BIR TAQDIR
Hikoya
(Davomi. Boshlanishi oldingi sonda)
Kuyovning xolasi bilan buvisi kosada shakarli suv koʻtarib chiqishib kelin oʻtirgan Volga moshinasi tomonga yurishdi. Shirinchilik boʻlsin, kelinimizni tillari shirin boʻlsin deb shakar suvdan kelinga ichkizishgan edi hamki, kuyov navkarlar kuyovni oʻrtaga olib kelib qolishdi.
— xoʻ, kelinimizga kul tegizishdan oldin biz kelin yangalarga kelinni nazrini bering kuyovtura, kulingizga osonlikcha tutkazib qoʻymaymiz -dedi kelinning xolasi kulib. Ha kuyov bola ham koʻp kutgani sabri chidamay darrov bir siqim pulni xolaga tutkazdi.
— Voy aylanay kuyovimdan saxiygina ekansizku, Alloh baxtinglarni bersin ilohim. Kuyov bola hayajonlangan sari karnay ovozi balandlashganday edi goʻyo. Kuyov nakar yigitlar yoʻlni ochib kelin — kuyovga yoʻlak hozirlashdi. Kuyov ham anoyi emas ekan kelinni bir yelkasiga opkichlab chimildikkacha olib kirdi, gilamga qoʻydi-yu chaqqonlik bilan oyogʻini bosdi, bu ham ramziy maʼno boʻlib oilada kim bosh boʻlishini belgilaydi. Demak har bir Oʻzbek xonadonidagi kabi erkak bosh boʻlarkanda. «qutlugʻ boʻlsin» degan kichkiriklar yangrab ketdi. Kelinni yangalarga topshirib kuyov juralar kuyovni tashqariga olib chiqib ketishdi. Kuyov chiqib ketgach kelinning dugonalari, «quda xola, keliniz oʻtirmayaptiyuyuyuyuyu, hoy quda xola keliniz oʻtirmayaptiyuyuyuyuyu» deb rasm-rusimini qilib kichkirishadi. Shunda qaynona boʻlmish ostonada turgan holda kelinga eshittirib baland ovozda–
— Oʻzim oʻrgilay xush kelibsiz, oʻtirsinlar, hammayoq emchi, qozon-oʻchoqni berdim, idish-tovoqni berdim, uy-joylarim, pahlavon oʻgʻlim sizniki, yetsa molim, yetmasa jonim hammayoq emchi oʻtirsinlar- deb duo berib chiqib ketgach, kelin asta chimildikka joylashdi. Endi navbat qizlarjonga, ularning vazifasi kelinni paranjisini olib, egniga oppoq fata koʻylakni kiydirish va kuyovning koʻzini qamashtirguday qilib yasantirish. Qizlarjonning orasida oʻzimizning Zebo ham bor edi, u boshqa qizlardan yakkol ajralib turardi. Oʻzining xush odobi, goʻzal chehrasi bilan xuddi yulduzlar aro toʻlin oydek boʻlib kishini dikkatini tortardi. Aʼloxonaya ham shu yerda, onaxonlar orasida edi. Kelin boʻlmish Zeboning ham dugonasi, ham ona tomondan qarindoshi boʻladi. Mana kelin ham tayyor, kuyov kelinni mehmonlar davrasiga olib chiqish uchun bir dasta gul bilan kirib keldi. Kelin-kuyovni bir tomonida ikki qiz, ikkinchi tomonida ikki yigit katta popukli baxmal dasturxonni ularning boshlariga soyabon qilib koʻtarib turishardi. Oʻrtada esa ikki yosh uzukka qoʻyilgan koʻzday bir-biriga yarashib turardi. Ular mehmonlar oʻtirgan, toʻrtburchak shaklida joylashtirilgan stollar atrofida sahnani bir qator aylandi-da, oʻzlari uchun yasatilgan dasturxon tomon yurishdi. Bu manzaralar qadrdon qoʻshiq sadosi ostida boʻlardi: toʻylar muborak, toʻyona boʻlsin, tan birla jonim soʻz boshi navbatma navbat bir uy egalarinidan, bir qarindosh urugʻlardan, bir yoshlardan juft-juft qilib soʻzga taklif qilar, ular esa kelin kuyovga dil izxorlarini aytishib, tabrikdan soʻng raqs bilan soʻzlarini isbotlashardi. Shaharlik qizlar gapga usta, shaddodgina boʻlgani uchun toʻy qizigandan qizib borardi. Navbat
Zeboga kelganda negadir soʻzga chiqqisi kelmadi, balki begona odamlar davrasidaligimi, qandaydir oʻzini noqulay sezardi. Yigit tabrik soʻzini aytdi-da hofizga shoʻxroq qoʻshiqni buyurib asta Zeboni yoniga kelib, raqsga takdif qildi. Hamma kutib turardi lekin Zebo ming urinishlarga qaramay yigit taklifini rad etib oʻtirgan joyidan kimirlamadi. Aslida raqs tushishni umuman bilmasdi. Yigit bir oz kutdi-da, soʻng nochor bir jurasini raqsga sheriklikka tortib, alam bilan oʻynay ketdi. Oʻsha payt yaʼni yigit Zeboni raqsga taklif qilib, hammani dikkatini tortib turgan paytda bexosdan Tolibjonning koʻzi Zeboga tushdi. Tushdi-yu… Allanechuk boʻlib ketdi. Tolibjon — xushbichim, olifta kiyingan, koʻrkam yigit. Uning qoʻngʻiroq sochlari, qayrilma kipriklari hind kinosidagi Rishi Kapurni eslatardi. Oʻsha zamonlarda bu aktyor qizlarning yoqimtoyi boʻlgani uchun, koʻrgan qizni dikkatini tortib, nogahon oʻzlari uning ortidan ergashib qolishardi. Oʻzi oliygohni Tarix fakultetida ikkinchi koʻrsda oʻqiydi. Oʻta didli, farosatli, aqlli yigit. Tolibjon ham kelinning qarindoshi boʻlib, bugungi toʻyda ishtirok etayotgan mehmonlardan biri. Kimdir sahnada oʻynab kulish bilan ovvora, kimdir tomosha qilish bilan. Faqat Tolibjongina sehrlangan odamday koʻzlarini Zebodan uzolmay qoldi. -Menga nima boʻlyapti oʻzi, bu qiz bunchalar zebo boʻlmasa, qaysi sayyoradan tushdi bu parivash, qarab koʻzing toʻymaydi-ya — Bu orada qizlar Zeboni tortkilab qolishdi-
— Zeboxon axir bugun tu…, oʻynab kulish kerak. Uyalmang biz urab olamiz hammamiz birdan oʻynaymiz yuring deb sahnaga olib chiqishdi. Qoʻshiq juda raqsbop edi, qizlar makom qilib raqs tushishardi, Zebo ham bexosdan qoʻllarini yoyib sekingina oʻynay boshladi. Ikkita qilib urilgan qalin qora sochlari tizzadan oshgan. Atlas koʻylagi komadiga mos tikilagan, qiliklari oʻziga yarashgan hurliqo edi goʻyo. Shu payt yoshi kattaroq onasi tengkur bir begona ayol davraga kirdi-yu Zeboni bilagidan mahkam ushlab chetga olib chiqdi.
— hoy qizim kimni qizisiz, unaka oʻynamang aylanay koʻz tegadi-ya, yana koʻnglingizga olmang bolam, men oʻqituvchi boʻlganim uchunmi tabiatim shunaqa, aql oʻrgatadigonroq boʻlib qolganman. Men uchun oʻgʻil- qizlarni begonasi yoʻq hammasini oʻz farzandimday odobga chaqirib oʻrganganman.
— yoʻq e, rahmat sizga, shu davradan qanday chiqib ketishni bilolmay turgandim oʻzi- Zebo xuddi jinoyat ish qilgandek kulari qaltirab uyalgancha uyga kirib ketdi. Ichkaridagi mehmonlar orasidan onasini qidira boshladi. Aʼloxonaya ham bu orada uyga ketmoqchi boʻlib hozirlanib turgan edi. Qizini koʻrdi-yu,
— Ona qizim hozir soʻrab turgan edim seni, yurakol endi ketaylik, otang xavotir olayotgandir — Aʼloxonaya bilan Zebo mezbonlar bilan xayrlashishib toʻyxonani tark etishdi. Toʻy ham yakunlanish arafasida kuyov ust boshini maqtash marosimi boʻlayayotgandi, Tolibjonni qulogʻiga esa hech nima kirmasdi. U bir nimasini yoʻqotib qoʻygan odamday atrofdan oʻsha goʻzal chehrani qidirardi. Odatda sarpo maqtashda unga yetadigani topilmas, ogʻaynilarini toʻylari Tolibjonsiz qizimasdi. Lekin bugun u boshqacha hech kimga, hech nimaga eʼtibor qilmasdi. Zeboning uyalib qarashlari, tutashgan qora koʻzlari, yulduz koʻzlari xayolidan ketmasdi. Qiziq nega onasi aynan oʻsha qizni qoʻlidan tortkilab sahnadan olib chiqdikin, nahotki onasi uni tanisa, agar oʻquvchilaridan biri boʻlsa nega oldin koʻrmagan uni, «Men
Maktabdagi deyarli hamma qizlarni taniyman, lekin bu goʻzalni endi koʻrdimku» — uy-xayollar tinchlik bermasdi. Oxiri boʻlmadi, qoʻlidagi soatiga qaradi uyga ketsa ham boʻlar endi degan xayol bilan qoʻzgʻaldi. Tolibjon oʻrnidan turib, oʻrta sahna orqali chiqib ketayotgan paytida baʼzi qizlar bir-birlarini quloqlariga bir nimalar deb shivirlashib unga havas bilan qarab qoʻyishadi. Lekin bu olifta yigitni xayoli boshqa bir goʻzal bilan band. U xona darchasidan qarab, ayollar orasidan onasini qidira boshladi va Kumushxonayaga qarab:
— Oyi, uyga qaytsangiz ayting men tuguningizni koʻtarishib ketaman- dedi Tolibjon mehmonlarga soʻz bermay hammani ogʻiziga qaratib oʻtirgan onasiga qarab- kech boʻlib qoldi ketaversak ham boʻlar endi- U onasidan nega boyagi qizni davradan olib chiqib ketganini soʻrashga sabri chidamasdi.
— Voy oying oʻrgilsin oʻgʻlim mana hozirda- dedi-yu, oʻzicha ichida «oʻgʻlim toʻy desa tong otarda qaytardi, bironta bilan tortishib qoldimikan, ishqilib tinchlik boʻlsin-da» deb xavotirga tushdi Kumushxonaya. Kumushxonaya- Tolibjonning onasi, oppoq yuziga dona xoli yarashgan juda dilbar va latofatli ayol, qoshidan usmasi, koʻzidan surmasi tushmaydi, bilaklariga qalin tillo bilakuzuklar, barmoqlariga uzuklar yarashib turadi, ozgina dimogdorroq, kimsan hokimning kelini, mahalla raisining ayoli sifatida hamkasblari, mahalla-kuy, xullas davralarda obrusi baland. Tolibjon tungich oʻgʻli yana uch qiziyu, kenjatoy oʻgʻli bor. Maktabda muallima, nihoyatda did-farosatli, uzoqni oʻylab ish tutadigan, gapga chechan zukko ayol. Kech boʻlishiga qaramay kecha juda oydin, negadir mashinalar kam, koʻcha sokin edi. Ona bola koʻchani oʻrtasida ketishardi. Tolibjonni qoʻlida tugun, Kumushxon aya esa oʻziga juda yarashgan yangi koʻylagida, qoʻlida parchadan tikilgan yelpigichini aylantirgancha gap boshladi:
— Oʻgʻlim, tinchlikmi, nega toʻydan erta qaytging kelib qoldi. ishqilib bironta bilan urishib qolmadingmi? Yoki birdan insof kirib qoldimi a, — hazil qoʻshib qoʻydi Kumushxonaya
— yoʻq e, hammasi joyida ertaga imtihonim bor, shunga ertaroq qaytay degandim. -gapni nimadan boshlashni bilmay bosh kashidi, -Oyi, sizdan bir nima soʻramoqchidim, boyagi qizni nega davradan olib chiqdiz, uni tanisizmi?
— ha, koʻrib koʻzlarimga ishonmadim, oʻsha qiz negadir singlim Bibijonni eslatdi, biz toʻrt qizni ichida eng goʻzal, eng dilbari edi rahmatlik, farzand dogʻida erta xazon boʻldi goʻring nurga tulgur. -koʻzlariga yosh keldi. Birdan oʻziga kelib — ha keyin bilsam u qiz oʻzimizni Zebo ekan Aʼloxonayangchi oʻshani qizi.
— Zebo, Zebo deysizmi -xuddi chuchib tushgan odamday birdan soʻradi Tolibjon- men ismi jismiga mos qizni hech uchramagandim ….. Zebo…., nega men tanimayman, qarindoshimiz ekanku, lekin Aʼloxonayani koʻrmaganimga yuz yil boʻldiyov.
— vaqtni tez oʻtishini qara, suksurday qiz boʻlib ketibdi-ya. Essiz Aʼloxon bilan koʻrisholmadik, u boshqa xonada men boshqa xonada ekanmiz. Qidirgunimcha uylariga ketib qolishibdi. Bilasanku men chiroyli odamni yaxshi koʻraman, Zebo sahnada oʻynaganini koʻrib rashkdan yonib ketdim, xuddi singlim Bibijon tirilib kelib raqs tushayotganday. Lekin u qiz Zebo ekanligini bilmagandim, yonimdagi bir ayol aytib qoldi.- dedi-yu birdan toʻxtab qoldi- Shoshma-shoshma buncha surishtirib qolding desam a, ana endi tushundim oyogʻi qoʻygan xoʻrozday bir joyda turolmay ketdik-ketdik deganingni. Gap bu yoʻqda ekanku. Men senga kazo-kazolarni qizini rubaru qilsam, unisi undoq, bunisi bundoq deyayotgandinku, nima endi shu qishloqi qiz senga yoqib qoldimi deyman?
— Iye qishloqi deganiz nimasi oyi, oʻzingiz doim qiz bolaning chiroyi ham, sharm -hayosi ham boʻlishi kerak derdingizku, mana sizga goʻzallik, mana sizga ibo.
— Menga qara jiddiy gapiryapsanmi bolam, mayli agar senga yoqqan boʻlsa ertagayoq sovchilikka borganim boʻlsin. Allakachon kelin haqida orzu qilib yuribmanku, bilasan dadang ikkimiz kuni bilan ishdamiz, singillaring hali yosh, ishdan charchab kelsam, assalomu alaykum oyijon, ovqat tayyor suzaveraymi deydigan bir dastyor chaqqon kelin kerak. Ona bola suhbatlari qizib uyga yetib qolganini ham sezmay qolishdi. Tolibjon esa yoʻl yanayam chuzilishini, bu suhbatni yana davom etishini xohlardi. Darvozani ochishdan oldin. Oyisini qoʻllaridan ushlab — Oyijon gaplaringiz jiddiymi — dedi
— yoʻq hali, podadan oldin chang chiqarmay tur, men ertaga momang bilan bir gaplashib koʻraychi, u Aʼloxon bilan mendan koʻra koʻproq koʻrishib, gaplashib turadi. Qani olamda nima gaplar ekan, ertaga oʻqishdan kelsang daragini aytarman. Tolibjon darvozani ochar ekan, tezroq tong otib, tezroq kech kirishini juda xohladi. Vaholanki ertangi imtihonga umuman tayyorgarlik koʻrmagan edi. Baribir bu holatida miyasiga biror nima kirishi amrimahol. Kumushxonaya maktabda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga dars beradi. Hozir kichik sinf bolalari tatilga chiqib ketgan boʻlsa ham, maktabda oʻqituvchilarga ish topilardi. Bugun kuni bilan uy-xayoli kelin olishdagi shirin tashvishlar bilan band boʻldi. Maktabdagi ishlarga ozgina aralashgan kishi boʻldi-da, uyiga shoshdi. Shundayam soat uch-turtlarga borib qolgandi. Uyga kelganda qizlari, kenjatoy oʻgʻli televizor qarshisida oʻtirishardi. Ularni qorinlari toʻk, urishmay tinch oʻtirishganini koʻrib koʻngli ancha xotirjam tortdi.
— Nasibaxon qizim, kechki ovqatga sabzi piyozlardan artib turgin, men hozir momangni oldiga bir zumga chiqib kelaman xoʻpmi. Dedi-yu hovlisidagi koʻp-qora boʻlib pishib turgan koʻkongilosdan bir laganchaga toʻldirib terib olib, katta-katta qadamlar bilan ovsinini uyi tomon yoʻl oldi. Aslida ovsinining hovlisi unchalik uzoqda emasdi. Atigi uch-toʻrt eshik narida. Lekin vaqti boʻlmaganidanmi, yoki uncha gapi-gapiga kovushmasligidanmi juda kam kirish-chiqish qilishardi. Ovsini Kumushxonday faol emas, soddagina, kamgap, yumshoq ayol. Ammo ozgina quyq… Feli bor, bu odatini sezdirmaslikka urinadi-yu, lekin yuzlari qizarib darrov bildirib qoʻyardi. Uy bekasi boʻlganligi uchun uyi doim saranjom-sarishta, kozonda hamisha ovqati tayin turardi.
— Opa, hoy ovsinjon uydamisiz opa?
— Voy keling Kumushxon, uydamanda qayoqdayam boʻlardim, meni kutib oʻtiradigan onam-otam ham oʻtib ketganku — ilikkina hazil bilan kutib oldi Soraxonaya.
— Assalomu alaykum opa yaxshimisiz, akam yaxshimilar, bolalar, oʻzingiz hamma tinchmi?
— Va alaykum assalom, Allohga shukr hammamiz tinch oʻrgilay. Oʻzingizdan soʻrasak yaxshimisiz, ishlar bilan charchamay yuribsizmi, uy ichidagilar sogʻ salomatmi? Qani soʻriga chiqing.
— Qani ilohi omin tinchlik xotirjamlik boʻlsin, toʻylar boʻlsin opa.
— Hozir men darrov achchikkina choy damlay
— E opa choyni qoʻying gap bor.
— ha shu gapni tomoqni xullab-xullab gapirasizda oʻrgilay. Oshxona tomonga yurar ekan dimogiga Kumushxondan taralayotgan frantsuz atirining ifori uni sarmast qildi, uning xushbichim koʻylaklari, boʻynidagi yaqinda tugʻilgan kuniga eri sovgʻa qilgan tilla zanjiri, tarang yuzlari, oʻzini dadil oʻtishlariga ozgina hasad qilgandek edi.» ishqilib tinchlikmikin bizdakalarni mensimay hech bir ikkida bunaqa kirmasdi. Biror muhimroq muammomikan a.»- degan xayol bilan choyni damladi. Bir zumda patnusga issiqkina choy, ikkita piyola, toʻrtta non, ikkita mayda likopchada qand-qurs qilib soʻriga oʻtirdi. Choyni piyolaga qoʻyib ovsiniga uzatdi.
— Qani endi gapiringchi, ishqilib tinchlikmi?
— Tinchlik, shirinchilik, …. Qarasam gilos pishib tugab boryapti, akamlarni hovlisida gilos yoʻq, ogʻiz tegsin degandimda qani olingchi, bu yil biram koʻp meva qildiki jonivor.
— Uni qarang katta-katta meva tugʻibdi-ya, rahmat juda shirin ekan. Akangiz kun ora bozordan olib kelyaptilaru, lekin ular bunaqa mazalimasdi. Dasturxonga qarang, konfetdan olingchi ovsinjon, biror xizmat bormi bizga, yuklab qolibsiz.
— Endi opa gapning indallosi, siz baribir mendan koʻra koʻpni koʻrgan ayolsiz shu desez sizdan bir narsa soʻramoqchidim, Aʼloxon bor-ku, qaynonamiz rahmatlikni akasini qizi?
— ha, voy Aʼloxonga nima qilibdi?
— Obbo vaximachisizda, hech nima qilgani yoʻq Allohga shukr sogʻ-salomat, oʻynab-kulib yuribdi. Shu Aʼloxonni Zebo degan qizi bor edi, shu qiz qanaqa qiz boʻlgan, maktabni bitirdimikan yoʻqmi sizni xabaringiz bormi deb soʻrab chiqqandim opajon.
«Voy ayyorey qayerni suvi tiniqligini biladi bu makkora, men oʻgʻlimga moʻljal qilib yurganimdan xabari yoʻq shekilli, agar oʻgʻlim meni boshqa yoqtirganim bor demaganda allakachon band qilib non sindirib kelardima». Xayolidan oʻtkazdi Soraxon.
— ha Zebomi, maktabni bitiribdi, bitiribdi.- Soraxonning rangi oʻzgarib, kalovlanishni boshladi- Bilasizmi men ham shu Zeboni kelin qilmoqchi boʻlib birda surishtirgandim. Oʻsha qishloq vrachlik punktida bir dugonam hamshira boʻlib ishlaydi deng. Bir kuni koʻrishib qolib u yoʻq, bu yoʻqdan gaplashgach, qizni sekin soʻradim, eshitib hafsalam pir boʻldi. Ustiga ustak Alijon oʻgʻlimni boshqada koʻngli bor ekan, vaʼdalashganim bor deb turib oldi.
— Voy nega hafsalangiz pir boʻladi, nima gap ekan? Zeboga nima qilibdi?
— Оyogʻidan shikoyat qilib punktga tez-tez kelib turarmush, aytishi boʻyicha «revmotizm» emish. Alloh shifosini bersin. Qishloq joy, dala ishlari, mol-hol deganday mehnati koʻp-da. Yosh joniga dard oshirib olibdi boyakish. Sogʻlom onadan, sogʻlom bola tugʻiladi, nabiralarini nosog boʻlishini Kim ham xohlardi. Bu toʻqima gapga Kumushxon chipa-chin ishonib, koʻngli bir oz xira tortganday boʻldi. Lekin u juda xushyor, zukko ayol boʻlganligi uchun xulosa qilishga shoshilmadi.
SHAXNOZA
(Davomi bor).
