ADOLAT QAROR TOPGAN JOYDA INSON QADRI YUKSALADI
Odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash, qonun ustuvorligiga erishish hamda jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirish sud tizimining eng muhim vazifalaridan hisoblanadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudi tomonidan ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, sud tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklari, yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2026 yilning 9 oyi davomida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudi tomonidan jami 3 360 ta fuqarolik ishi ko‘rib tamomlandi.
Shundan 2 454 ta ish bo‘yicha talablar qanoatlantirildi, 422 ta ish bo‘yicha talablarni qanoatlantirish rad etildi, 397 ta ish ko‘rmasdan qoldirildi, 85 ta ish bo‘yicha esa ish yuritishni tugatish haqida ajrimlar chiqarildi.
Shuningdek, hisobot davrida sud tomonidan 14 188 ta sud buyrug‘i chiqarildi.
Ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlari tarkibiga nazar tashlanganda, ular orasida aholining kundalik hayoti va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari bilan bog‘liq nizolar salmoqli o‘rin egallayotganini ko‘rish mumkin.
Xususan, nikohdan ajratish haqidagi ishlar 859 ta, ishga tiklash haqidagi ishlar 15 ta, ish haqini undirishga oid ishlar 9 ta, kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar 459 ta, oldi-sotdi va hadya shartnomalari bilan bog‘liq da’volar 32 ta, qarz undirishga oid ishlar 290 ta, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy va qurilmalarni buzish hamda yerlarni qaytarishga oid ishlar 120 ta, alohida tartibda ko‘riladigan ishlar esa 329 tani tashkil etdi.
Oilalarni asrash — ustuvor vazifa
Oila jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini. Shu bois nikohdan ajratish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda nafaqat taraflarning huquq va manfaatlari, balki farzandlarning taqdiri va oila muhitining saqlanishiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
2026 yilning 9 oyi davomida sudda nikohdan ajratish haqidagi 435 ta ish ko‘rib tamomlandi. E’tiborli jihati, ushbu ko‘rsatkich 2025 yilga nisbatan 91 taga kamaygan.
Bu, o‘z navbatida, oilalarni saqlab qolish, er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish va nizolarni murosa yo‘li bilan hal qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatadi.
Sud tomonidan oilaviy nizolarni ko‘rib chiqish jarayonida taraflarni yarashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hisobot davrida sudning bevosita sa’y-harakatlari natijasida 30 ta oila yarashtirildi.
Har bir oilada o‘rtacha bir nafardan farzand bor, deb hisoblanganda, bu 30 nafar farzandning to‘liq oila bag‘rida qolishi uchun sharoit yaratilganini anglatadi.
Zero, oilani saqlab qolish — birgina er-xotinning emas, balki farzandlarning ham kelajagini asrash demakdir.
Sayyor sudlar — adolatni xalqqa yanada yaqinlashtirmoqda
Sud jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolar uchun qulaylik yaratish hamda odil sudlovni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida sayyor sud majlislarini o‘tkazish amaliyoti ham keng qo‘llanilmoqda.
Hisobot davrida 467 ta ish sayyor sud majlislarida ko‘rib, hal etildi.
Sayyor sud majlislarining aholi yashash joylarida, mehnat jamoalari va tashkilotlarda o‘tkazilishi fuqarolarning sud jarayoni haqida bevosita tasavvurga ega bo‘lishi, o‘z huquqlarini bilishi va sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashiga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, bunday majlislar jamoatchilikning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqbuzarlik va nizolarning kelib chiqish sabablarini muhokama qilish, ularning oldini olishga qaratilgan choralarni belgilashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Adolat — sud faoliyatining bosh mezoni
Sud faoliyatining asosiy maqsadi — har qanday nizoni qonun talablari asosida xolis va adolatli hal etish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishdan iborat.
Sudga murojaat qilgan har bir fuqaro, avvalo, uning huquqi qonun asosida himoya qilinishiga ishonch bildirib keladi. Shu bois sudya zimmasidagi mas’uliyat nihoyatda yuksak.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudi tomonidan ham kelgusida odil sudlov sifatini yanada oshirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, oilaviy nizolarning oldini olish, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish hamda huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Zero, qonun ustuvor bo‘lgan joyda adolat qaror topadi, adolat qaror topgan jamiyatda esa inson qadri yuksaladi.
A. Masardinov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan
tumanlararo sudi raisi
Sh.Yuldasheva,
Devonxona mudiri

