Нажмите "Enter" для перехода к содержанию

Ruxsatnoma olish endi yanada qulay va shaffof

Ruxsatnoma olish endi yanada qulay va shaffof

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berishning yagona tartibi joriy etildi. Ushbu hujjatning asosiy maqsadi fuqarolar va tadbirkorlar uchun ruxsatnoma olish jarayonini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirishdan iborat.

Yangi tartibga ko‘ra, ruxsatnoma olish uchun arizalar maxsus elektron tizim – “Litsenziya” axborot tizimi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. Endilikda ariza topshirish uchun davlat idoralariga borish yoki uzoq navbat kutish talab etilmaydi.

Qarorga muvofiq, arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, ruxsatnomani rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish, vaqtincha to‘xtatib turish yoki bekor qilish kabi barcha jarayonlar yagona tartib asosida amalga oshiriladi.

Yangi tizimning muhim afzalliklaridan biri shundaki, arizalar dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, sutkaning 24 soati davomida elektron shaklda qabul qilinadi. Bu esa fuqarolar va tadbirkorlar uchun vaqt va mablag‘ tejalishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, ariza dastlabki ko‘rib chiqishda ayrim hujjatlar yetishmasa, uni darhol rad etish amaliyoti bekor qilindi. Talabgorga kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Bu esa murojaat qiluvchilarning huquqlarini yanada himoya qilishga xizmat qiladi.

Qaror bilan ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlar talabgorning shaxsiy kabinetiga elektron tarzda yuborilishi belgilandi. Natijada barcha jarayonlar ochiq va shaffof tarzda amalga oshiriladi.

Fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish maqsadida vakolatli organlar huzurida Apellyatsiya kengashlari tashkil etildi. Agar talabgor vakolatli organ qaroridan norozi bo‘lsa, u avvalo ushbu kengashga murojaat qilishi yoki bevosita sudga murojaat etishi mumkin.

Mazkur qaror davlat xizmatlarini raqamlashtirish, aholiga qulaylik yaratish va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Natijada ruxsatnoma olish jarayonlari tezlashib, shaffoflik va samaradorlik oshirilmoqda.

J.Parpiyev ,

Izboskan tumani adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi Davlat ro‘yhatdan o‘tkazish va ruxsat beruvchi xujjatlarni rasmiylashtirish xizmatlari ko‘rsatish sho‘ba mudiri

Улашинг: