BIR TAQDIR
Davomi. Boshlanishi oldingi sonlarda)
— Assalomu alaykum, kechirasiz sizni tanimadim.- odamni sexirlovchi oʻsha koʻzlar, oʻsha nurli chehra, ha bu qarashdan soʻng Tolibjon haqiqatdan ham yuragi oʻz sohibini topganini his qildi, qoʻngʻiroqdek ovozini birinchi bor eshitib turganidan bagʻoyat xursand edi.
— Darsingiz tamom boʻldimi? Siz meni eslolmasangiz kerak, men kecha sizlarnikiga mehmonga borgan Kumushxonayaning oʻgʻli Tolibjonman. Sizni bu yerga muallimani yoniga kelishingizni eshitib, siz bilan tanishib, soʻng kuzatib qoʻymoqchi edim, agar qarshilik qilmasangiz albatta. Bu xushsurat, koʻrkam yigit oʻzining qarindoshi ekanligini bilgach. Koʻrkuvga oʻxshash bir tuygʻu uni tark etdi. Sal dadillik bilan-
— ha, yaxshimisiz, pochcham, xolam, singillarim yaxshimilar? Deb soʻradi.
— Hammasi yaxshi rahmat, — Tolibjonning koʻzlari qizga xuddi oxirgi marta koʻrishayotgan odamni qarashlariday qarardi. — Koʻrkmaysizmi? Sizday chiroyli qizga mahallamizning shoʻx yigitlaridan birontasi gap otib qolmasmikan?
— yoʻq e, men yosh qizcha emasmanku, keyin oʻzimni xafa qildirib qoʻymiman albatta.- dedi jiddiy ohangda. Lekin Tolibjonning oʻtli qarashlari Zeboning ham yuragiga oʻq kabi qadalayotgandi. U koʻzlarini goho toʻgʻriga, goho yerga qaratib arang olib koʻchardi. Koʻzlari esa oʻziga buysunmay, unga qarayotgan nigox tomonga boqishga undardi. Bu javobni eshitgach, Tolibjon qizning shijoati ancha balandligini sezdi. Bu qiz boshqa qizlarday boʻlar boʻlar-boʻlmasga iljayish, oʻzini allakanday boshqacha tutish degan holatlardan ancha yiroq edi. Sodda va beguborligi yuz-koʻzidan bilinib turardi. Tolibjon har xil qizlar bilan koʻp muomala qilganligi sababli, qizbolaning ikki ogʻiz soʻzidan qanday qiz ekanligini darov payqardi, sal kam psixolog boʻlib qolgandi. Ikkalasi birga yurib ketarkan. Ikkisi ham xayolan gap oʻylardi-yu, gapirolmay jim qolardi. Bekatgacha oz masofa qolgan, hozir avtobus kelib, Zeboni olib ketib qoladi, Tolibjon oʻzining qizga moyilligini oz boʻlsa-da bildirib qoʻymoqchi boʻlardi-yu, aynan bugun fikriga hech bir gap soʻz kelmasdi. Oraga ancha jimlik choʻkdi. Ha Zebo nafis va goʻzal boʻlishi bilan birga oʻziga yarasha salobati bor. Maʼnoli koʻzlariga qaragan kishi uncha-muncha soʻzini yoʻqotib qoʻyar edi. Bekatga yetib kelishdi hamki bir-biriga oʻgʻrikcha qarab qarab qoʻyishdan nariga oʻta olishmadi. Jimlikni Zebo buzdi:
— Sizga rahmat, buyogiga avtobus keladi, mahallamiz boshigacha bexavotir yetib olaman. Uydagilarga salom deng.– shiringina jilmayib qoʻydi. Yoʻq yoʻq nahotki shuncha kutilgan uchrashuv shunchalar qisqa boʻlsa, hali ichidagi gaplarini hech birini aytolgani yoʻq-ku, qizdan yiroqlashgisi kelmagan Tolibjon qandaydir bahona bilan uni to uyigacha kuzatib qoʻyish rejasini oʻylardi.
— Darrov xayrlashmasangizchi, hali avtobus kelgani yoʻq-ku, durustgina tanishib ham ulgurmadik, oʻzi siz qaysi oliygohga kirmoqchisiz?- Xayoliga kelgan Zeboga yoqadigan birinchi savol shu boʻldi.
— Pedagogika oliygohiga.
— Uni qarang nasib boʻlsa birga oʻqir ekanmizda?
— Siz ham shu oliygohga hujjat topshirasizmi?
— Men oʻsha oliygohda tarix fakultetining ikkinchi koʻrsida oʻqiyman.
— Voy qanday yaxshi, omadingiz bor ekan.
— Shunday deb oʻylaysizmi, nahotki omadim boʻlsa, bilasizmi menda omad bormi yoʻqligini sinab koʻrmoqchiman.
— Qanday qilib?
— Agar sizni avtobusda to uyingizgacha kuzatib qoʻysam omadim borligiga aniq ishonardim. Zebo nima deb javob qaytarishni bilmay qoldi, lekin nim tabassumidan qarshi emasligi sezilib turardi. Aslida u bironta yigitni yaqiniga yulatgani qoʻymasdi. Bu sergap yigit kipriklarini pirpiratib, nimasi bilandir odamni oʻziga rom qilib, qarshilik qilishga chora qoldirmasdi-da. Ular shu zaylda oldin bekatda, keyin avtobusda to Zeboning mahallasi yonidagi bekatga yetguncha xush kayfiyatda gaplashib, kulishib kelishdi. Avtobusga chiqqan paytida odamlar ancha koʻp edi. Boʻsh oʻrindiqlar yoʻqligi uchun ular orqa tomondagi tutkichlardan birini tutib yonma yon ketishardi. Ularni bir– birlariga qarashlaridan odamlarning koʻziga xuddi sevishganlardek koʻrinishardi. Zebo oʻzini shuncha dadillikka olsa ham bu yigitning oʻt qarashlari yuragiga alanga solardi. Avtobus markazga yetgach, yani ikki bekatdan soʻng odamlarning koʻpi tushib qolishdi, ikkisi boʻshagan oʻrindiqlarga joylashishdi. Tolibjon qiz yoqtiradigan mavzularni topib gapirar, uni gapga solib qoʻyib, xumor koʻzlariga toʻyib termulardi. Qiz ham Tolibjonni birinchi marta koʻrib turgan boʻlsa ham, xuddi oldindan tanish boʻlganday oʻzini xotirjam, bexavotir sezardi. Va nihoyat bekat. Ular birga avtobusdan tushar ekan hech ajralgisi yoʻq kishilarday bir-biriga allanechuk koʻz bilan qarardi. Tolibjon bu yogiga ham chaqqonlik qildi.
— ha siz bilib aytibsiz, xudoga shukr demak omadli ekanman. Lekin Yana bir muammo borda.
— Qanaqa muammo? Bugungi vaqtingizni meni deb zoye ketkazganingiz emasmi?.
— Iye nimalar deyapsiz, — U hozir, qolgan umrim senga baxshida boʻlsin goʻzalim deyishga tayyor edi- Zeboxon bilasizmi, oʻsha kuni oyim sizlarnikidagi katta oʻrik daraxtini rosa maktagandi. Oyingiz berib yuborgan
Urikni hamma totib koʻrdi-yu, lekin menga yetmay qolgandi, yuragimda armon qolmasin, hozir uyingizga borsam, Aʼloxonxolam meni shu oʻrik bilan mehmon qilarmikan nima deb oʻylaysiz.
— Shuni hali muammo deyapsizmi– kuldi Zebo, kulganda ikki yuzidagi kulgichlari oʻziga juda yarashardi- ha albatta mehmon qiladilar, urikning bu yilgi mevasi har yilgidan shirinroq va serhosil boʻlgan, afsus oxirlab qoldi, toʻkila-toʻkila charchadi, faqat tepa shoxlarida eng mazalilari qolgan, qani yuring boʻlmasa qarindosh. Birga ketishar ekan, yigit qizning «qarindosh» degan soʻzidan xavotirga tushdi. Nahotki men bilan faqat qarindosh boʻlganligi uchungina shunday samimiy kulib gaplashayotgan boʻlsa. Agar maqsadimni bilsa qayrilib ham qaramasachi, sevgimni rad qilsa nima boʻladi. Yoʻq e, xudo asrasin. Tolibjon birinchi marta qiz bolaning salbiy javobini eshitish zalvorini his qildi. Bu orada Zebo hovlisidagi mevali daraxtlar haqida maroq bilan gapirib ketardi. Qizning gaplariga eʼtibor qilmasa ham ovozi uni quloqlariga yoqib, shu tobda chin dilidan baxtiyor edi, bugungi kun oxirlab borayotganiga qaramay, uning uchun bugun hayotining birinchi tongi endi otganday edi goʻyo. Qishloq joyda, koʻcha oʻrtasida yigit bilan qiz bemalol gaplashib ketishi ancha noqulay boʻlsa-da, Zebo negadir oʻzini erkin his qilardi, yonida shunday kelishgan, oʻqimishli, yoqimtoy yigit bilan borayotgani, ichida qandaydir faxrmi, koʻz-koʻz qilishmi shunga oʻxshash alakanday his bor edi. Kechki payt boʻlganligi uchun mahallasi ancha gavjumlashgan. Kimdir ishdan qaytayotgan, kimdir koʻchada shunchaki suhbatlashib oʻtirgan, yosh kelinlar koʻchani salkinlatish uchun, chelakni ariqqa botirib suv sepish bilan ovvora. Har bir mahallada boʻlganiday, bu joyning ham baʼzi giybatchi ayollari kaftlari bilan ogʻizlarini tusib, Zeboni begona yigit bilan kelayotganini muhokama qilayotganlari ham topilardi. Lekin ular bir-birlariga yarashib, parvo ham qilmay salom berib oʻtib ketishardi. Chekkaroqda bir necha oʻgʻil bolalar sevimli soqqa uyinini oʻynashmoqda, ular tizilib olishib galma-galdan yongʻoq otishardi. Shu tobda Tolibjonning ham bolaligi tutib bir bolakaydan yongʻoq soʻrab turdi-da otib koʻrdi, buni qarangki moʻljalga toʻgʻri tegib bir nechta yongʻoq ham yutib oldi. Bolalar ichida bir bolakay Tolibjonga ukrayib qarardi, chunki bu yigit xuddi Zebo opasini tinch qoʻymasdan taʼkib qilib kelayotgandek koʻringandi uning koʻziga. Koʻzlarini ola-kula qilib qarab uni kuzatib turdi. Tolibjon esa uyinni qisqa qilib, qoʻlidagi barcha yongʻoqlarini boyagi yongʻoqidan bergan boshqa bir saxiy bolaga tutkazdi-da, oʻzi yugurib Zeboga yetib oldi.
— Zeboxon, shoshmang, tez yurarkansiz, sportchi boʻlib keting e, bilasizmi, shu yaqin atrofda biror magazin bormi?– soʻradi hansirab.
— Nega?
— ha men Aʼloxonxolamga biror shirinlik sotib olmoqchidim.
— yoʻq, yoʻq rahmat oyim uncha shirinlikni xush koʻrmaydilar.
— Unda boshqa biror nima olarmiz, qani kirib koʻraylikchi. Anchadan beri koʻrmaganman, yana quruq kul bilan kirishim noqulay, tushun axir oʻzbekchilik. Magazinchi qiz, dugonasi Oʻgʻiloy edi, Zebo shuning uchun u yerga Tolibjon bilan birga kirishni oʻziga ep koʻrmay bir necha bahonalar topsa ham, yigit oʻzicha u yoʻq bu yoʻqlarga sinchiklab qarab, dukonni darrov ilgab oldi va qizni shu tomonga yurishga majbur qildi. Qiz noiloj kundi va ular birga mujazgina dukonga kirishdi. Dukonchi Oʻgʻiloy bu kelishgan yigitni koʻrdi-yu, koʻzlari chaknab ketdi. Dast oʻrnidan turib suzilibgina-
— Salom, xush kelibsiz, xizmat– deb soʻradi. Ortidan kirgan Zeboga savolomuz qaradi-da, ular birga kirganini anglab, hayron qoldi. Zebo kiriboq hayajonlanib darrov yigitni tanishtib boshladi.
— Oʻrtoq salom, bu mening qarindoshim yaʼni akam Tolibjonaka biznikiga mehmonga kelayotgan ekan, yoʻlda toʻqnashib qoldik.
— Voy, qiziq….., hech koʻrmagan ekanman ……. Oʻzing ham biror marta gapirmagandingku.
— Singlim menga yoshi katta ayollar xushlaydigan biror nima taklif qila olasizmi?– gapni boʻldi Tolibjon.
— ha albatta, bugun bazadan yangi shokolad keltirganmiz, shundan oling nafaqat yoshi katta har qanday ayolga yoqadi aka.
— Toʻgʻri men ham boshida shu fikrda edim, keyin bilsam meni xolam shirinlikni uncha xush koʻrmas emush, shunga ikkilanib turibman.
— xolangiz Kim Aʼloxonayammi? U qishiga oʻzimizni halva kantimiz yoqadi bilsangiz har safar dukonimga kirganda qilo-qilo sotib oladilar.
— Ayni muddao-ku, rahmat sizga aqlli qizga oʻxshaysiz, bir qilo torting boʻlmasam. Shirin pechenelardan ham ikki-uch xil qilib torting. Oʻgʻiloy tarozi pallasiga selofan paketni qoʻyib halvadan solar ekan, dukonni kuzdan kechirayotgan olifta yigitdan koʻzini uzolmay qoldi, sekin dugonasiga pichirladi-
— Zebish, qarindoshingchi, xuddi haligi hind kino yulduzi Rishi Kapurning uziku, muncha yoqimtoy, shunaqa qarindoshlaringga meni toʻgʻrilab, dugona emas kelin oyi qilib olsang boʻlmaydimi oʻrtoq.
— E gapni qisqaroq qil shoshib turibman, oyim xavotir oladilar, ustiga ustak gaplaring eshitib qolmasin, yana gaplaringni eshitib qolib, qarindoshining dugonasini essi past ekanligini deb bilib qolmasin.
— ha xoʻp- qovogʻini osiltirib paketni Zeboga tutkazar ekan, birdan yigitga iljaydi va- aka yana dukonimizga kiring– deb qoʻshib qoʻydi. Darvozadan kirar ekan Zebo mezbon sifatida Tolibjonga
— Qani marhamat mehmon, -deya iltifot koʻrsatdi. Soʻrida kashta tikib oʻtirgan Aʼloxonaya qizining begona yigit bilan kirib kelaganini koʻrib hang-mang boʻlib na turishni, na kutib olishni bilmay kotib qoldi. Yigit bu holatni sezdi-da, Xolani tinchlantirish uchun darrov oʻzini tanishtirdi:
— Assalomu alaykum Aʼloxon xola, yaxshimisiz, sogliklaringiz yaxshimi, meni tanimadingizmi? Qani topingchi, axir meni oʻzingiz toychoq deb erkalardingizku. Men mana oʻsha toychoqingiz saman ot boʻlib koʻrgani keldim sizni.
— Voy oʻrgilay toychoqim Tolibjonmisiz, qaranga tanimabman shunchalar navkiron yigit boʻlib ketibsizku oʻgʻlim. Lekin koʻzlaringiz hechcham oʻzgarmabdi. Oʻsha yulduz koʻzlar chaqnoqligicha qolibdi. Qani oʻtiring bolam, uy ichidagilar tinch omonmi, oʻsha kuni Kumushopam xafa boʻlmay ketibdimi ishqilib, shoshilinchda uncha yaxshi mehmon qilolmagandim. Palovniyam kutmay ketib qoldilar. Xush biz tomonlarga qaysi shamollar uchirdi, Zeboni qayerdan uchratib qoldingiz, qani bir boshdan gapiringchi.– shu tobda Aʼloxonaya yigitni oldingi toychoqlik paytidagiday mehr bilan qarshiladi. Onasining sovchi boʻlganiyu, yigit balki kuyovi boʻlishi mumkinligi haqida unutdi. Suksurdekkina, istarali bu yigit yuz koʻzidan koʻngli ochiq, samimiy ekanligi bilinib turardi. Koʻrinishi shaharlik olifta boʻlsa ham kalondimogʻ emas, kamsuqum, kamtar, xushfeʼlligi odamga yoqardi.
— Nega xafa boʻlarkanlar, oyim borgandan beri shu xonadoninglarni maqtashdan charchamayaptilar. Ayniksa mevalarni koʻrib bizni dadam ikkovimizni Muxtorakadan oʻrnak olsalaring boʻlarkan deb dashnom beryaptilar.– kuldi Tolibjon.
— Oyi jiyaningiz oʻrik yegani kelganlar. Nima qilamiz oʻzini daraxtga chiqaramizmi– kiyimlarini almashtirib chiqqan Zebo koʻylak lozimda yanayam jozibali koʻrinardi. Uning hazilomus bu gapi Tolibjonga yoqib ketdi. Chunki qizning tabassumi unga quvonch bagʻishlardi.
— yoʻq e, nima deyapsan qizim, Tolibjon bir ikkida daraxtga chiqib yuribdimi, meva terishni oʻzimga qoʻyib ber, oʻrik yegisi kelgan boʻlsa, urikda. Shunday dedi-yu Aʼloxon aya yengini shimarib, uzun koʻylakini etak kismini lozimining bir chetiga kistirdi-da «Bismillahir rohmanir rohim» deb baland daraxtga chirmashib teppaga qarab chiqib ketsa boʻladimi, Tolibjon qoʻlidagi piyolasini choyi bilan ushlagancha xolasiga qarab angrayib qoldi. Umrida bunaqangi sergayrat, erkakshaddod ayolni birinchi marta koʻrib turishi edi. Uning atrofida doim qoshidan usmasi,
Koʻzidan surmasi tushmaydigan nozli ayollar edi-da. Daraxt teppasiga koʻrkmay dab durustdan chiqib ketgan shaddod ayolning gʻayratiga tan berishdan boshqa iloji topolmadi.
— xolajon boʻldi tushun, extiyot boʻling, ikki dona yesam bas, tusha qoling endi.- oʻrik yegani kelganidan xijolat torta boshladi. Bir zumda pakirchani yarim qilib pastga tushgan Aʼloxonaya, qarshisidagi hang-mang boʻlib turgan bu yigitcha bir kun kelib kuyovi boʻlishi haqida umuman oʻylamasdi. Ular soʻrida gurung qilib oʻtirishgan payt, uyga Muxtor aka charchab, toliqib kirib keldi.
— Assalomu alaykum, charchamay kelyapsizmi dadasi, -darrov koʻraga ilik suv tayyorlar ekan, bu begona erkak kim ekan deb qovogʻi solingan erini koʻrinishidan anglab shoshib tanishtira ketdi -Mehmonni tanidingizmi otasi, Tolibjonchi. Nuʼmonjon pochchamizni oʻgʻli.- Otaning chehrasi endi yorishdi:
— ha, ha xush kelibsiz oʻgʻlim, uydagilar sogʻ-omonmi? Oʻzir men hozir darov shom namozimni oʻqib olay maylimi, keyin bafurja suhbatlashamiz- Muxtor aka koʻrinishi ancha jiddiy boʻlsa ham, tabiatan juda yuvvosh, beozor, qoʻlidan kelgancha odamlarga faqat yaxshilik qiladigan, chuqur mulohazali, sabr-tokatli, dili pok qisqasi hazrati inson edi.
— Assalamu alaykum Muxtor aka, mayli, mayli, albatta, siz bemalol oʻqib chiqavering.- koʻzlari kulib turgan Xizir monand bu odam Zeboning otasi ekanligi yigitni ajablantirdi. Nazarida nisbatan yoshi ulugroq koʻrindi koʻziga, toʻgʻri, ular bir necha yil farzandsiz yurgani uchun yoshlari ulgʻayganda qizi xuddi nabirasiday koʻrinadi. Bu oiladagi insonlar bir-biridan begubor samimiy ekanligi Tolibjonga oʻzini ancha erkin tutishiga tasalli berardi. Muxtor aka namozini tugatgach dasturxonga ovqat tortildi. Har oʻzbek oilasi singari bu oila ham otasi kelguncha ovqatni suzmay qarab turishga odatlangan. Bu gal Tolibjon yangi davrada ovqatlanar ekan, oʻzini qandaydir oldindan tanib, koʻpdan beri borish kelish qilib yurgan odamday tutardi. Ha bizni yigit shunaqa kirishimli, gapga chechan xilidan. Dasturxonga omin qilingach, mazali chuchvara uchun Aʼloxon ayaga katta rahmat aytib oʻrnidan turdi.
— Pochchajon, xolajon men endi boray, sizlar bilan qancha suhbatlashib oʻtirsam shuncha kam ekan. Uyga boray uydagilar xavotir olishmasin. Bu tomonlarga kelishim haqida ular bilmagandi. Mayli biznikiga ham boringlar hovlimizda sizlarnikiday mazali mevalar boʻlmasa ham, harqalay oʻzim kulbola qilib palov damlab berarman.
— Uni qarang palov damlashni bilasizmi oʻgʻlim, -soʻradi Muxtoraka ajablanib.
— nafaqat palov oʻzbek taomlarini hammasini pishirish qoʻlimdan keladi, axir singilllarim hali yoshroq men onamga yordam qilib yurib, oʻrganib ketganman.
— ha yashang, yigit qishiga qirq hunar oz deyishadi, mana bizni qizimiz kitob oʻqishni qoyillatadi xolos, palov damlashga kelganda otajon undaymi, onajon bundaymi deb xavotir bilan damlaydi-ya. Bilmadim qachon oʻrganarkin.– Muxtor aka soddalik qilib bor haqiqatni gapirib Aʼloxonayani mulzam qildi.
— Oʻqishimni bitirgunimcha oʻrganib olaman ota, hali vaqtim koʻp-ku — uyalib kuldi Zebo.
— Oʻzim oʻrgataman xavotir olmang- Tolibjon bexosdan gapirib yuborganidan oʻzi xijolat boʻlib, darvoza tomonga shoshib qoldi.– ha….. Ha mayli men boray, rahmat hammasi uchun. Yigit ketgach Aʼloxonaya sekin gap boshladi:
— ha otasi u kuni Kumushopa kelibdi degandimku, essingizdami?
— ha essimda oʻsha kuni bir oz mazam boʻlmay turgani uchun uncha eʼtibor qilmagandim.
— Shuda, men ham charchab charchaganingiz uchun batafsil gapirolmagandim. Hayron qolganim gapining yakunida chinmi yolgʻonmi bilmadimku, qizingizga sovchiman deydi.
— Iye, oʻylab gapiryapsizmi onasi bu gap bilan hazillashib boʻladimi, Kumushxon yosh bolamiki yolgʻondan gapirsa, farosatli, koʻpni koʻrgan, muallima ayol boʻlsa.
— Shunga hayronmanda yana yakshanba kuni javobiga kelaman deb shoshtirib ham qoʻygandi.
— Ana boʻlmasam, xoʻp deganday qilgandirsizda, axir yolgʻiz qizimiz boʻlsa, shu yaqin atrofga beramiz demadingizmi.
— yoʻq gaplaridan esankirab nima qilishimni, nima deyishimni bilmay qolgandim. Bugun Tolibjonni koʻrib ham onasi sovchi boʻlgani hech xayolimga kelmay, oʻz oʻgʻlimday qabul qilibman. Keyin essimga tushib, sal oʻzimni yigʻishtiribroq tutdim. Negadir ishonkiramay turgandimda.
— ha xayriyat, har holda essingizga kelibdi-yu, bunaqangi muhim gaplarni kasalmanmi, sogmanmi darhol menga aytishingiz kerak, har qanday vaziyatda ham aql bilan ish yuritish lozim. Men boʻlsam oʻzicha mehmon boʻlib kelibdi-da deb butun hangoma qilib oʻtiribman. Oʻzicha bu odamlar rozi shekilli deb oʻylab ketgandir.
— ha nima, yaxshi yigitga oʻxshaydi-ku, ochiqkina, bizni feʼli ogʻir qizimizga aynan shunakasi kerak oʻzi. Yana bilmadim shaharga beraman deb hech xayol qilmagandim.
— Bu taqdir Allohning aytgani boʻladi onasi. Balki Kumushxon bir ogʻiz havas qilib oʻzicha gapirib qoʻygandirda. Ularni boy oilasiga bizni sodda oddiy qizimiz toʻgʻri kelmasli aniq ravshanku.
— ha toʻgʻri aytasiz, men ham toʻgʻrisi shunaqa deb oʻylagandim.
Hech gapdan xabari yoʻq Zebo hamma idishlarni yuvib saranjomlab boʻlib, dars qilishga uyga kirib ketgandi. Televizorda xuddi buyurilganday oʻsha davrning mashhur hind filmi «Bobbi» qoʻyilayotgandi. Qoʻliga kitobini olgandan buyon biror sahifa ham oʻqimasdan, filmni maroq bilan koʻrib oʻtirgan Zebo Tolibjonni haqiqattan ham oʻsha aktyorga juda oʻxshashligini koʻrib, yuzida ilik tabassum paydo boʻldi. Charchab qolganidanmi yoki kech boʻlganigami koʻzlari oʻzidan oʻzi yumilib uyqu xohlardi. Xayollari chalgib, Tolibjonning ovozi qulogʻi ostidan ketmay, vujudini allanechuk hislar chulgab olgandi. Filmni koʻrar ekan xuddi rol oʻynayotgan aktyorlar siymosida Tolibjonu, qizni siymosida oʻzini tasavvur qilib goho yigʻlar, goho kular, xullas kinoga berilib ketgandi. Shahlo koʻzlar yumilib, kuyuk kipriklar bir-biriga yopishib boradi. Keng sahro, chulning oʻrtasiga qandaydir holatda kelib qolgan Zebo quyoshning issigidan tomoqlari kakrab, biror boʻloq topish ilinjida atrofga boqardi. Uzoqda rang-barang gullar chaman boʻlib ochilib yotgan, har xil daraxtlar ekilgan bir bogʻ koʻrinardi. Zebo yugurgancha bogʻ tarafga intilar, lekin negadir oyoqlarini kimirlata olmasdi. Shunda qayerdandir oppoq otga mingan Tolibjon paydo boʻldi-yu, Zeboni opichlab otiga mindirib bogʻ tomonga olib bordi. Keyin oʻzi qayoqqadir gʻoyib boʻldi. Zebo chankogini bosish uchun atrofdan suv qidirardi. Shunda yonidan bir qancha kelishgan basavlat yigitlar chiqib qoʻlida kuzasi bilan Zeboga uzatishardi, yigitlar orasida qoʻshnisi Halimjonni ham koʻrdi. Lekin Zebo yigitlar orasidan Tolibjonni izlardi, oʻta suvsirab turgan boʻlsa ham sabr bilan yigitlarga birma-bir qarab chiqardi. Va nihoyat uni topdi. Uning qoʻlidan kuzani oldida suvni toʻyib-toʻyib icha boshladi. Soʻng Tolibjon bilan bogʻ tomonga yurishdi. Bogda koʻproq olma daraxti boʻlib ular gʻarq pishgan edi. Zebo ikkita qizil, ikkita koʻk olma uzdi-da yigitga uzatdi. Yigit olmalarga mehr bilan qaradi-da, qoʻyniga solib qoʻydi. Ular bir otga minib uzoq– uzoqlarga ketishdi. Otning tez chopganidan, hansirab, nafasi bugilib birdan uygʻonib ketdi. Ha bu tush edi, oʻta maʼnoli ajib tush.
— ha qizim, senga nima boʻldi? Uxlab qolibsanku, yomon tush koʻrdingmi? Tur bolam joyingni toʻshab qoʻydim kirib yot.– yolgʻiz qizalogini qoʻngʻiroq zulflaridan silab bagʻriga bosdi-qanday tush koʻrding Zeboginam? Zebo koʻrgan tushini oyisiga aytib berar ekan, hayajondan tomogiga xuddi bir nima tikilib qolayotganday, yutinib-yutinib qoʻyardi, lekin tushida Tolibjon qatnashganini aytishga istixola qilib bir yigit deb qoʻy qolgandi.
— Oyi negadir juda koʻrkdim, lekin bogʻ juda chiroyli edi, ayniksa oʻsha saman ot oppoq, baland oʻta viqorli edi.
— Voy qizalogʻim sen ham necha yillab Allohdan tilab olingan farzandsanda– Onaning koʻzlariga yosh keldi- tushlaring nimanidir anglatganday, nahotki shu yigit taqdiring boʻlsa, unga bergan ikkita qizil olma bu ikki qiz farzand, ikkita koʻk olma bu ikki oʻgʻil farzand belgisi. Ot esa baxt timsoli bolam. Iloyim baxtli taxtli, serfarzand boʻlgin bolam.
— taqdiring deysizmi?-qiz chuchib ketib aytishga majbur boʻldi- U yigit oʻsha Tolibjonaka edi, uni nima aloqasi bor mening taqdirimga?
— ha qizim a, Kumush xolang mehmonga kelganda aytgandi, seni oʻsha kuni toʻyda koʻrganida yoqtirib qolgan ekan, havas qilib menga kelin qilib berasizmi deb suragandi. Qisqasi sovchi boʻlib kelgan ekan biznikiga.
— Voy oʻlmasam, shuning uchun yulimni poylab turgan ekanda, men befarosat boʻlsa u yigitni uygacha sudrab kelibman.– Zebo yotgan joyidan turib ketdi- Nega avvalroq aytmadingiz oyi, bu nima qilganingiz, men endi uning koʻziga qandoq qarayman. Ulib turgan ekan deb xayol qilgan boʻlsa-ya, axir aytdim, nega bexosdan qarindoshligi essiga tushib qoldi ekan deb.- qizning yuzlari qizarib, koʻzlariga yosh kalkib, ovozlari hozir yigʻlab yuborguday bugilib qoldi.
— Hech kishi yoʻq qizim Allohning aytgani boʻladi. Qizlik uy bamisoli koʻprik, shox ham goʻda ham oʻtib koʻradi, lekin qiz kimning taqdiriga bitilgan boʻlsa oʻshanga nasib qiladi. Balki bu shunchaki tushdir, biz u oila bilan tenglasha olarmidik, Kumushxon qayoqdayu men qayoqda, lekin bilsang Tolibjon menga juda maʼqul keldi. Ajoyib koʻngli toza yigit ekan omon bulgur.
— qiziq gaplarni gapirasizda oyi, men hali oʻqishga kirib, bitirgunimcha, u oliftangiz uylanib, bola chakali boʻlib ketadi. Nega «u qayoqdayu men qayoqda» deysiz, sizga teng keladigan ona bor ekanmi dunyoda. Siz hammadan mehribon, hammadan aqlli onamsizku. Ona bola tushalgan joyga kirishib ozroq dildan gaplashib yotishdi-da, soʻng achomlashib uxlab qolishdi. Tashqari hovlida esa soʻriga baland, yumshoq qilib Muxtoraka uchun joy solingan. Pashshalar uyqusini buzmasligi uchun keng qilib oppoq shashshaxona yoyilgan. Muxtor aka esa joyiga yotmay soʻri chetida xayolga chumib oʻtiribdi. Hamma shirin uyquda, soʻri tagidan oqayotgan ariqdagi suvning shildirashi, chigirtkalarning kim oʻzarga chirrillashi, unga jur boʻlayotgan koʻrbakalarning koʻrrillashiyu, uzoqlarda bir– birlari bilan bir nimani daraklashayotganday uvvillab itlarning hurishi tungi jimlikni buzardi. Uyga tolgan ota toʻy haqida uylar, toʻyga deb yigʻinib qoʻygan pullarini nimalarga sarflashini reja qilar, shirin orzu xayollar bilan yuziga ilik tabassum yugurardi. Birdan qizini bergach, uylari huvillab qolishini oʻylab, g’amg’n tortdi.
SHAXNOZA
