Нажмите "Enter" для пропуска содержимого

REFERENDUM O‘TKAZUVCHI KOMISSIYALAR A’ZOLARIGA AYRIM XARAJATLAR UCHUN KOMPENSATSIYA TO‘LANADI

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–779-son, 16.06.2022-y.) bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritildi.

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, referendumga tayyorgarlik korish va uni o’tkazishga doir barcha tadbirlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egaligi belgilandi.

Manfaatdor tashkilotlar, fuqarolar tashabbuskor guruhlari o’z kuzatuvchilari to‘g‘risida okrug komissiyalariga referendum o‘tkazilishiga kechi bilan 10 kun qolganida ma’lum qiladi. (ilgari 15 kun edi).

Shuningdek, kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum o’tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida 3 kun oldin xabardor qilishi kerak.

Siyosiy partiyalarning a’zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, fuqarolarning tashabbuskor guruhi tarkibiga kiruvchi shaxslar referendum o’tkazuvchi okrug va uchastka komissiyasining a’zosi bo’lishi mumkin emas.

Referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning a’zolariga referendumga tayyorgarlik ko’rish hamda uni o’tkazishga doir xarajatlar smetasida ko’rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning o’rnini qoplash maqsadida kompensatsiya to’lanadi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining xatti-harakati va qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkinligi belgilandi.

Qonun bilan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to’g’risida”gi Qonunga kiritilgan o’zgartirishga ko’ra, saylov okrugining hududi boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga o’tkazilganda yoki uning hududida yangi ma’muriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda ushbu saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatlari saqlab qolinadi.

Shuningdek, Saylov kodeksiga “Yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi” hamda “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi Qonunga “Ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari hal etilayotganda saylov okruglarining chegaralarini o’zgartirish” moddalari kiritildi.

Muhammadqodir ABDURASULOV,

Andijon viloyat yuridik tehnikumi o‘qituvchisi 2-darajali adliya maslahatchisi.

Улашинг: