Нажмите "Enter" для пропуска содержимого

Davlat xizmatlaridan foydalanishda bir qator hujjatlarni talab etish amaliyoti bekor qilindi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 113-sonli Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmonga muvofiq 2022-yil 1-iyuldan boshlab kommunal tashkilotlar tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlaridan qator ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi  PF-6191-son farmonining 4-bandiga ko‘ra quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni:

  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • sudlanganlik;
  • manzil-ma’lumot axboroti;
  • fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
  • turar joyning maydoni;
  • soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
  • soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
  • pensiya va nafaqa miqdori;
  • pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
  • nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi.

 

Quyidagi hujjatlarni:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
  • shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari;
  • mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
  • ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo’lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
  • kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilinadi.

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidentning 2021-yil 24-iyuldagi                            PF-6269-son farmonining 5-bandida nazarda tutilgan quyidagi faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlarni:

  • tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlarini;
  • litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligini;
  • davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligini;
  • qimmatli qog‘ozlarga egaligini, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar amalga oshirilganligini, dividendlar olinganligini;
  • kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligini;
  • jismoniy shaxslar tomonidan alimentlar to‘langanligini va olinganligini;
  • oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlarini;
  • jismoniy shaxs tomonidan o‘rta maxsus, professional (kasb-hunar) ta’lim muassasasi tugatilganligini;
  • jismoniy shaxs tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi (11-sinf negizida) tugatilganligini;
  • fuqaro «yoshlar daftari» yoki «ayollar daftari»da mavjudligini;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlarni;
  • oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abiturientlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlarni.

Quyidagi hujjatlarni:

  • moliyaviy hisobotlar nusxalarini;
  • jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni;
  • ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilinadi

                 S.Saloxiddinov,

               Ulug’nor tuman adliya

                          bo’limi boshlig’i.                                                             

 

Улашинг: