Inson qadri va manfaati uchun
Yangi O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati barpo etish va insonparvar demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson, uning huquq va manfaatlarini ta’minlashdir.
Konstitusiyamizda belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Insonni ulug‘lash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda har tomonlama kamol toptirish Konstitusiyaning asosiy g‘oyasiga aylantirilgan.
Zero, shaxsning sha’ni va qadr-qimmati, uning hayoti va sog‘lig‘i yoki shaxsiy erkinligi takrorlanmaydigan boylikdir.
Konstitusiyamizning 26-moddasida, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.
Shunga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat prosessual kodeksining “Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish” deb nomlanuvchi 17-moddasida sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shartligi hamda hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi kabi qoidalar o‘z ifodasini topgan.
Inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar oshkor bo‘lishiga olib keladigan, sog‘ligini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy yoki ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish ta’qiqlanishi shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipining mohiyatini tashkil qiladi.
O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 70 ta asosiy hujjatga qo‘shilgan, BMT tomonidan qabul qilingan 10 ta xalqaro shartnomaning bevosita ishtirokchisidir. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni tizimli va bosqichma-bosqich implementasiya qilishning o‘z modeli, insonning konstitusiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi monitoringi milliy tizimi shakllantirildi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida potensial ahamiyatga ega islohotlar amalga oshirilsada, tizimlar faoliyatida kuch ishlatish, zo‘ravonlik holatlari ham uchrab turmoqda.
Bosh prokuraturaning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida qo‘rqitish va boshqa ta’qiblar bo‘yicha 757 ta da’vo kelib tushgan. Shulardan faqatgina 33 tasi, ya’ni 4,4 foizi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida
odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida, Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga “Inson qadr-qimmati — eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o‘qitish vazifasi yuklatilishini ta’kidlab o‘tdilar.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, mazkur o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari xodimlarini o‘qitilishi, o‘z navbatida inson, uning huquq va erkinliklari hamma narsadan ustunligini ta’minlashda, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqlarga uchrashlarini oldini olishdagi muhim tizim bo‘lib xizmat qiladi.
A.Sheraliyev,
Andijon viloyat ma`muriy sudi sudyasi