. Ularning eng xavfli ko’rinishlaridan biri sud organlari nomidan yolg’on hujjat, chaqiruv va xabarlar yuborish orqali fuqarolarni aldashdir.
FIRIBGARLAR QANDAY HARAKAT QILADI?
Kiberjinoyatchilar ko’pincha sud hujjatlariga o’xshatib soxtalashtirilgan fayllar, elektron chaqiruv qog’ozlari, SMS-xabarlar yoki messenjerlardagi “rasmiy” ogohlantirishlarni yuboradi. Xabarda “sizga nisbatan ish qo’zg’atilgan”, “sud majlisiga chaqirilyapsiz” yoki “jarima to’lashingiz shart” degan mazmun bo’ladi. Maqsad — odamni cho’chitib, o’ylashga vaqt qoldirmasdan havolani ochtirish, shaxsiy ma’lumotlarini kiritishga yoki pul o’tkazishga majburlash.
Sud va huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan hurmat hamda qonunni buzib qo’yishdan qo’rqish odamlarni shoshiltiradi. Firibgarlar aynan shu psixologik holatdan foydalanadi. Ayniqsa keksalar, yosh foydalanuvchilar va raqamli savodxonligi past fuqarolar xavf ostida.
Quyidagi usullar orqali kiberjinoyatchilarning qurboni bo‘lmaysiz:
-Noma’lum raqam yoki manbadan kelgan xabardagi havolani ochmang.
-Karta raqami, SMS-kod, parol va shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga aytmang. Haqiqiy sud bunday ma’lumotlarni telefon yoki xabar orqali so’ramaydi.
-Xabar haqiqiyligiga shubha qilsangiz, tegishli sudning rasmiy telefon raqamiga qo’ng’iroq qiling yoki bevosita murojaat qiling.
-Sud jarayonlari haqidagi ma’lumotni rasmiy platformalar orqali tekshiring.
-Shoshilmang: firibgarlik doim “tezroq qaror qiling” degan bosim ustiga quriladi.
Sud organlari fuqarolarni huquqiy jihatdan himoya qilish bilan birga, ularni kiberxavflardan ogohlantirishda ham faol bo’lishi kerak. Buning uchun tushuntirish ishlari muntazam olib borilib, slaydlar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va videokontent tayyorlanadi. Soxtalashtirilgan sud hujjatlari va yolg’on xabarlarning namunalari ko’rsatilsa, odamlar firibgarlikni osonroq tanib oladi.
XULOSA QILIB AYTGANDA, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashning eng ishonchli yo’li — profilaktika va fuqarolarning ogohligidir. Har bir inson shubhali xabarni tekshirishni, ma’lumotlarini himoya qilishni va yaqinlariga bu haqda aytib qo’yishni odat qilsa, firibgarlarning imkoniyati sezilarli kamayadi.
Esda tuting: sud nomidan kelgan har bir xabar ham haqiqiy emas, tekshirish esa hech qachon ortiqcha emas.
A.SHERALIYEV,
Andijon viloyat ma’muriy sudi sudyasi


