Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

BIR TAQDIR

BIR TAQDIR

Davomi. Boshlanishi oldingi sonlarda)

— Yoʻq– dedi oʻziga-oʻzi– qizimni uzoqqa bermasligim kerak, nima koʻp shu yaqinimda asl pahlavon yigitlar koʻp, shulardan biriga uzatganim maʼqul. Yana ……Alloh biladi taqdir nasib, qayerda boʻlsa ham ishqilib baxtli boʻlsa boʻlgani. Chuqur xursand boʻldi-da, sekingina pashshaxonaning chetini koʻtarib ichkariga kirdi, maxsisini yechib paytavasini maxsi ichiga saranjomladi, tungi duolarni oʻqib, uxlashga yotdi. Tong otganiga ancha boʻlgan boʻlsa ham Kumushxon ayaning uyida jim-jitlik hamma uxlab yotibdi.

Qizlar oʻz xonalarida, qoʻshni xonada esa kichik oʻgʻilcha onasi bilan koʻrpaga uranib terlab pishib uxlab yotibdi. Tashqari ayvondagi karavotda Nuʼmonaka, uning qarama qarshi tomonidagi divanda Tolibjon uxlashardi. Ha yozgi taʼtil vaqti bu oʻqituvchilar oilasi uchun ayni dam olish pallasi. Kumushxonaya maktab ishlarini har doimgaday hammadan oldin aʼlo darajada yakunlagan. Keyingi oʻquv yiliga hammasi tayyor. Bu yil oʻqitayotgan sinfi boshlangʻich taʼlimni tamomlab yuqori sinfga oʻtadi. Ertaga qizlar pioner lageriga junashadi, kichik oʻgʻli bu yil birinchi sinfga boradi. Kumushxon hozircha hamma ishlardan xoli taʼtil gashtini surish bilan ovvora, agar shu oylarda Tolibjonning toʻyini oʻtkazib olganidami, ayni muddao boʻlar edi. Kumushxonaya asta oʻrnidan turdi, xonadan chiqib atrofga qaradi. Hovlida hech kimirlagan odam koʻrinmasdi. Jahl bilan qizlar yotgan xonaga kirdi.

— Iye, bu nimasi shu meni qizlarimmi, hali hovliga suv sepilmagan, dasturxon tayyorlanmagan qani tez turlaring oʻrnilaringdan. Nasiba qizim 6 sinfga koʻchding axir, kap-katta qiz boʻlib qoldingku, men qachongacha uygʻotaman.– qovoqlarini uyib qizlarini soʻka boshladi.

— Oyi qachon bizga kelinoyi opkelasizlar, ana oʻrtoqim Farida doim xohlagan paytida turadi, kelinoyisi ular turgunicha hamma ishlarni qilib «Faridaxon asalim choy ichib oling» deb uygʻotadi.- Dedi Nasiba yigʻlamsirab. Bu gapni eshitib kecha kechasi Tolibjonni kuta- kuta uxlab qolgani essiga tushib ketdi. Darrov tashqariga Tolibjonni joyiga qaradi. Ha bitta ichki kiyimda dung tushib uxlab yotibdi. Ustiga tushalgan choyshab allakachon pastga tushib ketgan. Kecha ovqatdan soʻng er-xotin kelin masalasida ancha suhbatlashishgandi, yakshanba kuniga birga borishib, borini bor, yugini yoʻq qilib kelishga kelishilgan. Boshida Numonakaga, Aʼloxon urugʻi boʻlganligi uchun qarindosh bilan quda boʻlish yaʼni Zeboni kelin qilish fikri uncha yoqmadi, lekin xotini bilan tortishish befoyda ekanligini bilgan holda «ayol kishini qanaqaligini, ayol kishi biladi-da onasi», deb qoʻy qolgandi. Oila aʼzolari nonushta qilib boʻlib, oʻz yumushlari bilan ovvora, bizni «yigit» hali uyquda. Singillari uchun dunyoda eng kiyin ish, akasini uygʻotish, shunga qaramay bir necha bor uygʻotishga urinib koʻrishdi, ammo bexuda. Koʻchada doʻsti Murodjon chaqirib qolmaganida bugun to tushgacha hech kim uni oʻrnidan jildirolmas edi.

— Tolibjon.

— Tolibjon oshna.

— Hozir– dungilladi Tolibjon- taʼtilda uxlayversang boʻlmaydimi e. Na oʻzing uxlaysan, na boshqani uxlatgani qoʻyasan.

Erinibgina oʻrnidan turdi. Jumrakdan muzdan suvni ochib yuzlarini yuvdi. Ogʻiziga bir-ikki suv olib chaykadi. Ilinib turgan sochigiga artindi.

— Bolam shu boʻyicha yoʻqolib qolmagin a, tez qayt juda muhim gap bor Zebo haqida.– onasi koʻchaga chiqib ketayotgan oʻgʻlini atayin qiziqtirib qoʻydi, chunki bu «koʻcha bolasi»ga aylangan oʻgʻlini kutishdan charchagandi.

— Assalomu alaykum oyijon. Xoʻp xoʻp hozir qaytaman meni ham gapim bor. Zebo haqida- koʻrsatkich barmogʻini teppaga qilib qoʻydi-da kulib chiqib ketdi. Ogʻaynisi bilan koʻchada uzoq qolib ketishni istamagan Tolibjon, gapni qisqaroq qilishga harakat qilardi. Doʻsti Murodjon yaqinda boʻladigan jurasi Alijonning ( Alijon momasi Soraxonayaning oʻgʻli, Tolibjon bilan Alijon amakivachchalar) toʻyi masalasida kelgandi. Murodjon — Tolibjon bilan tengkur yigit. Maktabda ham bir sinfda oʻqishgan, hozirda universitetda birga oʻqishadi, faqat Murodjonning fakulteti boshqa. U tabiatan noziktab, oʻta pokiza did farosatda tengsiz yigit. Oilada ruscha tarbiya koʻrgani uchun ancha sodda toʻgʻri soʻz, oddiy narsalarga ham boshqacha jiddiy koʻz bilan qaraydi. Qizlar bobida ancha gapga nunokroq, maktab davrida bir qizga koʻngil qoʻygandi, ammo biror marta ham qizga bu haqda ogʻiz ochmagan, toʻgʻrirogʻi gap ochishga botinolmagan, natijada qiz mutlaqo bexabar holda, hozirda boshqasi bilan turmush koʻrib, baxtli hayot kechirmoqda. Baʼzan gapirishishi kerak boʻlgan vaziyatlarda u Tolibjon bilan birga ish bitirib oʻrgangan. Xullas ikki dust tabiati qarama qarshiyu, lekin juda qalin juralar.

— Ular ikkisi toʻyga ogʻaynilar nomidan qanday toʻyona qilish haqida ozgina maslahat qilishdi. Maslahat pishgach, Tolibjon doʻstini kuzatdi-da, uyga shoshdi. Chunki doʻsti bilan suhbat chogʻida dilida bir nima hech tinchlik bermasdi. Oyising «muhim gap bor Zebo haqida» degan soʻzi qulogʻi ostida yangrab turgandi.

— Oyi manna keldim, kanisiz, buyoqqa kelingchi, choy sovib qolibdiku, Nasibaxon choy damlang singiljon- hozir bir yaxshi xabar eshitishini sezib, kayfiyati chogʻ edi. Kumushxon aya pillapoyadan asta-asta qadamlar bilan, tushib borardi. Soʻriga yaqinlashar ekan jurtaga yanayam qadamini sekinlashtirdi. Koʻzlari jovdirab turgan oʻgʻliga qarab soʻz boshladi:

— ha muncha tez qaytibsan oʻgʻlim, oʻtirardilaringku soatlab oʻrindiqni band qilib, singillaring besh olti marta chaqirsa ham hozir-hozirlab uyga kirmay.

— Iye qiziqsiz-da oyijon, uyda hayot– mamot masalam hal boʻlyapti-yu, men koʻchada oʻtiramanmi, boʻling endi gapirsangizchi axir, nima gaplar.

— xoʻsh, biz kecha dadang bilan maslahatlashib, yakshanba kuni non oʻshatib kelishga qaror qildik. Qiz haqida gapirgandim dadang ham qarshilik qilmadilar, nima boʻlganda ham Zebo dadangning urugiku. Ular Aʼloxon bilan yoshliklarida birga aka singil boʻlib katta boʻlishgan. Tezroq masalani hal qilish kerak. Nega desang hozir dadangni ham idorasida ishlari bir oz yengillashgan, men ham hozircha boʻshman, agar rozi boʻlishsa manashu oydan qolmay toʻyni oʻtkazib qoʻy qolardik oʻgʻlim. Tolibjon ishonkiramaygina qarab qoʻydi, kechagi suhbat jarayonida qizga koʻnglini ocha olmagani uni xavotirga solardi. Shu bilan birga rozi boʻlmasligi haqidagi uyni ham tasavvur qilolmasdi. Oraga jimlik choʻkdi.

— ha, ….. Tavba, …. Nega jimsan, boyagi buro tillar qayoqda qoldi.-birdan yuragiga Zeboniyam rad qilsaya degan gʻulgʻula tushdi.- Ammo boʻlmaydi demagin endi bolam, axir qancha-qancha qizlarni rad qilyapsan, insof boʻlishi kerak odamda, oʻzi bir beadab quloqsiz yigit boʻlsang qiz yoqtirmaganingga ulaymi. Aytgancha boya gapim bor deganing, nima gap edi. Endi navbat senga gapirchi.

— yoʻq e oyijon qarorim qatʼiy, shu qiz menga yoqdi. Ha gapimmi, gapim shuki agar shu qarindoshingizni menga olib bersangiz kelinni qoʻliga uzuk takishdan avval sizni kulingizga zoʻrini oʻzim takib qoʻyaman.

— Uxxu ishtahalar karnayku, student yigit qayoqdan tilla uzukka oshinib qoʻygan ekan a, choʻntagingizdan olib kissangizga solaman degin– kotib-kotib kuldi- ha Allohga shukr shunchalik deganinga shukr, qani yakshanba kun kelsinchi. Aʼloxon aya hammadan oldin tong saharda turib odatlangan, uncha- muncha piypikroq ayolni kuni boʻyi qiladigan ishlarini u abed mahalligacha taxt tindirib ulguradi. Bu eri -xotin mehnatdan qochmaydigan xilidan, Muxtor aka ham kunni salkinida goʻzalarni sugʻorish uchun allakachon dalaga yoʻl olgan. Onaxon bugun esa har kungidan ham ertaroq harakatni boshlagan. Sigirlarini sogʻib, yogʻ-sutini ajratib, xamir koʻrib urab qoʻydi. Koʻcha– hovlilarni supurib, mehmonlar uchun yoziladigan dasturxonga qoʻyilishi kerak boʻlgan mayda chuydalarni tayyorlaguncha xamiri koʻpchidi. Darrov surpaga oʻtirdi-da sevimli mashguloti patir nonga urinib boshladi. Aʼloxon aya shunakangi mehr bilan, hafsala bilan yopardiki, nonni tandirning faqat tepa qismiga yopishtirishga odatlangan. Avval tepa qismiga sigʻganicha nonlarni yopishtirib, pishirib olgach, erinmay yana olov yoqib qolgan nonlarini yopishtirardi. Chunki uningcha tandirning jag qismiga yopilgan nonga chugning tafti kamroq tegib non toʻliq kip-qizil holatda chiroyli pishmasmush. Ha bunday matonat kamdan kam ayolga berilgan. Aʼloxonaya qizini uygʻotishga koʻzi hech kiymasdi. «Bolam hozircha ota eshigidaku toʻyib-toʻyib uxlab, tani joni yayrab olsin, vaqti kelib turmushga chiksa saharlab turishga, yugurib-yelib xizmat qilishga ulguradi hali» deb fikrlardi oʻzicha. Aslida esa mana endi haqiqiy tong otgandi. Zebo oʻrnidan turiboq onasini oʻrnini boʻshligini koʻrib soatga qaradi, 06: 05. Turiboq koʻrpalarni yigʻib, tashqariga chiqdi. Issiq nonning shirin isi

Yoqimli taralardi. Qoʻliga obdastani oldida yuz-qoʻlini yuvar ekan onasiga achchiq qildi-

— Oyi bu qanaqasi, nega buncha erta turmasangiz, axir menchi, men oʻzi yordamchingizmanmi yoʻqmi, oʻzim supurardim hovlilarni, menga hech qanday ish qolidirmabsizku, bunaqa taltaytirib yuborsangiz erka qiz boʻlib qolamanku.

— Voy qizimey, hali erta ham turasan, supurasan ham, oʻshanda aytarsan «ox meni onajonima, yaxshiyam uygʻotmagan ekan toʻyib uxlab olgan ekanman oʻsha davrlarda» deb. Qani darrov dasturxonni tayyorla, issiq nonlar tayyor, piyozlisini sindirginchi birga nonushta qilamiz. Keyin otangga ham nonushta tugib beraman dalaga tong sahar ketgan qorni ham ochgandir. Ona bola nonushta qilgach, Aʼloxonaya bir belbogni katta qilib yoyib bir patir ustiga yana bir piyozli non, kosachada qaymoq, novvot qilib tugatdi-da, termosga damlangan choyni qiziga uzatdi.

— Mana tez olib borginda tez qaytgin xoʻpmi qizim, hali mehmonlar kelishiga tayyorgarlik koʻrishimiz kerak.

— Nima, yana qanaqa mehmon, biror kun mehmonsiz oʻtirasizmi oyijon.

— bugun har kungidan jiddiy mehmon bolam, Kumush xolang Numonjon pochchang bilang birga kelishadi. Otangni ham xabari bor. Ikki oila oʻzaro bir qarorga kelishib olarmiz.

— Voy buni qarang qaror deganingiz meni hayotim haqida emasmi mabodo, oyijon bilib qoʻying yaxshilab eshiting, men u toychoqingiz Tolibakaga turmushga chiqish niyatim yoʻq. Koʻrinishidan qizlarni yoqimtoyiga oʻxshayapti, men uning kalmogiga ilinadigan galdagi bir yuz birinchi qiz emasman. Shunga qarab javob beringlar. Meni oʻzimga yarasha rejalarim bor. Vaholanki rejalarimni ichida turmush koʻrish masalasi eng soʻnggi oʻrinda turibdi.– Zebo jahl bilan ichidagi gaplarini gapirdi-da tugunni koʻtarib koʻchaga shiddat bilan chiqib ketdi. Aʼloxonaya boʻlsa ogʻizi hang-mang ochilgancha qolib ketdi. Ertalabki hafsaladan asar ham qolmadi. Oʻzicha agar murosasi kelishib qolsa toʻyga rozilik berish niyati ham yoʻq emasdi. Bir tomondan yolgʻiz qizini turmushga berib, huvillab qolishdan chuchisa, bir tomondan tezroq nabiralarni bagʻriga bosish havasi tinchlik bermasdi. Axir Aʼloxon tengkurlar allakachon nevarali boʻlishib, nevaralari hatto boʻyiga yetib qolishgandi-da. Ichkari mehmonxonaga katta xontaxta ustiga chiroyli qilib dasturxon tuzalgan, chekkalariga bir baxmal toʻshaklaru, suyanib oʻtirishlari uchun baxmal yostiqlar qoʻyilgan. Toʻgʻri Kumushxonaya uyida bunaqangi muhim mehmonlarni stol stullarda bir xil dasturxon-sochiqlaridan, billur idishlardan foydalanib kuzadi. Lekin bizni sodda Aʼloxonga oʻzi tuzagan bugungi dasturxon oʻzgacha koʻrinardi. Uzoq salom-alikdan soʻng Kumushxon Aʼloxonga yuzlandi;

— Aʼloxon pochcham qachon keladilar, gapning indallosini aytishga yurak hapqirib ketyaptiyu, bizni domla juda band odam, arang bugun idorasidan olib qoldim, sezgan boʻlsangiz shoshib turganlaridan hozir ham oʻtirgan joyida eshikka qarab-qarab qoʻyyaptilar.– haddeb eshik tomonga muralayotgan eriga qarib kesatib qoʻydi.

— Men Muxtorjon hayallaganiga xavotir olib qarayapmanda onasi– dedi xijolat tortib Numonaka. Muxtor aka esa sal oldin uyiga kelgan, hovlisidan oʻtayotgan muzdan suvda qoʻllarini yuvar ekan. Dalada qizi bilan koʻrgan suhbatidan soʻng, qizining hali beri erga tegish niyati yoʻqligini, qolaversa Zeboni bersa ham qarindoshgamas begonaga bermoqchilini qanday aytishga xijolat boʻlib uy ichiga kirolmay ariq boʻyida oʻtirib qolgan edi. Lekin nailoj otasiz ish bitmaydi, javobni kutirmay aytish kerakku, qiz uniki kimga bersa oʻzi biladi. Ota rozi, xudo rozi degan gaplar bor.

— E, Assalomu alaykum bormisiz Muxtorjon, bormisiz bu quyosh boriki nurlarini sizga qaratib sochyaptimi deyman, yuzingizni rosa qoʻydiribdiku a- Numon aka Muxtorakani koʻrib kuvonib ketdi. Uning salkin joyda, oftob koʻrmagan yuzlari oppoq edi-da, ruchkadan boshqa narsani ushlamagan qiz bolaning kuliday mayin qoʻllari bilan Muxtor akaning ketmon zarbidan dagallashib ketgan asl erkaklarga xos qoʻlini qisib koʻrishdi.

— Assalomu alaykum pochcha bormisiz, sizsiz ish bitmasligini bilib ham rosa kuttirdingizku, qizi borni nozi bor deb bejizga aytishmaganda.- dedi Kumushxon usmali qoshlarini uchirib.- sizga qarab oʻtiribmiz pochcha Aʼloxon bilan maslahat qilgan boʻlsalaringiz, qarindoshlik rishtalarimizni mustaxkamlab quda boʻlib qoʻy qolaylik degandik. Meni oʻgʻlimni tanisangiz kerak, qizingizni birovdan kam qilmay baxtli qiladi xudo xohlasa, ha yana oʻqishga kiradi degan bahonani gapirmay qoʻy qoling, bu masala ham hal boʻldi deb hisoblayvering, oʻqishini biznikida oʻqiyveradi, Tolibjon ham hali student birga-birga oʻqib kelishaveradi nasib qilsa.- Kumushxonning hamma vujudi quloqqa aylanib Muxtorakaga yuzlandi.

— xoʻsh gapni nimadan boshlashni bilmayroq turibman, — xuddi aybdor odamday sovchilarning yuziga qarolmay ikki koʻzini dasturxonning chetiga qadagancha gap boshladi Muxtoraka -avvalo bizni kamtar xonadonimizga qizimizni havas qilib soʻrab kelganingiz uchun sizlarga katta rahmat, endi hozir zamon boshqacha bilsangiz yoshlarni koʻngliga qarab ish tutiladigan boʻlgan. Yolgʻiz qizimni rayiga qaramay javob berolmaymiz. Hozircha qizimiz rad javobini berganday qildi. Siz notoʻgʻri tushunmang……, hali yoshda odam bilan odamni farkini bilmaydi, buni ustiga qishloqchilik shu ikki mahalladan nariga oʻtmay katta boʻlgan. Shoshilib nima ham qilardik ozgina fursat bersak, bir ikki yilda ulgʻayib oq-qorani ajratib qolarmidi deymanda. Bu javob Kumushxonga umuman yoqmadi, yuzlari allanechuk boʻlib ketdi. Shunday oʻgʻliga bir qiz yoʻqsayu, birinchi marta sovchi boʻlib rad javobini olsaya, Kumushxondek ayol bilan kimlar qudalashishni orzu

Qilmagan deysiz. Hali shuncha kazo-kazolar kuyov qilaman deb turgan yigitni, bir cheka qishloqning oddiy qizi rad qilib tursaya. Boʻldi shashtidan qaytdi. Shu tobda arazmi, alammi bir nima tanasiga kirdi-yu.

— ha mayli nima ham derdik zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq. Turing dadasi shoshayotgan edingiz, idorangizda odamlar kutib qolmasin, qani duo qiling Muxtoraka qaytaylik boʻlmasa- Yelpugichini toʻshakka qoʻyib, bilakuzuklarini koʻz-koʻz qilgandek qoʻllarini balanroq koʻtarib duoga ochdi. Numonjonaka xotining feʼli kelib qolganini sezdi-da, vaziyatni yumshatish uchun qoʻshib qoʻydi:

— Fursat boʻlsa fursatda Muxtorjon, rostdan ham shoshib nima qildik, ozroq muddat oʻtsin, bir-birlarini yaqindan tanishgach balki fikri oʻzgarib qolar.

— Iye, duo demang opa oʻtgan safar ham palovni tashlab ketgandingiz, bu safar unday qilmang.– xafa qilib qoʻyganini sezgan Aʼloxon yalinishga tushdi.-bersak Tolibjonday yigitga beramizda, faqat qizimiz hali yoshroq deyaptilar xolos pochchangiz. Yoʻq har qancha ovvora boʻlsa ham sovchilar oshga oʻtirishmadi, duo qiling turamiz deb turib olishdi. Mehmonlarni kuzatgach er-xotin uzoq jimib qolishdi. Bir necha daqiqa sukutdan soʻng Aʼloxon sekin gap boshladi:

— Otasi xato qilmadikmikan, yaxshi oila edi, yana qizimizni oʻzlari oʻqitmoqchi ekan, bizni kulimizdan oʻqitish kelarmidi.

— Oʻzi koʻnglim chopmay turgandi, ustiga ustak Zebo ham kunmadi. Ota men u yigitga tegmayman deb oʻz ogʻizi bilan aytdi, shuning uchun shunday javob berdim onasi, xijolat boʻlma hammasi yaxshi boʻladi. Kumushxonaya uyga kelgach, eriga dungilladi:

— Boya shafyorni yonida indamadimku, lekin qarindoshlariz haddini bilishmadi. Aʼloxondan ham xafa boʻldim. Men bosh egib qizini soʻrab kelsamu, ular noz qilib rayimni qaytarishsaya. Numonaka xotinini nima deb ovutishni bilmay bir oz jim qoldi-da. Keyin Kumushxonning oldiga oʻtirdi:

— Endi, oʻzingiz aytganingizdek qizi borni nozi bor onasi, birinchi borishimiz bilan mana deb kulimizga tutkazib qoʻymaydi-ku, axir bir oz kutaylikchi, ha qarab turasiz yana bir kelarkansizlar deb oʻzlari odam yuboradi hali.

— Kim bilsin, shundaymikan a, dadasi, oʻgʻlimizga nima deymiz, bolam shoʻrlik juda xursand boʻlib turgandi-da.

— Nima derdik bor gapni aytamiz, qizni koʻngliga qarab ish qilisharkan. Hamma gap qizda qoldi, desak, bir hunarlarini ishga soladi-da. Axir qizlarni avrashga ustasi farangku, a labbay- hazil qilib xotinining kayfiyatini koʻtarmoqchi boʻldi. Tolibjon ota-onasi bilan gaplashib boʻlgach, bir nima demay xonasiga kirib, stolga oʻtirgancha bir nuqtaga uzoq tikilib oʻtirib qoldi. Nahotki shuncha paytdan beri ochilmayotgan koʻngli ochilib, sevib qolsayu, sevganiga yetisholmasa. Yoʻq nimadir qilish kerak, lekin nima axir. Birdan kallasiga ajoyib fikr keldi. U qizlardan koʻp sevgi maktublarini olardi-yu, lekin oʻzi umrida na xat, na xatga javob yozgan emasdi. Ammo shu tobda Zeboga atab xat tugul, sheʼr ham yozib yuborguday ilhom kelgandi. Eshikni ichidan kulfladi, kitoblar taxlangan javondan eng katta kitobni tanlab oldida varoqni shu kitob ustiga qoʻyib, xuddi shoirlardek peshonasini chap qoʻli bilan ushlagan holda xat yoza boshladi. Ha xat yozish ham oʻzi emas ekan, maktab davrida oʻgʻil bola boʻlishiga qaramay har qanday mavzudagi insholarni juda maʼnoli yozardiku, lekin hozir kallasiga biror joʻyali jumla kelmayotgandi, bir ikkita gap yozardi-yu, oʻqib koʻrib, yoqtirmasdan varoqni gijimlab otardi, yana boshqa varoq yirtib yana qayta boshlardi. Shunday holat bir necha bor takrorlandi. Va nihoyat yurak soʻzlari bitilgan maktub ham tayyor boʻldi. Endi bu xatni qanday qilib egasiga yetkazish muammosi bor edi, agar Tolibjon toʻgʻridan-toʻgʻri borib maktubni oʻz qoʻli bilan bersa, aniqki qiz aslo qoʻliga olmaydi, birov orqali berib yuborsa, xatni yetkaza oladimi yoʻqmi, balki Zebo xatni oliboq oʻqimay yirtib tashlasachi. Oʻylay oʻylay oxiri bir fikrga tuxtaldi-da, xatni avaylab kitob orasiga joyladi. Tolibjon Zeboni kuzatib qoʻygan kuni yongʻoq oʻynayotgan bolalar orasida bir shumtakarogi Halimjonakasini uyidan chaqirib, bor gapni guppirtirib chakimchilab boʻlgan edi. Emishki, bir olifta, basavlat yigit Zebopasini to uyigacha taʼkib qilib kelganmush. Zebopasi tez-tez yurib koʻchib ketsa ham u begona yigit yugurib yetib olganmush. Bu gaplarni eshitib Halimjonni figoni falakka chiqdi. Ustiga ustak bir necha xotinlar ham onasiga yetkazishgandan keyin, kechga borib oyisi ham Halimjondan bu haqida xabari bormi yoʻqligini soʻradi. Ovqatini chala-picha yedi-da, duo qilib dasturxondan turib ketdi. Xonasiga kirib, u hamjavondan toʻgʻri kelgan bir kitobni oldi, shu kitob bahonasida Zeboni chaqirmoqchi boʻlib, Muxtorakalarning eshigi oldiga keldi. Uzoqdan Muxtor aka koʻrindi.

SHAXNOZA

Улашинг: