Нажмите "Enter" для перехода к содержанию
QONUN USTUVORLIGI VA ADOLAT TAMOYILLARINING JAMIYAT BARQARORLIGIDAGI O‘RNI
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi demokratik, huquqiy davlat sifatida shakllanib borayotgan bir paytda, qonun ustuvorligini ta’minlash — eng muhim strategik vazifalardan biridir. Chunki qonun ustuvorligi jamiyatda adolat, barqarorlik va ishonch muhitini yaratadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan “Sud-huquq sohasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonlar sud hokimiyatining mustaqilligini, ochiqligini va fuqarolarga xizmat qiluvchi tizimga aylanishini ta’minladi.
Qonun ustuvorligi deganda, eng avvalo, barcha fuqarolar qonun oldida teng ekani tushuniladi. Bu tamoyil jamiyatda adolatni qaror toptirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning kafolatidir. Ayniqsa, sud tizimi bu tamoyilni amalda ro‘yobga chiqaruvchi asosiy institutdir.
Sud hokimiyati faoliyatida oshkoralik, odillik va insonparvarlik tamoyillari tobora mustahkamlanib bormoqda. Bugungi kunda sudlar faqat jazo beruvchi emas, balki tarbiyaviy, profilaktik va ijtimoiy himoya mexanizmlarini o‘zida mujassam etgan adolat mezoniga aylanmoqda.
Jamiyat barqarorligi bevosita adolatli sud tizimiga bog‘liq. Agar inson o‘zini himoyalangan, haqi himoya ostida deb his qilsa, u jamiyatda tinchlik, ishonch va farovonlikni ta’minlaydi. Shu bois, sud qarorlarining qonuniyligi va asoslanganligi — nafaqat bir shaxs, balki butun xalq ishonchining mezonidir.
Demakki, Qonun ustuvorligi va adolat tamoyillari jamiyatning ma’naviy poydevoridir. Sud hokimiyati esa bu poydevorni mustahkamlovchi ustun hisoblanadi. Sud tizimining kuchi — adolatning so‘zsiz ustuvorligida.
Har bir sud xodimi, ayniqsa yosh avlod vakillari, o‘z faoliyatida faqat qonunga emas, balki vijdon va mas’uliyatga tayanishi lozim. Chunki qonun yurituvchi tizimda ishlovchi har bir insonning birgina halol qarori yuzlab insonlar hayotini yoritadi.
Adolatning kuchi — davlatning kuchidir.
Qonun ustuvorligi esa — millatning sha’ni va g‘ururidir.
Odilova Xonzodabegim Botirjon qizi,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining sudya yordamchisi
Улашинг: