Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

“Xalqchil sud”: ochiq va jamiyat ishongan sud tizimi sari

“Xalqchil sud”:

ochiq va jamiyat ishongan sud tizimi sari

Sud-huquq islohotlarining yangi bosqichida “Xalqchil sud” yo‘nalishi belgilab olindi. Uning maqsadi sudlar faoliyatining shaffofligini, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali sud tizimining ochiqligini ta’minlash, jamiyatda sudga bo‘lgan mutlaq ishonchni qaror toptirish va sudlarni byurokratiyadan butunlay xoli tizimga aylantirishdir. Yo‘nalish olti bandni o‘z ichiga oladi, ularning har biri aniq chora-tadbirlar, muddatlar va mas’ul idoralarga ega.

Jamoatchilik bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish.

Bu band bo‘yicha beshta chora-tadbir belgilangan: Matbuot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish (2026-yil noyabr) Bunda matbuot xizmatlarining OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi oshiriladi, axborotni yoritishning zamonaviy kreativ shakllari joriy etiladi. Odil sudlovga oid muhim voqealarga tezkor munosabat bildiriladi va aholi orasida targ‘ibot ishlari kuchaytiriladi. OAV va blogerlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, “inqirozli kommunikatsiya” tizimi joriy etiladi. Mediamarkaz va sud reportyorlari (2026-yil dekabr). Oliy sud huzurida mediamarkaz tashkil etiladi. U sud faoliyatini yoritish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, sud himoyasi imkoniyatlari va islohotlar mazmunini interaktiv hamda ommabop tarzda yetkazish uchun xizmat qiladi. Mediamakonda sud faoliyatini professional yoritishga ixtisoslashgan sud reportyorlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Kreativ medialoyihalar (2026-yil sentabr): “Sudya tushuntiradi” medialoyihasi, “Rost yoki yolg‘on” rukni, “Sudyaning bir ish kuni” ijtimoiy tarmoq loyihasi va “Adolat” podkasti. Rukn jamoatchilik orasidagi noto‘g‘ri qarash va stereotiplarni bartaraf etishga qaratilgan.

Butun aholini qamrab oluvchi mediakampaniya (mediareja asosida; 2026-yil sentabrdan, keyinchalik har yili yanvar oyida). Kampaniya odil sudlovga erishish imkoniyatlari va sudlardagi interaktiv xizmatlardan foydalanish afzalliklariga bag‘ishlanadi. Mas’ullar: Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, O‘zMTRK, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi va “O‘zbekiston mahallalari” uyushmasi. Xalqaro konferensiya
(2027-yil oktabr). Konferensiya sud islohotlari doirasida erishilgan yutuqlar va yangi dolzarb vazifalarga bag‘ishlanadi.

Jamoatchilikni muhokama va yechim ishlab chiqishga jalb qilish
Bu band bo‘yicha chora-tadbirlar 2026-yil dekabrgacha tashkiliy-huquqiy yo‘l bilan amalga oshiriladi. Mas’ullar: Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud va Sudyalar oliy kengashi. Oliy sud huzurida uchta kengash faoliyati nazarda tutilgan:
Jamoatchilik kengashi: jamoat faollari, nodavlat notijorat tashkilotlar va OAV vakillari, blogerlar, tadbirkorlar hamda olimlardan iborat bo‘lib, odil sudlov muammolarini muhokama qiladi va yechim bo‘yicha takliflar ilgari suradi.
Xalqaro maslahat kengashi: xorijiy sudyalar, sud-huquq sohasidagi nufuzli mutaxassislar va ilmiy doiralar vakillari ishtirokida xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy amaliyotlarni joriy etishga xizmat qiladi. Maslahat kengashi: Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud va Sudyalar oliy kengashi vakillaridan iborat bo‘lib, sud tizimi oldidagi eng muhim vazifalarni tahlil qiladi va istiqboldagi rejalarni ishlab chiqadi.

Sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida shaffoflik
Maqsad har kim bu organlar faoliyatiga oid har qanday axborotni qonunga muvofiq olishini ta’minlashdir. Mas’ullar: Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi. Band ikki chora-tadbirni o‘z ichiga oladi:

Qonuniy asoslarni belgilash (qonun loyihasi, 2027-yil mart). Qonunda ochiq ma’lumotlar ro‘yxati, ulardan foydalanish tartibi va rasmiy veb-saytda joylashtirilishi majburiy bo‘lgan axborot toifalari aniqlanadi. Faoliyat ochiqligini baholash tartibi ham nazarda tutiladi.

Jonli efir: Oliy sud Plenumi va Sudyalar oliy kengashining ilk bor sudyalikka tayinlash bo‘yicha majlislarini jonli efirga uzatish amaliyoti 2027-yil yanvar oyidan boshlab doimiy ravishda yo‘lga qo‘yiladi.

Reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash Odil sudlov va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatiga oid milliy va xalqaro reyting hamda indekslardagi ko‘rsatkichlar xatlovdan o‘tkaziladi. Salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar tizimli tahlil qilinadi va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar taqdim etiladi. Muddat qat’iy sanaga emas, hodisaga bog‘langan: tegishli reyting yoki indeks e’lon qilingan paytdan boshlab ikki oy ichida. Mas’ullar: Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, manfaatdor vazirlik va idoralar.

Sud-huquq tarixini qadrlash va yosh avlodga yetkazish
Band ikki chora-tadbirdan iborat: Xotirani abadiylashtirish dasturlari: sohada chuqur iz qoldirgan shaxslarning nomini abadiylashtirish bo‘yicha dasturlar har yili, 2026-yildan boshlab dekabr oyida tasdiqlanadi va amalga oshiriladi. Jumladan, Xalima Muxitdinova tavalludining 110 yilligi, Xadicha Sulaymonova tavalludining 115 yilligi, Mamlakat Vasikova tavalludining 105 yilligi va Bo‘ritosh Mustafayev tavalludining 80 yilligi nishonlanadi. Mas’ullar: Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar assotsiatsiyalari, Oliy sud, manfaatdor vazirlik va idoralar. Ma’muriy sudlarning 10 yilligi: O‘zbekistonda ma’muriy sudlar tashkil etilganining 10 yilligiga bag‘ishlangan chora-tadbirlar dasturi “Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Buning uchun Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi 2026-yil noyabrda tayyorlanadi. Fuqarolar va tadbirkorlar uchun zamonaviy qulayliklar Sud binolarining kirish qismida “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislari formati joriy etiladi. Ofislarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga axborot bir joyda taqdim etiladi, zarur yordam ko‘rsatiladi va murojaatlarni qabul qilish uchun sharoit yaratiladi. Devonxona xodimlari faoliyati, shu jumladan fuqaro va yuridik shaxslar qabuli ham shu ofislarda tashkil etiladi. Chora-tadbir 2030-yilga qadar amalga oshiriladi.

A.Sheraliyev,

Andijon viloyat ma’muriy

sudining sudyasi

Улашинг: