Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

2024 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar miqdori 15 foizga oshirildi

2024 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar miqdori 15 foizga oshirildi

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi.

Farmonga ko‘ra, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab: — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 428 000 so‘m; — yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 834 000 so‘m; — nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 920 000 so‘m;

— ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 920 000 so‘m;

— belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (834 000 so‘mdan) 920 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 920 000 so‘m.

— ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 745 000 so‘m.

— boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 745 000 so‘m etib belgilandi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

Shuningdek, 1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar kontslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 4 056 000 so‘m etib belgilandi.

Pensiyalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.  

Ko‘p beriladigan savol: Men hozirda yoshga doir pensiya olaman. Yana ishlashni davom ettirib, pensiyamni qayta hisoblatsam bo‘ladimi? Javob: “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddasiga ko‘ra, yoshga doir pensiya tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt pensiyani hisoblab chiqarish uchun stajga qo‘shib hisoblanmaydi.

Pensiya ta’minotiga oid ma’lumotlar va yangiliklar Pensiya jamg‘armasining Telegrammdagi rasmiy kanali orqali e’lon qilib boriladi.           

   X. Abdujabborov          

  Ulugʻnor tuman Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi              

Улашинг: