Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Nobank tashkilotlar islomiy moliyalashtirish xizmatlarini koʻrsatishi mumkin

“Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–765-son, 20.04.2022-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga koʻra:

  • mikromoliya tashkiloti;
  • lombardlar;
  • ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti nobank kredit tashkilotlari hisoblanadi.

Mikromoliya tashkilotlari tadbirkorlarga kreditlar (300 mln soʻmgacha), lizing, kafolatlar berishi, faktoring xizmatlari va islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar koʻrsatishi mumkin.

Islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar – islomiy moliyalashtirishni amalga oshirish standartlarini belgilovchi xalqaro tashkilotlarning qoidalariga muvofiq Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan moliyaviy xizmatlar.

Lombardlar garov evaziga qisqa muddatli (1 yilgacha) mikroqarzlar (50 mln soʻmgacha) beradi.

Nobank kredit tashkilotlari ishlab chiqarish, sugʻurta, savdo faoliyatini amalga oshirishga va omonatlarni (depozitlarni) jalb etishga haqli emas.

Mikromoliya tashkilotining yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotining faoliyati tegishli reestrlarga kiritish vositasida hisob roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi.

Lombard faoliyati lombard faoliyatini boshlaganlik toʻgʻrisidagi xabarnoma qabul qilinganligi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanganidan keyin amalga oshiriladi.

Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.

Nobank kredit tashkilotining ustav fondi milliy valyutada shakllantiriladi va faqat nobank kredit tashkilotining muassislari tomonidan kiritilgan pul mablag’laridan tashkil topadi.

Ustav fondining eng kam miqdori:

  • ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti uchun – 25 mlrd so’m;
  • mikromoliya tashkiloti uchun – 2 mlrd so’m;
  • lombard uchun – 500 mln so’m.

 Qodirov Baxtiyorjon Ravshanbekovich

Oltinko‘l tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi

Улашинг: