Yuridik ta’lim va ilm-fan yanada isloh qilinadi
“O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–232-son, 26.11.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar yuridik ta’lim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:
-yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;
-Toshkent davlat yuridik universitetining (Universitet) 2030 yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash.
-2026/2027 o‘quv yilidan Universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etiladi.
Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkaziladi.
2027/2028 o‘quv yilidan “Yurisprudensiya” yo‘nalishi mavjud boshqa davlat oliy ta’lim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonga ko‘ra Universitet 3- va 4- kurs talabalarini davlat tashkilotlari, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan:
Universitetda sun’iy intellekt asosida dars sifatini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda elektron ta’lim platformasida:
-talabalarning oraliq bilimi darajasini aniqlash mexanizmi belgilanadi;
yakuniy nazorat ishlarini sun’iy intellekt tomonidan baholash yo‘lga qo‘yilib, inson omili cheklanadi;
Universitetda “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi. Bunda:
-mazkur yo‘nalishga o‘qishga qabul qilish tanlovlari ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test tartibida o‘tkaziladi;
-tanlovda chet tillari bo‘yicha V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etadi;
-o‘quv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi.
Sattarov Bahtiyorjon
Rashidinovich
Paxtaobod tuman adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti

