Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

BIR TAQDIR

BIR TAQDIR

Hikoya

Adabiy va imloviy jihatdan tahrirlangan nashr

1978 yil iyun oyi. Bu qishloq avvallari juda obod va xushmanzaraligi bilan boshqa qishloqlardan ajralib turardi. Serhosil dalalaridan yigʻilgan xirmonga qoʻshni xoʻjalik dehqonlari harchand urinishsa ham yeta olishmasdi. Qishloq aholisining deyarli yarmidan koʻpi dehqonchilik, bogʻdorchilik bilan band boʻlib, hukumat rejasini har yili ortigʻi bilan bajarishga odatlangan. Ular bor kuch gʻayratini yerdan unumli foydalanishga sarflashardi. Lekin mana uch-toʻrt yildirki, yashab turgan uylari buzilib boshqa hududdan joy ajratilishi eʼlon qilinganidan buyon qishloq aholisi uylarni hatto taʼmirlashga ham qoʻli bormay qolgan. Mahallaga kirgan odam oʻzini bu nurab borayotgan eski uylarni koʻrib, nogahon urish yillaridan keyingi davrga qaytib qolganday his qilardi. Kun issiq boʻlishiga qaramay havo juda musaffo, ariqdagi toʻlib-toshib oqayotgan muzdek suv atrofni gʻuborlardan tozalayotgandek. Ariq boʻyidagi bir necha yildan beri savlat toʻkib turgan daraxtlarning baʼzilari, koʻchsang quloching yetmas darajada ulgʻayib ketgan. Shundan maʼlumki bu qishloqning yoshi ham ancha ulugʻ. Daraxt shoxlariga joylashib olgan sayroqi qushlarning qoʻshiqlari odamni sehrlab kuygudek yoqimli. Koʻchaning bir tomonda kamtargina qilib qurilgan eski pastak uylaru, guvalak devorlar. Ikkinchi tomoni esa poyonsizdek koʻrinayotgan paxta dalasi. Gʻuzalar allakachon bosh koʻtarib guncha tugib, dalani yashil gilam bilan qoplagan. Tez orada bu mahalla aholisiga sifatli elektr energiyasi, isitish tizimi, toza ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlangan hududdan bepul yangi yer uchastkalari berilishi arafasida, odamlar yangi qurilishi lozim boʻlgan imoratlari uchun qurilish materiallari sotib olib, hovlisining bir tomoniga toʻplash bilan ovvora, baʼzilari koʻchani toʻldirib xom gʻisht qoʻyib, koʻrigani-koʻrigan bir chetga uyum qilib taxlab ham ulgurgan. Yana baʼzilari tomorqasida oʻstirgan azamat teraklardan bir nechtasini kesib, yalangʻochlab, uzala qilib yotqizib qoʻygan. Xullas tayyorgarlik avjida, faqat hukumat tomonidan yerlar taqsimlanib, «olgʻa!» deyilsa boʻlgani, bu mehnatkash qishloq ahli uy koʻrishni oʻsha kuniyoq boshlab yuborishadi. Hozircha oʻsha buyruqni kutib yashab turishibdi. Dala maydoni chegaralariga, ariq qirgʻoqlariga bir tekisda ekilgan tut daraxtlari, yaqinda tugatilgan ipak koʻrti mavsumidan soʻng shox-shabbasidan xoli yengil boʻlib, hatto yangi barglar chiqarishga ulgurgan. Mana oʻsha xonadon. Kichkina taxtali rovot. Hovliga kirgan zahoti sada rayhonning mayin ifori ufurib turibdi. Mo’jazgina hovli, bu eshikdan kirgan odam uy sohibini mehnatkash bogʻbon ekanligini darrov anglaydi. Havas bilan ekilgan mevali daraxtlar bir tekisda kesallangan. Muxtoraka shu oʻzi yaratgan bogʻdan roʻzgʻor tebratadi. Har bir meva daraxtini xuddi farzandidek mehr bilan parvarish qiladi. Toʻgʻri dalada suvchi miroblik vazifasini ham bajaradi, lekin dala ishlaridan ortib, bogʻ ishlariga ham bemalol ulguradi. Muxtor aka uchun, aniqrogʻi mahalladagi qoʻshnilari uchun, uylar buzilib, yerlar tekislanganda, eng alam qiladigan joy aynan shu Muxtoraka yaratgan bogʻ boʻlsa ajabmas. Muxtoraka- Qoʻqondan kelgan, bugʻdoyrang yuzlari dala mehnatidan qoramtir tusga kirgan, mehnatsevar, halol oʻzbek bogʻboni hamda bobodexkoni. Bu odam yigitlik paytida togʻni ursa talkon qilgudek basavlat, koʻrkam yigit boʻlgan, lekin hozir baʼzi sabablarga koʻra gavdasi bir oz egilib, kuchdan qolgan, chunki bir necha yil oldin dalada goʻzalarga suv qoʻyib yurgan paytida, teppadan vertalyotdan dori sepilayotgan payt dalaning oʻrtasida qolib ketib, doridan zaharlanib roppa-rosa bir yil toʻshakka mixlanib, dard chekib yotib qoldi. Baxtiga turmush oʻrtoqi sergayrat, mehnatdan qochmaydigan ayol boʻlib, xotin boshi bilan ruzgorniyam, mol-hol, bogʻ ishlariniyam oʻzi eplab turdi. Umri bor ekan mana oyoqqa turib kettiyu, ammo ayoli yaʼni

Aʼloxonaya baribir Muxtorakani ogʻir mehnatlardan tejab avaylashga odatlanib qoldi. Bir tomonda Aʼloxonaya sigirini sogʻish bilan ovvora. Hadamay yagona qizi Zebo daladan qaytadi. Qizalogʻi oʻzi mustaqil palov pishirishni bilmaydi-yu, lekin oshni jonu dilidan yaxshi koʻradi, shuning uchun Aʼloxonaya shu yagona quvonchi boʻlgan qizi uchun kun ora palov pishiradi.

— Aʼloxonaya– qalin, oq oralagan sochlarini roʻmoliga chambarak qilib turmaklab olgan, umrida boʻyoq koʻrmagan yuzlari oppoq, yanoqlari qip-qizil, mehnatkash ayol. Aya turmush koʻrganidan keyin bir necha yil befarzandlikdan tushkunlikka tushib, kam gap, mahzun koʻzlari doim mayus boʻlib yurar edi. Kech boʻlsa-da shukrki bir donagina qizaloq farzandli boʻlishgach, chehrasi ochilib bir gapirib oʻn kuladigan xushchaqchaq ayolga aylangan. Yagona farzandini dunyolarga alishmaydi. Qizi kap-katta boʻlib, voyaga yetib qolsa hamki, haligacha qoʻlini sovuq suvga urdirgisi kelmaydi. Har qanday yumushni oʻzi bajarishga harakat qiladi.

— hoy dadasi, Zebo qizim bugun yana hayallab qoldi-ya. Bundoq koʻchaga chiqingchi yana ogʻirdan-ogʻir qilib boshiga oʻt tugib kelayotgan boʻlmasin bolaginam — xavotirlanib shom namoziga tahorat olayotgan choliga zorlandi, chelak toʻla sutni soʻriga qoʻyar ekan– yana oʻqishga kiraman degani-chi qizi tushmagurni shu oʻqishga kirolmay qolsa ham rozi edim, oʻqishdan qaytguncha kutaverib koʻzlarim yoʻlda qolmasaydi deb koʻrkaman.

— E, qizimizni bilasiz-ku onasi, uncha-muncha oʻgʻil boladan polvonku, bir tugun oʻt nima boʻpti, sizni ham qoʻshib koʻtaradi Alloh baxtini bergur- deb turib ham ediki darvoza yonida bir nimaning gursillagan ovozi keldi.

— Xavotir olmanglar bu men, — bu Zeboning ovozi edi — Shu darvozani salgina kattarogidan koʻrmagansizlarda hatto bir tutam oʻt bilan ham kirib boʻlmaydi-ya– gʻudrandi Zebo. U taxta rovotdan qisiltiribgina koʻtarib kelgan tugundagi oʻtini tortkiladi. Zebo- kulcha yuzli, yanoqlari olmaday kip-qizil, uzun kipriklari, Shahlo koʻzlari, tutashgan qaro koʻzlari, jozibali qarashlari odamni darrov oʻziga tortadi. Tizzasini yopgan sochlarini esa onasi har doim havasga qirq oʻrim qilib maydalab urib qoʻyadi. Buy basti balandgina, xushqomat qishloqdagi hamma yigitlarni aqldan ozdirgan. Boʻyi yetib qolgandan buyon, ish yuzasidan shaharga tushsa koʻrgan yigitni havasi keladigan, onaxonlar toʻy hashamlarda koʻrib qolsa bir-biridan manzilini soʻrab surishtirishadigan boʻlib qolgan. Mana bu yil 11- sinfni tamomlab oliygohga kirib, oʻqituvchi boʻlishday goʻzal orzular ogʻushida sarmast boʻlib yurgan soddagina yoqimtoy qizaloq.

— Voy qizimey, necha marta aytaman a sen quloqsizga ogʻir koʻtarmagin, axir qiz bolasan, yana bir tutam deganinga ulaymi ikkita erkak ham koʻtarolmidi-yu buningni- Ona bala ikki tarafidan koʻtarib molxona tomonga yurishdi. Aʼloxon aya ham bakuvvat ayol boʻlgani uchun, qiz onaga tortgan edi aslida. Yoshlik paytlarida paxta terimida Aʼloxonayaga teng keladigan terimchi topilmasdi. Besh kunlik paxta puli berilayotgan paytda, aya mexanizatorlar bilan barobar pul olardi. Chunki gʻayrati shijoati shunchalar baland ediki tong sahar, hali hech kim uygʻonmay turib dalaga otlanardi, paxtakor dugonalari kelguncha uchta kanor qopni shabnamda namlangan paxtalarga toʻldirib ulgurardi. Terimchi dugonalari bir necha bor unga sherik boʻlishga urinib koʻrishgan, lekin birontasi uning darajasida uddalay olmasdi. Uyining mehmonxonasida ilinib turgan alvon rangli yagona gilamini ham ilgʻor terimchi sifatida hokimlik tomonidan taqdirlanganda qoʻlga kiritgan. Soʻriga soya solib, gʻarq pishib yerga bir-bir toppilab toʻkilayotgan savlatli oq oʻrik atrofga alakanday

Yoqimli hid taratadi, hovliga qoʻllatib sepilgan suvdan, yer ham ajib isi bilan, bu iforga oʻz hissasini qoʻshmoqchi boʻlganday goʻyo. Qushlar-chi, ular kech tusha boshlashi bilan bir-birini oʻz inlari tomon chorlaganday zavq bilan sayrashardi. Uzoqda Masjiddan eshitalayotgan azon ovozi esa bu manzaraga oʻzgacha saykal berib, shu tobda kishi oʻzini jannat bogʻlarida yurgandek his qiladi goʻyo. Zebo toʻkilgan oʻriklardan saralab idishga terar ekan-

— Oyijon, ishqilib palovmi?-deb soʻradi erkalanib.

— Albatta jonim bolam. Sen yaxshi koʻrganday, mayizlardan solib yogʻliqkina palovxonturani damlab qoʻyganman, qoʻllaring yuvib dasturxon toʻshab tur, otang namozini oʻqib boʻlgan boʻlsa ayt menga qarashvorsin.

— Voy nega otam, menchi, men charchaganim yoʻq, oʻzim qarashvoraman oyijon — chala-picha yuvilgan qoʻllarini shoshib sochiqqa arta boshladi.

— Qani otasi boshlangchi.

— Bismillahir rohmanir rohim, qani olinglar.

Oila dasturxon atrofida oʻtirganida, faqat yaxshi gaplardan soʻzlashishga, bir-birlariga oling-oling qilib iltifot bilan taomlanishga odatlanishgan. Har qanday muammo, kelishmovchiliklar dasturxon yigʻilgach, keyin asta yotigʻi bilan tushuntirilib, hal qilinadi. Aslida bunday chiroyli odobni har qanday oʻzbek oilasida uchratish mumkin. Dasturxonga duo qilingach, har kungiday yana oʻsha mavzu ochildi. Zebo maktabni bitirib-bitirmasdan-oq bu xonadondan sovchilarning keti uzilmay qolgandi.

— Qizim, boya qoʻshnimiz Saodat opang, singlisi bilan yana sovchi boʻlib kirishdi -sekin gap boshladi Aʼloxonaya — shu desang oʻgʻli armiyadan kelibdi, u kuni qoʻshnilar bilan koʻrgani chiqqanimizda koʻrib tanimabman rosti, shunakayam savlatli koʻrkam yigit boʻlibdiki, bugun sal boʻlsa rozilik bervoray dedim. Faqat otang «onasi, qizimizni rayiga qarab ish tutaylik axir shundan boshqa quvonchimiz boʻlmasa, oʻzi aqlli qiz bir ogʻiz oldidan oʻtmasdan javob qilmaylik» degani uchun kelishini kutdik bolam. A otasi nima dediz gaplarim toʻgʻrimi — Muxtorakaga yuzlandi.

— ha yomon oila emas — uyga tolib gap boshladi Muxtoraka -otasiz ikki oʻgʻilni oq yuvib oq tarab katta qildi Saodatxon baraka topsin. Oʻgʻillari maʼnilik, tarbiyali, halol yigitlar boʻlgan. Qolaversa qizday qoʻshnimiz, agar taqdir nasib boʻlib qolsa sen ham yonimizda boʻlarding. Alloh bersa nabiralarim ham hovlimizga tez -tez chiqib koʻzimizni quvontirib turardi. Uzatsak shunday yigitga uzatamizda- kulib qoʻydi Muxtoraka.

— Iye qanaqa nabira, qanaqa toʻy -dedi ichayotgan choyiga tikilib qolgan Zebo -Men hali oʻqishim nima boʻlarkin deb tayyorgarlik koʻrib ming uyda yuribmanu, sizlar toʻyni gapirasizlarmi? Oldin oliygohni bitirib olay, xudo xohlasa til-adabiyot oʻqituvchisi boʻlib maktabda ishlay, keyin bir gap boʻlar. Qolaversa Halimaka hech qayerda oʻqimagan, men diplomsiz yigitga turmushga chiqish niyatim yoʻq. Shu payt eshikdan «Muxtoraka, xoʻ Muxtoraka» deb chaqirgan ovoz keldi.

— Iye, qaraychi kim boʻldikin. Ovozidan oʻzimizni Halimjonga oʻxshayapti. Xizirni yuklasak ham boʻlarkan onasi. Kim u. Mana hozir boryapman-deb darvoza tomonga shoshildi Muxtor aka

— Assalomu alaykum Muxtoraka, uzr kech kirganda bezovta qildim. Ertaga ertalab soat 7 larga erkaklarga osh berayotgan edik, doimgiday oʻzingiz bosh boʻlasizda amaki.-dedi iymanibgina yerdan zoʻrga koʻzini olar ekan- ertaga dadam rahmatlikni tugʻilgan kunlari edi, shunga oshna-ogʻaynilarini dasturxon yoyib ozgina ehson qilaylik dedik.

— ha albatta oʻgʻlim. Albatta ertalab chiqaman. Xoʻp savobli ishni boshlabsizlar Alloh rozi boʻlsin, ehsonlaringni dargohida qabul qilsin.

— ha mayli ota men boshqa mahalladoshlarni ham aytay, kech boʻlib ketmasin.-dedi-yu ikki qoʻlini koʻksiga qoʻygancha hovlidan shoshilib chiqib ketdi. Ha bu Halimjon edi. Halimjon — mahallaning eng oldi yigiti. Zebodan 2 yosh katta. Milliy koʻrash bobida koʻragi yerga tegmagan polvonlardan. Halimjonning onasi Zebo tugʻilgandan boshlab kelinim deb erkalatib yuradi. Bironta yigit Zeboga gap koʻk-kuday boʻlsa Halimjon bilan rubaru boʻlishiga toʻgʻri kelardi. Shuning uchun oʻz qishlogʻi qolib qoʻshni qishloq yigitlari ham Zeboga bir ogʻiz ortiqcha gap gapirishga botinisholmasdi. Otasiz oʻsgani uchun oilasiga oʻzi bosh boʻlib xuddi kattalarday fikrlaydigan, kattalarday ish yuritadigan boʻlib oʻsgan. Halimjonlarnikida ehson ham boʻlib oʻtdi. Qoʻshninikida mehmonlar tarkalgach, Aʼloxon aya Zebo qizi bilan, yana yon qoʻshnisi Rahimaxon aya qizi Oʻgʻiloy bilan birga Saodatopaga yigʻishtirishga yordamga chiqishdi. Mahallaning shunaqa chiroyli odati bor, biror qoʻshni har qanday yigʻin qilsa ham boshqa qoʻshnilar har kim qoʻlidan kelgancha yordam qilishadi. Kimdir moddiy, kimdir maʼnaviy, kimdir esa shunaqa jismoniy. Zebo hamma idishlarni toʻplab, yuvib suvi silkishi uchun eski savatga toʻnkarardi, Oʻgʻiloy esa dasturxon sochiqlarni hammasini yigʻib terdi-da darrov kir yuvishga tushdi.

— Zebo muncha yaltiratmasang, yoki keyingi safar toʻyimda ishlatishadi deb toza yuvyapsanmi oʻrtoq– Hazilni yoqtiradigan, shaddodgina Oʻgʻiloy kir yuvishdan bir oz toʻxtab, berilib idish yuvayotgan dugonasi Zeboni boshini bir kotirmoqchi boʻldi- Halim aka toʻyinglarni shiyponda oʻtkazsa kerak, mehmonlar koʻp-ku bu kichkina hovliga sigarmidi. Oʻziyam rosa kelishgan kuyov boʻlsa kerak a, hoy Zebish senga gapiryapman, eshityapsanmi dugonajon. Ha menga qara, biz shuncha koʻzimizni suzsak ham bizni parvo qilmay faqat seni deydi-ya bu yigitlar, nima balo issiq sovuq qilganmisan oʻzingni.

— E kiringni yuvsangchi, kim tegib sen quruq qolyapsan, men hali erga tegmiman, qolaversa bu qishloqda qolib ketish niyatim ham yoʻq. Men hali oʻqishga kiraman, shahardagi maktablarda ishlayman. — teppaga qarab oʻzicha havasli uyga toʻldi- balki oʻsha joyda mening orzuyimdagi shahzodamni uchratarman….. Sen esa kishlogingda xohlagan yigitingga bemalol tegaver– birdan jiddiy tortdi Zebo.

— xoʻ koʻnglingizni koʻchasidan oʻzim oʻrgilay hali shaharlik boʻlib ketmoqchiman deng. Qani koʻramiz, oʻqigan qizlarni men senga aytsam, hech kim kelin qilmaydi. Shunaqa!

— Sen nimaniyam bilarding oʻrtoq, orzularim juda koʻp. Meni oʻqishga tayyorlayotgan muallima aytdiki Zebokizim siz albatta Pedagog boʻlasiz bu bilimingiz bilan kirish imtihonlaridagi har qanday savolga javob berasiz. Men bunga ishonaman dedilar. Xudo xohlasa oʻqib ishlab yangi qurilayotgan koʻp qavatli «Dom»

Lardan olib ota-onamni shaharga olib ketaman. Axir ularni yolgʻiz suyanchi menmanku.

— ha dugonajon sen baribir boshqachasan, aqlli, chiroyli, oʻziga ishongan qizsan. Bilasanmi agar men ham oʻgʻil bola boʻlganimda senga uylangan boʻlardim.

— Yaxshiyam Oʻgʻiloy ekansanu, oʻgʻil bola emas ekansan.- Ikki dugona kulgudan oʻzini toʻxtatolmay qolishdi. Qizlarning kulgusi hovliga boshqacha surur bagʻishlardi. Ular chaqqonlik bilan hovlini saranjom-u sarishta qilib, ishlatilgan buyumlarni oʻz oʻrniga joylashtirishardi. Saodat opaning ikki oʻgʻlidan boshqa hech kimi yoʻq. U boshqa viloyatdan kelin boʻlib tushgani uchun qarindoshlari ham kamdan- kam kelishardi. Turmush oʻrtoqi Olim aka bir necha yil oldin qattiq betob boʻlib yotib qolganda mahallliy shifokorlar bizda hozircha bu kasalni davolashga imkon yoʻq, poytaxtga olib borish kerak degandi. Afsus oʻsha paytlar hozirgi zamonamizday sharoitlar yoʻq edi-da. Yosh oilaning qoʻli yupqalik qilib oʻz vaqtida davolay olmay koʻp oʻtmay hayotdan koʻz yumgan edi rahmatlik Eri.

— Qarang qiz bola uyning farishtasi deyishganicha borda, bir zumda uyimni jannatga aylantirib qoʻyishdi-ya baxtingni bergurlar — dedi Saodat opa koʻz yoshlarini artar ekan- Allohim mengayam shunaqa sarishta kelinlardan aytsin ilohim.

— Voy egachi nega yigʻlaysiz xudo xohlasa oz qoldi, hadamay nevaralarni ichida boshingiz aylanib qolmasa boʻlgani — kuldirmoqchi boʻldi Rahimaxon qoʻshni — Aʼloxonopam pochchamdan rozilik olsalar keyingi oylarga toʻyda oʻynarmidik a, nima dedingiz opajon- Aʼloxonga yuzlandi.

— ha, yaxshi niyat yarim mol, men ham yolgʻiz qizimni yaxshi goʻshangalarga kelin boʻlsin deyman albatta, lekin qizi tushmagur institutga oʻqishga kiraman muallima boʻlaman deb, kelgan sovchilarni barini qaytaryapti.- gap boshladi Aʼloxonaya– Unisi kuni ajoyib voqea boʻldi deng, shahardan ikkita ayol bizni uyni soʻrab kelibdi, meni qizimni qayerdan tanisizlaar desam, oʻgʻlimizga yoqib qolib, uygacha kuzatib kelibdi deydi. Nakd joni-ponim chiqib ketayozdi, nega kuzatadi meni qizim begona yigit tugul oʻzimizni yigitlarniyam yaqiniga yoʻlatmaydi desam, voy siz vahima qilmay qoling e, qizingizga bildirmay orqama-orqa kelibdi, desa boʻladimi. Xullas menga kosa egasiga topshirsamu kutilsam. Toʻy. Dunyoda Oʻzbegim toʻyiday fayzli, gavjum toʻy boʻlmasa kerak. Darvoza oldida uy egalari qoʻlini koʻksiga qoʻyib kelgan mehmonlarni keling -keling, marhamat deb uyga chorlamoqda. Darvozaxonaning ikki tomonida esa ikki oʻspirin yigitchalar bir qoʻlida chilopchinu, bir qoʻlida obdasta bilan mehmonlarni qoʻliga suv qoʻyish bilan ovvora. Kelgan yoshu kari mehmonlar qoʻllarini yigitning yelkasidagi oppoq sochiqqa qoʻlini artar ekan » Barakalla, rahmat, umiringizdan baraka toping» deb duo qilishardi. Ichkarida hovli sahnasida stol bezatilgan, turida kelin-kuyov uchun moʻljallangan dasturxon teppasiga kip-qizil gilam tortilib, momikdan «Baxtli boʻling» soʻzi yozilgan, jumla tagida esa ayollarning harir roʻmoliga, oʻzbek yigitining gururi sanalmish shoyi belbog bir-biriga bogʻlab qoʻyilgan. Bu ramziy maʼno boʻlib ikki yosh hamisha birga boʻlsin ajralmasin degan maʼnoni anglatadi. Hamma shodon hofizning shirali ovoziyu, rakkosalar xiromi, xullas oʻyin kulgu avjida. Bir tomonda xonandayu sozandalar oʻz mahoratlarini koʻrsatayotgan boʻlsalar, yana bir tomonda oshpazlar kim oʻzarga shirin- shakar taomlar hozirlamoqda, ichkari xonalarda ayollar, onaxonlar dasturxon toʻla nozi-nematlardan bahramand boʻlib oʻtirishardi. Birdan kiy-chuv toʻpolon boʻlib hamma bolalar koʻchaga yugurib qolishdi. Aftidan kelin kelganga oʻxshaydi. Ha shunday. Tik qilib oʻrnatilgan toʻrt bogʻ gʻoʻza poyaga olov yoqildi.

(Davomi bor).

SHAXNOZA

Улашинг: