Savol: Tibbiyot xodimlarining uzluksiz ish stajida uzilish bo‘lgan taqdirda uzluksiz ish staji qanday holatlarda qancha vaqtgacha saqlanib qoladi?
Javob: “O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra quyidagi holatlarda tibbiyot xodimlarining uzluksiz ish staji saqlanib qoladi.
- muassasalardan (bo‘linmalardan) ularni tugatish (qayta tashkil etish) yoki lavozimni qisqartirish, yoxud doimiy yashash joyini o‘zgartirish bilan bog‘liq holda ishdan bo‘shatilgan kundan boshlab 3 oydan kechikmay;
- muassasalardan (bo‘linmalardan) o‘z xohishiga ko‘ra (uzrli sababga ko‘ra), shu jumladan eri yoki xotini boshqa joyga o‘tkazilganda (o‘tkazish vaqti bir oy muddatga kiritilmaydi) ishdan bo‘shatilgan kundan boshlab bir oydan kechikmay. O‘z xohishiga ko‘ra bo‘shatilishida uzrli sabab deb e’tirof etish amaldagi qonunchilik tomonidan belgilanadi;
- agar bevosita oldin ishlagan sog‘liqni saqlash muassasalarida (bo‘linmalarida) bir oydan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ta’lim olgan bo‘lsa, oliy, o‘rta maxsus tibbiyot o‘quv yurtlari, klinik ordinatura yoki aspiranturani tugatgandan keyin bir oydan kechikmay;
- agar xizmat bevosita oldin muassasalarda (bo‘linmalarda) o‘tgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan bo‘shatilgan vaqtdan boshlab ko‘chib o‘tishga ketgan vaqtni hisobga olmagan holda 3 oydan kechikmay;
- harbiy xizmatchi erini (xotinini) boshqa joyga o‘tkazishda ishdan bo‘shatilgan yoki O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan bo‘shatilishi munosabati bilan erining (xotinining) ko‘chib o‘tishi bilan bog‘liq holda ishdan bo‘shatilgan kundan boshlab 3 oydan kechikmay;
- muassasalardan (bo‘linmalardan) bo‘shatilishiga sabab bo‘lgan vaqtinchalik nogironligi yoki kasalligi tugagandan keyin, shuningdek ushbu asoslarga ko‘ra boshqa ishga o‘tkazilgan hollarda bir oy mobaynida;
- agar bevosita oldin ishlagan muassasalardan (bo‘linmalardan) pensiyaga chiqqan bo‘lsa, yoshga doir pensiyaga, nogironlik pensiyasiga yoki uzoq yil xizmat qilganlik uchun pensiyaga chiqqanda;
- agar xorijda bevosita oldin muassasalarda (bo‘linmalarda) ishlagan bo‘lsa, chet ellardagi muassasalarda, boshqa davlatlarga texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassis sifatida xalqaro tashkilotlardagi ishdan O‘zbekiston Respublikasiga qaytgandan keyin 2 oydan kechikmay ishga kirganda uzluksiz ish staji saqlab qolinadi. Chet eldan yashash joyiga kelish hamda chet elda ishlagan vaqtida foydalanilmagan ta’tilda bo‘lish vaqti mazkur ikki oylik muddatga kiritilmaydi.
A.Abdullaev,
Paxtaobod tuman Adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshyuristkonsulti:

